Profilaktikasi va o‘choqda o‘tkaziladigan tadbirlar. Hozirgi kunda toshmali tif tugatilgan. Lekin toshmali tif bilan kasallanish holatining bittasi uchrasa ham profilaktik tadbirlar o‘tkazilishi shart. Bitlash bilan kurashish toshmali tifning muhim profilaktikasi hisoblanadi. Toshmali tif aniqlanganda va bemor shifoxonaga yotqizilganda (yoki shu kasallikka gumon qilinganda) u bilan aloqada bo‘lgan kishilar kuzatib boriladi, o‘choqda dezinfeksiya va dezinseksiya tadbirlari o‘tkaziladi. Bemor kiyimlari va yotoq choyshablari dezin- feksion kamerada tozalanadi. O‘choqda dezinfeksiya va dezinseksiya lizolning 3—5% li eritmasi bilan o‘tkaziladi. Bemor bilan aloqada bo‘lgan kishilar 25 kun davomida kuzatiladi va shu orada har kuni tana harorati o‘lchab turiladi. Tana harorati ko‘tarilgan hollarda ularni tashxisni aniqlash uchun darhol shifoxonaga yotqiziladi. Toshmali tifga qarshi vaksina ishlab chiqilgan; emlash epi- demiologik ko‘rsatmaga asosan o‘tkaziladi. Nazorat savollari Toshmali tif nima?
Rikketsiyalarga ta’rif bering.
Toshmali tifning yuqish mexanizmi qanday?
Toshmalarning polimorfligi nima?
Toshmali tifda qanday serologik reaksiyalar qo‘llaniladi?
Toshmali tifda qanday antibiotiklar foydali va ular qanday qo‘llanadi?
Brill kasalligi (Brilli morbus) Brill kasalligi (qaytalama toshmali tif, toshmali tif residivi) — o‘tkir yuqumli kasallik bo‘lib, epidemik toshmali tifning residivi hisoblanadi, bir necha yillardan keyin kuzatiladi va sporadik ravishda uchraydi. Bu vaqtda bitlash hollari, infeksiya manbai va o‘chog‘i kuzatilmaydi, toshmali tifga nisbatan yengil o‘tadi.