Tipik (sariq) shaklida yashirin davrdan keyin sariqlikdan oldingi, sariq davri va rekonvalessensiya (sog‘ayish) farq qiladi. Sariqlikdan oldingi davr dispepsik, astenovegetativ, artralgik, grippga oid va aralash ko‘rinish bilan kechadi. Ko‘pincha kasallik umumiy holsizlik, ishtahaning yo‘qolishi, ko‘ngil aynishi va qayt qilish bilan boshlanadi. Bemorni epigastral sohada va o‘ng qovurg‘a ostida og‘irlik va zirqirab turadigan og‘riq bezovta qiladi. Ich qotadi, lekin ayrim hollarda ich ketadi (dispepsik sindrom). Ba’zan kasallik bo‘g‘imlarda (yelka, tizza), bel sohasida va mushaklarda og‘riq bilan boshlanadi. Bo‘g‘imlar sohasida shakl o‘zgarishi (deformatsiya) va qizarish (giperemiya) kuzatilmaydi (artralgik sindrom). Asteno- vegetativ sindrom umumiy darmonsizlik, ish faoliyatining pasa- yishi, ta’sirlanuvchanlik yoki uyqu buzilishi, bosh og‘rig‘i yoki bosh aylanishi bilan xarakterlanadi. Grippga oid ko‘rinish uchun quyidagilar xos: tana haroratining 38—39°C ga ko‘tarilishi, et uvushishi, bosh og‘rig‘i, tumov va tomoqda og‘riq. Ko‘pincha sariqlikdan oldingi davrda ikkita va undan ortiq sindromlar kuzatiladi, lekin asosiysini ajratish imkoni bo‘lmaydi (aralash ko‘- rinish). Tana haroratining ko‘tarilishi — virusli gepatitning ko‘p uchray- digan belgisidir. Isitma egri chizig‘i noaniq bo‘lib, sariqlik paydo bo‘lishi bilan harorat odatda normagacha tushadi. Sariqlikdan oldingi davrning oxirida siydik to‘q sariq rangga kiradi, keyinroq najas rangsizlanadi. Ko‘pincha bir vaqtda yoki 1—2 kun keyin jigar kattalashadi. Kasallikning avj olish davri (sariqlik davri) sariqlik paydo bo‘lishi bilan xarakterlanadi. Sariqlik skleralarda, til ostida, tanglayda aniqlanadi. So‘ngra yuz, gavda, qo‘l-oyoqlar terisi sarg‘ayadi (sariqlik aksincha tartibda yo‘qoladi). Siydik bilirubin hisobiga to‘q sariq rangda bo‘ladi, najas esa sterkobilin kamayganligi tufayli rangsizlanadi. Sariqlik intensivligi odatda kasallik og‘irligiga mos keladi. Bu davrda umumiy intoksikatsiya kuzatiladi: holsizlik, ta’sirchanlik, uyqu buzilishi, ko‘ngil aynishi, qayt qilish. Odatda bemor o‘ng qovurg‘a ostida og‘irlik hissi va epigastral sohada og‘riq sezadi. Ba’zan sanchib turuvchi xurujsimon og‘riq (jigar distro- fiyasi boshlanishida) kuzatiladi. Uchdan bir qism bemorlarda teri qichiydi. Unda ko‘pincha qashlangan izlar qoladi. Qichishish odatda kechasi kuchayadi. Til ko‘pincha karash bilan qoplangan, quruqroq bo‘ladi. Qorinni paypaslaganda o‘ng qovurg‘a ostida og‘riq seziladi. Muhim belgi — gepatomegaliya (jigar kattalashishi) ko‘pchilik bemorlarda kuzatiladi. Jigar yuzasi silliq, konsistensiyasi o‘rtacha kattalikda yoki elastik bo‘ladi. Paypaslab ko‘rilganda og‘riydi (glisson kapsulasi cho‘zilishi sababli). Asosan jigarning chap bo‘lagi kattalashadi. Intoksikatsiya kuchaygan hamda sariqlik ko‘payib borgan vaqtda jigarning qisqarishi o‘tkir jigar yetishmovchiligiga olib keluvchi yomon belgi hisob- lanadi. Sariqlik davrida gipotoniya, bradikardiya va yurak tovushlarining bo‘g‘iqligi aniqlanadi. Ba’zan bemor burnidan qon ketadi (o‘t kislotalari ta’sirida kapillarlar o‘tkazuvchanligining oshishi, qonda trombositlar kamayishi va jigarda protrombin ishlab chiqilishining susayishi tufayli). Nerv sistemasi jigar funksiyasining buzilishiga kuchli sezgirlik bilan javob beradi, ko‘p uxlash yoki uyqusizlik va bosh og‘rig‘i kuzatiladi. Rekonvalessensiya davrida kasallik belgilari asta-sekin yo‘qoladi, ishtaha paydo bo‘ladi, uyqusizlik va adinamiya yo‘qoladi, siydik rangi yaxshilanadi, najaz o‘z rangiga kiradi, asta-sekin jigar hajmi qisqaradi. Ko‘pincha bemorlar sog‘ayadilar: sariqlik kamayadi, umumiy ahvol yaxshilanadi, ishtaha paydo bo‘ladi, dispepsik holatlar yo‘qoladi, jigar funksiyasi tiklanadi, siydik och rangga kiradi, najas o‘z rangida bo‘ladi. Intoksikatsiya belgilari va biokimyoviy rivojlanish darajasiga qarab kasallikning yengil, o‘rtacha og‘ir, og‘ir va fulminant (o‘ta og‘ir) shakllari farqlanadi. Virusli gepatitning yengil shaklida intoksikatsiya sust rivojlangan bo‘ladi yoki deyarli kuzatilmaydi. Ishtaha o‘rtacha, ko‘ngil aynishi doimiy emas, bemor odatda qayt qilmaydi. Qonda bilirubin miqdori aytarli oshmagan, boshqa biokimyoviy ko‘rsatkichlar nisbatan kam o‘zgargan bo‘ladi. Virusli gepatitning o‘rtacha og‘irlikdagi shaklida o‘rtacha intoksikatsiya kuzatiladi — bemor o‘zini yomon his qiladi, holsizlik, bosh og‘rig‘i va bir necha bor qayt qilish kuzatiladi; gemorragik holatlar aniqlanib, tomir urishi tezlashishi mumkin. Jigar ko‘pin- cha og‘riqli bo‘ladi. Biokimyoviy o‘zgarishlar kasallikning o‘rtacha og‘irlikdagi shaklida yengil shakliga qaraganda nisbatan kuchli rivojlanadi va uzoq vaqt saqlanib turadi. Virusli gepatitning og‘ir shaklida intoksikatsiya kuchli rivojlanadi: umumiy ahvol og‘irlashadi, bosh og‘riydi va aylanadi, o‘ng qovurg‘a ostida og‘riq aniqlanadi. Yurak tonlari bo‘g‘iq bo‘ladi, taxikardiya qayd etiladi. Sariqlik intensiv bo‘lib, ayrim hollarda terida turli toshmalar paydo bo‘ladi. Ishtaha yo‘qoladi, bemor qusadi, burundan qon ketishi mumkin, jigar sohasida og‘riq kuzatiladi. Qondagi biokimyoviy o‘zgarishlar jadal rivojlangan bo‘ladi. Ayrim hollarda kasallikning qayta zo‘rayishi va residivlar uchraydi, bu esa kasallikning surunkali shaklga o‘tishini bildiruvchi belgi bo‘lib xizmat qiladi. Surunkali shaklning yakuni ko‘p hollarda surunkali gepatit va jigar sirrozi hisoblanadi.