Etiologik xususiyati — yuqumli kasallik qo‘zg‘atish xususiyatiga
ega bo‘lgan patogen (kasallik qo‘zg‘atuvchi) mikroblar ya’ni bakteriyalar, viruslar, rikketsiyalar, spiroxetalar vujudga kelishi- ning bevosita sababi hisoblanadi. Infeksion jarayonni chaqirish xususiyatiga ega bo‘lgan mikroorganizmlarning asosiy xususiyatlariga patogenlik, virulentlik, invazivlik va toksigenlik kiradi.
Patogenlik — bu mazkur mikrobning kasallik qo‘zg‘ata olish xususiyatidir. Bu belgiga ko‘ra mikroorganizmlar patogen, shartli patogen va nopatogen (saprofit) mikroorganizmlarga bo‘linadi. Patogenlik faqat ma’lum sharoitda unga moyil organizmda namoyon bo‘ladi. Masalan, tovuqlardagi vabo kasalligining qo‘zg‘atuvchilari odam organizmiga patogen ta’sir o‘tkaza olmaydi, gonokokklar va qizamiq virusi esa hayvonlarda kasallik qo‘zg‘ata olmaydi.
Virulentlik — patogenlik darajasidir. Virulentlik faqat tirik hujay- ralarga xos bo‘lib, tajribada shartli qabul qilingan birliklar — Dlm (Dosis letelis minima— o‘limga sababchi bo‘luvchi minimal doza) bilan o‘lchanadi. Bu ma’lum vaqt ichida ma’lum bir usulda tajriba hayvoniga yuborilganda uni o‘limga olib keladigan eng kam miq- dordagi mikroblarga teng bo‘lgan miqdordir. Bunda o‘lgan hayvonlar soni 95% dan kam bo‘lmasligi kerak. Mikrobning virulentligi o‘zgarib turishi mumkin (infeksion jarayon mobaynida yoki anti- bakterial terapiyada).
Invazivlik — bu mikroorganizmning to‘qima hamda a’zolarga kira olish va ularda tarqalish xususiyatidir. Bu xususiyat ularning gialuronidaza va neyraminidaza kabi fermentlar ishlab chiqarish qobiliyati bilan bog‘liq bo‘lib, bu fermentlar qo‘shuvchi va boshqa to‘qimalar o‘tkazuvchanligini buzadi va mikrobning organizmda tarqalishi uchun sharoit yaratadi.
Toksigenlik - mikrobning toksinlar ishlab chiqarish va ajratish xususiyati. Bakteriya hujayrasi ishlab chiqargan toksik moddalar ikki guruhga - ekzotoksinlar va endotoksinlarga bo‘linadi. Ekzotoksinlar (oqsil tabiatli moddalar) asosan grammusbat mikroblar, masalan, stafilokokklar, streptokokklar, qoqshol, botulizm, difteriya, gazli gangrena va boshqa mikroblar tomonidan ishlab chiqiladi va tashqi muhitga (to‘liq yoki qisman) ajratiladi. Ekzotoksinlar asosan termolabil (yuqori haroratga chidamsiz) hisoblanadi. Ekzotoksinlar uchun spetsifiklik xos, ya’ni ular makroorganizmga ta’sir qilganda bu toksinga xos belgilar namoyon bo‘ladi. Masalan, qoqshol qo‘zg‘atuvchisi ekzotoksinlari mushaklarning spastik qisqarishiga olib kelsa, difteriya qo‘zg‘atuvchisi toksini nekrotik va paralitik ta’sirga ega. Bundan tashqari ekzotoksinlar zaharlilik (kam miqdorda kuchli ta’sir etish) va antigenlik (organizmning ularga nisbatan javob reaksiyasi tariqasida antitelolar hosil qilishi) xususiyatlarini namoyon qiladi. Endotoksinlar mikrob hujayrasi bilan mustahkam birikkan bo‘lib, ular ko‘pincha mikrob hujayrasining parchalanishi (yorilishi) natijasidagina ajralishi mumkin. Endotoksinlar asosan grammanfiy mikroblar (tif-paratif, brusellyoz, tularemiya, esherixioz va boshqa kasalliklar qo‘zg‘atuvchilari)da uchraydi. Ular ekzotoksinlardan farqli o‘laroq yuqori haroratga ancha chidamli, kam zaharli va kam spetsifik xususiyatga ega. Ayrim bakteriyalar ham ekzotoksinga, ham endotoksinga ega bo‘ladi. Bunday mikroblarga ichak tayoqchasi, vabo va boshqa kasallik qo‘zg‘atuvchilari kiradi.