Zamonaviy xromatograflarda miqdoriy analiz xromatogrammadagi cho'qqining balandligi yoki yuzasini o'lchashga asoslangan. Miqdoriy analiz: 1) namuna olish va uni ishlash; 2) namunani xromatografik sistemaga kiritish; 3) xromatografiyalash; 4) xromatogrammani qayd qilish; 5) xromatogrammani ishlash bosqichlaridan iborat. Birinchi bosqich barcha usullar uchun bir xil bo'lgani holda, ikkinchi bosqich ulardan farq qiladi. Namunani kiritish uchun ishlatiladigan shpritslar aniq darajalangan bo'lishi muhimdir. Xromatogrammani ishlashdan oldin uning yuzasi yoki balandligi o'lchanadi. Bunda xromatogrammalar simmetrik bo'lishi kerak. Simmetrik xromatogrammalar uchun cho'qqining balandligidan foydalanish mumkin. Asimmetrik cho'qqili xromatogrammalar bilan ishlaganda cho'qqi yuzasidan foydalanish lozim. Zamonaviy xromatograflarda yuzani aniqlash uchun integratorlar qo'llaniladi. Moddaning konsentrasiyasini aniqlash uchun mutlaq darajalash va ichki standart usullaridan foydalaniladi. Mutlaq darajalash usulida aniqlanadigan va standart namunalarning bir xil sharoitdagi xromatogrammalari tushiriladi. Darajalash chizmasi asosida konsentrasiya topiladi. Ichki standart usulida tekshiriladigan moddaning muayyan miqdoriga ma'lum miqdor standart qo'shilib, xromatogramma olinadi.