Vabo (cholera) Vabo — vibrionlar qo‘zg‘atadigan o‘tkir yuqumli kasallik bo‘lib, ingichka ichakning toksik shikastlanishi va suv-elektrolit alma- shinuvining buzilishi bilan kechadi. Etiologiyasi. Kasallik klassik vibrion — Vibrio cholerae va El-Tor vibrionlarning birorta biotipi bo‘lgan vibrion orqali chaqiriladi. O‘zining tuzilishi bo‘yicha vibrionlar bir xil, lekin bakteriofaglar yordamida lizisga uchrash xususiyatlari bilan farq qiladi. El-Tor vibrionlari qo‘zg‘atadigan vabo klassik qo‘zg‘atuvchi (Vibrio chole- rae) chaqiradigan vaboday kechadi, ammo uning xususiyati shundaki, bunda nisbatan katta miqdorda bakteriya tashuvchanlik kuzatiladi. Vabo qo‘zg‘atuvchilari kalta bukilgan tayoqchalar bo‘lib, ver- gulni eslatadi. Kattaligi 1,5—3 mkm. Hujayraning bir uchida uzun xivchini bo‘lib, shu xivchin hisobiga ular juda harakatchan bo‘ladi, spora va kapsula hosil qilmaydi. Grammanfiy, aerob, 10 dan 40°C gacha bo‘lgan haroratda (optimum 37°C) o‘sadi. Ishqorli oziq muhitlarda yaxshi o‘sadi, masalan 1% li ishqoriy peptonli suvda 6 soatdan keyin vibrionlarning ko‘p miqdorda o‘sishi kuzatiladi. Bu vaqtda boshqa ichak guruhi mikroblarining o‘sishi deyarli kuza- tilmaydi. Vabo vibrionlari endotoksin (mikrob hujayrasi yorilganda ajralib chiqadi) dan tashqari ekzotoksin ajratib chiqaradi. Antigen xossalariga ko‘ra uch tur Vibrio cholerae farq qilinadi (Ogava, Inaba va Gikoshima). Vabo qo‘zg‘atuvchilari tashqi muhitga chidamli. Suvda bir necha kundan bir necha haftagacha, najasda 4—5 oydan ortiq, sabza- votlarda bir haftagacha yashaydi. Ular quyosh nuri va quritish ta’sirida tez nobud bo‘ladi. Vibrionlar kislotalarga juda sezgir, har xil dezinfeksiyalovchi eritmalar (xlorli ohak, lizol, sulema) ta’sirida tez o‘ladi. Antibiotiklardan tetrasiklin guruhi antibiotiklari va levomitsetinga sezgir. Past haroratga chidamli. O‘tkir oshqozon-ichak kasalliklari bilan kasallangan bemorlarda hamda ochiq suv havzalaridan ayrim vaqtda NAG-vibrionlar deb ataluvchi vibrionlar topiladi, ular vaboga chalingan bemorlar paydo bo‘lishiga turtki bo‘lishi mumkin. Shuning uchun bu qo‘zg‘a- tuvchilar aniqlanganda xuddi vabo kasalligidagi kabi epidemiyaga qarshi tadbirlar o‘tkaziladi. Epidemiologiyasi. Vabo — ichak antroponozi, pandemik tarqa- lishga moyil. Infeksiya manbai vabo bilan og‘rigan bemor va vibrion tashuvchilardir. Ayniqsa yengil va kam bilinadigan shakllari bilan og‘riganlar hamda vibrion tashuvchilar katta xavf tug‘diradi. Chunki ular hamma vaqt ham aniqlanmaydi. Vibrionlar najas bilan ajralib chiqib, organizmga og‘iz orqali tushadi. Bemor najas va qusuq bilan katta miqdorda vabo vibrionlari ajratadi, ayniqsa vabo patogen qo‘zg‘atuvchilari «guruch qaynatmasi» shaklidagi suvday najas bilan shunchalik ko‘p ajraladiki, 1 ml suyuq najasda 109 mikroblar bo‘lishi mumkin. Ayniqsa bu bemorning zararsizlantirilmagan ajratmalari ichish maqsadida foydalaniladigan ochiq suv havzalariga tushganda yoki oziq-ovqat mahsulotlarini zararlaganda juda xavflidir. Kasallik aloqa yo‘li bilan, zararlangan oziq-ovqatlar va suv orqali yuzaga kelishi mumkin. Vaboning keng tarqalishiga sabab bo‘ladigan yuqish yo‘li — bu suv orqali yuqishdir. Chunki bunda kasallik suvni iste’mol qilish orqali va xo‘jalik maqsadlarida ishlatishda ham, masalan, meva va sabzavotlarni yuvganda, cho‘milganda ham yuqadi.