Falsafa va dinning o’zaro aloqadorligi



Yüklə 0,91 Mb.
səhifə7/8
tarix03.11.2022
ölçüsü0,91 Mb.
#118933
1   2   3   4   5   6   7   8
Falsafa va dinning o’zaro aloqadorligi

6. Falsafa va boshqa fanlar


Falsafani o’rganish chog’ida asosiy e’tiborni ikki narsaga qaratish lozim. Birinchidan, falsafa — bu eng avvalo fan. Barcha boshqa fanlar singari u ham o’zining predmetiga ega bo’lib, doimo rivojlanishdadir. Ikkinchidan, falsafa, ayni paytda mafkura hamdir, u mafkuraviy vazifalarni ham bajaradi. Shuni ochiq-oydin aytish kerakki, uzoq yillar davomida falsafaning mafkuraviy xususiyatiga birinchi darajali ahamiyat berildi-yu, ammo uning mustaqil fan ekanligiga unchalik e’tibor berilmadi.
Bu esa, o’z navbatida, ayrim olimlar tomonidan falsafa fan emas, u mafkura degan fikrni olg’a surishga turtki bo’lmoqda. Lekin bunday xulosa qilishga hech qanday asos yo’q.
Falsafa fanga xos bo’lgan barcha xususiyatlarga ega. Ma’lumki, har bir fanning o’ziga xos ob’ekti va predmeti mavjuddir. Bu falsafa faniga ham daxldordir.
Bizni qamrab olgan, cheksiz va doim rivojlanishda bo’lgan olamni, uning qonuniyatlarini bilish aniq fanlar bilan bir qatorda falsafaning ham vazifasini tashkil etadi. Falsafaning ham, aniq fanlarning ham ob’ekti bitta, u ham bo’lsa bizni qurshab olgan olamdir. Ammo ularning tadqiqot predmetlari turlichadir. Rang-barang dunyo va undagi hodisalarda bir vaqtning o’zida umumiy va xususiy qonunlar namoyon bo’ladi.
Dunyoning alohida olingan va cheklangan sohalarida amal qiluvchi xususiy qonunlarni aniq fanlar o’rganadi. Ular orasida amal qiladigan eng umumiy qonunlar falsafaning o’rganish sohasiga kiradi. Masalan, miqdoriy munosabat va fazoviy o’rinlarni — matematika, issiqlik, nurlanish, elektromagnit va yadro jarayonlarini — fizika, o’simlik va hayvonot olamini — biologiya fanlari, ishlab chiqaruvchi kuchlar va ishlab chiqarish munosabatlarini, ishlab chiqarish usuli va taqsimlash kabilarni — iqtisod fani o’rganadi. Falsafa alohida fanlar singari dunyoning u yoki bu tomonini emas, balki uni bir butunligicha o’rganadi. Tabiat, jamiyat va inson tafakkurining eng umumiy qonuniyatlarini tadqiq qilib, kishilarning dunyoqarashini rivojlantirib, ularning nazariy va amaliy faoliyatini to’g’ri yo’lga soladi.
Fan tizimlashtirilgan bilimlar yig’indisi bo’lib, u o’z navbatida fanning nazariya, qonun, tushunchalar turkumida ifodalanadi, aniq fanlar kabi falsafa fani ham o’zining nazariyasiga, qonun va kategoriyalariga (umumiy tushunchalariga) ega. Ularning yordamida kishilar ongida voqelikdagi narsa va hodisalarning eng umumiy aloqadorligi va taraqqiyot qonuniyatlari aks ettiriladi.
Fanning yana bir muhim xususiyati shundan iboratki, u tadrijiy ravishda taraqqiy etib, o’z mazmunida ilgari to’plangan ma’lumotlarni saqlab qolib, unga doir yangi bilimlarni qo’shib turadi. Falsafa fani ham, shuningdek o’tgan avlodlar tomonidan to’plangan g’oyalarni uloqtirib tashlamasdan, ularni saqlab qolib, doimo mazmunan boyib, rivojlanib turadi. Eski va yangi falsafiy g’oyalar o’rtasida vorisiy bog’liqlik mavjud. Buni biz falsafa tarixidan yaqqol ko’rishimiz mumkin.
Fanning barcha qoidalari bir-birini to’ldirib, bir-biridan mantiqiy jihatdan kelib chiqish imkoniyatiga egadir. Falsafa fanining nazariyalari, qonun va kategoriyalari ham bir-biridan kelib chiqadigan, bir-birini mantiqiy to’ldiradigan yaxlit ilmiy tizimdir.
Fan o’z qoidalarini asoslab berish imkoniyatiga ega. Bu falsafa faniga ham tegishlidir. Ammo, agar aniq fanlar o’z qoidalarini kundalik amaliy tajriba yordamida asoslab bersa, falsafa mantiq yo’li bilan asoslab beradi. Forobiy ta’kidlaganidek, “odamlar falsafa yo’li bilan isbot etilgan mavjud narsa haqida to’la ishonch va qanoatga ega bo’ladilar”9.
Har bir fan olamning aniq bir tomonini o’rganar ekan, demak, bu fanning yolg’iz o’zi olam haqida bir butun ilmiy tasavvur hosil qilish uchun yetarli bo’la olmaydi. Olam haqidagi yaxlit ilmiy tasavvurni tabiatshunoslik fanlarining barchasi ham hosil qila olmaydi. Tabiatshunoslik fanlari tabiat va uning rivojlanish qonunlarini o’rganadi. Olam haqidagi yagona ilmiy tasavvur esa, jamiyat va inson tafakkuridagi bilimlarni ham o’z ichiga oladi. Demak, olam haqidagi eng umumiy bilim barcha fanlar o’rganadigan muammolarni sistemalashtirish, bir-biriga bog’lash va umumlashtirish natijasida hosil bo’ladi. Ana shu vazifani falsafa fani bajaradi. Bu fan barcha fanlarning amaliy faoliyati jarayonida to’plangan dalillarni bir tizimga solish, uni bilish va unga amaliy ta’sir qo’rsatish yo’llarini ochadi.
Falsafa — aniq fanlarning yutuqlariga befarq qaramaydi, balki eng yangi kashfiyotlarni chuqur o’rganish, nazariy umumlashtirish zaminida o’sib, ijodiy rivojlanib boradi. Shu ma’noda falsafaning ijodiy boyishi va rivojlanishi bu fanlarning taraqqiyoti bilan bevosita bog’liq.
Falsafa tabiatshunoslik uchun voqelikni o’rganishda eng umumiy ilmiy usul bo’lib xizmat qiladi, o’z navbatida, tabiat ilmi yutuqlari ham falsafaning qonunqoidalarini tasdiqlashda katta rol o’ynaydi.
Ko’rinib turganidek, falsafiy ta’limotga asoslanish aniq fanlar mohiyatini bilishga, ularning kashfiyotlarini to’g’ri umumlashtirishga imkon beradi. Ilmiy falsafiy nazariya bilan qurollangan olim boshqalarga nisbatan o’z fanining istiqbolini, mohiyatini chuqurroq bila oladi. Agar har bir fan o’zicha rivojlana borsa, kashfiyotlar bir-biri bilan bog’lanmasa va umumlashtirilmasa u vaqtda olam haqida yagona bilim hosil qilish, uning mohiyatini qonun va qonuniyatlarini chuqur bilish mumkin bo’lmay qoladi. Shuning uchun ham aniq fanlar bilan falsafaning o’zaro aloqadorligiga bo’lgan zaruriyat doim saqlanib va kuchayib boraveradi.
Falsafa — insoniyatning buyuk ma’naviy boyligidir. U avlod-ajdodlar tomonidan yaratilgan madaniy, tarixiy merosning barcha durdonalaridan bekamuko’st foydalanish, tabiiy, texnikaviy, ijtimoiy-gumanitar fanlar erishgan ulkan muvaffaqiyatlarga suyanish asosida shakllanib va rivojlanib borish bilan birga, kishilarda olam haqida bir butun, yaxlit dunyoqarash shakllanishida nazariy poydevor vazifasini o’taydi. Shuning uchun barcha ijtimoiy tuzumlarda hokimiyat egalari, ijtimoiy guruhlar, siyosiy partiyalar falsafa fanidan o’zlarining manfatlarini ta’minlash maqsadida mafkuraviy qurol sifatida faol foydalanib kelganlar. Ayniqsa, sho’rolar davrida 70 yildan ortiq vaqt mobaynida falsafa ma’muriy-buyruqbozlik tizimining siyosati bilan chambarchas bog’liq holda, o’zining fan xususiyatini astasekin yo’qotib, asosan siyosiylashgan mafkuraviy g’oyalar yig’indisiga aylanib qolgan edi.
Falsafa fani turli-tuman oqimlarning, yo’nalishlarning, xilma-xil g’oyalarning tizimlashtirilgan yig’indisidan iboratdir. Shuni e’tiborga olgan holda, siyosiy tashkilotlar, partiyalar, o’zlarining maqsadlariga javob beradigan falsafiy fikr va g’oyalarni nazariy qurol qilib oladilar.
Falsafa bilan siyosatning yana bir bog’liq tomoni bor. Falsafa fani sifatida nisbiy mustaqillikka ega, chunki falsafiy muammolarning doirasi, ularning kelib chiqishi, turli falsafiy maktablarda, yo’nalish va oqimlarda xilma-xil hal etilishi, ilmiy va amaliy ahamiyati va shu kabi masalalar siyosatdan kelib chiqib emas, balki bu fanning o’ziga xos bo’lgan qonuniyatlar asosida belgilanadi. Lekin siyosat boshqa fanlar kabi falsafa fanining rivojlanishiga ham faol ta’sir etadi.
Falsafa fanining rivojlanishi uchun zarur bo’lgan mablag’, uning hajmi, ilmiytexnikaviy uskunalar, moddiy negiz, ishchilar soni va ularga beriladigan maosh hajmi, ijtimoiy sharoitlar va shu kabi masalalarning hal bo’lishi, u yoki bu jamiyatni boshqarib turuvchi hokimiyat, ijtimoiy partiyalarning siyosati bilan uzviy bog’liqdir.
Bundan yaqqol kurinib turibdiki, falsafa bilan siyosat bir-biri bilan aloqadorliqdadir. Bular o’rtasidagi aloqadorlik shakllari va darajalari har bir jamiyatga bo’lgan iqtisodiy, siyosiy va ma’naviy munosabatlarning xususiyatlari bilan belgilanadi. Shu tufayli turli jamiyatlarda falsafaga bo’lgan munosabat va uning siyosati bilan aloqadorlik darajasi turlichadir. Buni biz o’z tariximizdan yaqqol ko’rishimiz mumkin.
Ma’lumki, o’tmishda jamiyatimizda bitta partiya, bitta mafkura, bitta dunyoqarash yakka hokimlik qilib keldi. Davlat, partiya va hukmron guruhlarning manfatlari inson manfaatlaridan ustun qo’yildi. Natijada inson huquqlari va erkinliklari, demokratiya, ijtimoiy adolat qoidalari qo’pol ravishda buzildi va yo’qqa chiqarildi. Davlatimizning moddiyni asosini tashkil etuvchi mulkni yaratuvchi kishilar o’z mehnati bilan ishlab chiqargan mahsulotlardan begonalashtirib qo’yildi. Ma’muriy-buyruqbozlik davlat tizimi joylarda o’z hukmini o’tkazib, hamma narsani oldindan belgilab, mahalliy hokimiyatlarning huquklarini cheklab qo’ydi.
Madaniy sohada ham ko’pgina ma’naviy yo’qotishlar sodir bo’ldi. Xalqimizning milliy madaniyati, tili, urf-odatlari, an’analari oyoq osti qilindi, fuqarolar vijdon va din erkinliklaridan mahrum bo’ldilar. Fan va madaniyatga, jumladan, ijtimoiy fanlarga ham marksizm-leninizm qoidalarini poydevor qilib singdirish uchun salbiy ishlar amalga oshirildi. Rasmiy mafkuraga zid fikr yuritgan olimlarni partiyaviy jazolash, ularni partiyaviylikdan, g’oyaviylikdan chekinishda, sinfiy xushyorlikni yo’qotishda va boshqa kamchiliklarda ayblash odatga aylanib qolgan edi. Bunday vaziyat, albatta ijtimoiy fanlarning, shu jumladan, falsafa fanining rivojlanishiga salbiy ta’sir ko’rsatdi va ijodiy fikrlashga imkoniyat bermadi. Ijtimoiy fanlar hayotidan kelib chiqadigan dolzarb muammolar bilan shug’ullanish o’rniga sobiq ijtimoiy-siyosiy tizimning qo’lidagi mafkuraviy qurolga aylanib qoldi.
Mustaqillik tufayli jamiyatimizning hamma sohalarida, shu jumladan, madaniy-ma’naviy sohada ham ro’y berayotgan tub o’zgarishlar ijtimoiy fanlarning rivojlanishi uchun ham qulay imkoniyatlarni tug’dirdi
Adabiyotlar:

Yüklə 0,91 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   2   3   4   5   6   7   8




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©muhaz.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin