Navoiy asarlarining dunyo miqyosida o‘rganilishi. 2016 yilda Berlinda Navoiyning 575 yillik yubileyi nishonlandi. Unda Navoiyning Jahon adabiyotiga qo‘shgan hissasi haqida ham so‘z bordi. O‘zbekistondan M.Ali, Sh. Sirojiddinov va A. Erkinov ishtirok etdi. A.N.ning 30 yaqin asarlari Berlin kutubxonasida saqlanmoqda.
V.Bartold, ye.Bertels, V.Jirmunskiy, A.Borovkov, V.Zohidov, H.Sulaymonov, G‘.Karimov, N.Mallaev, A.Hayitmetov tadqiqotlarida Navoiy qoldirgan merosning dunyo miqyosida o‘rganilishi haqida baholi qudrat yozilgan. “Biroq mutafakkir adib asarlarining tarjimalari va talqinini keng yoritgan monografik tadqiqotlar hozirgacha yaratilgani yo‘q” deydi prof. M. Xolbekov.
XVII asrga doir manba —Bartolome d’yerbeloning «Sharq kutubxonasi» kitobining 99-sahifasida «Alisher» nomli maqolada yozadi: «Alisher yoki Mir Alisher Navoiy deb atashadi. Bu nom «Ali» va «Sher» so‘zlaridan tarkib topgandir... Alisher Xurosonda vazir bo‘lib, juda katta obro‘-e'tibor qozongan. U yirik olim va shirinsuxan shaxs bo‘lgan. Hirot shahrida o‘zining boy kutubxonasini yaratgan va unga shogirdi — tarixchi Xondamirni mutasaddi etib tayinlagan». Kitobning 661-sahifasidagi “Navoiy” maqoladasida esa uning Boyqaroning vaziri bo‘lganligiyu Xamsadagi bir necha asarlarining nomlarini sanaydi.
Professor M. Xolbekov “Navoiy merosi fransuz tilida” maqolasida quyidagi fikrlar mavjud: “XVIII asrga kelib G‘arbiy yevropada, jumladan, Fransiyada filoorientalizm (Sharqni sevish va o‘rganish — M.X.) tendensiyasi fan va madaniyatni diniy jaholatdan himoya qilishda muhim rol o‘ynadi. Fransuz ma'rifatparvar adiblari — Monteskening «Fors nomalari», Volterning «Sharq qissalari», Didroning «Bevafo javohirlar» asarlarida sharqona syujetlar asosiy mavzu qilib olingan. Sharqona syujetlarni o‘z qissalari mazmuniga singdirish an'anasi, ayniqsa, Volterning falsafiy asarlarida yaqqol ko‘zga tashlanadi. Masalan, Sharq folklori, mifologiyasi va adabiyotini yaxshi bilgan yozuvchi o‘zining «Zadig yoki taqdir» qissasidagi «It va ot» bobi mazmunini tabrizlik Xristofor Armaniyning «Sarandip podshosi uch o‘g‘lining sarguzashtlari» (1557) nomli asaridan olgani o‘sha davrda ilmiy jamoatchilikka ma'lum bo‘lgan. Sharqshunos ye.Bertelsning yozishicha, Xristofor Armaniy ham o‘z asariga bu syujetni Alisher Navoiyning «Sab'ai sayyor» dostonidagi hikoyatdan erkin tarjima qilib olgan”.
XVIII asrda Fransiyaga Sharq mamlakatlaridan ko‘plab noyob qo‘lyozmalarning olib kelinishi sharqshunoslik ilmining rivojiga katta zamin hozirladi. Asr oxiriga kelib, Parij G‘arb sharqshunosligining yirik markazlaridan biriga aylandi. 1795 yili «Sharq jonli tillari maktabi» ochildi, 1821 yili «Osiyo jamiyati» tashkil topdi. 1823 yilda shu jamiyatning nashri — «Osiyo jurnali» chop etila boshlandi. Bu davrda S. de Sasi, A.Kloprot, E.Katremer, A.Remyuzo, F.Belen kabi sharqshunos olimlar turkiy xalqlar adabiyoti namunalarini o‘rganish va tarjima qilish bilan mashg‘ul bo‘ldilar. Ayniqsa, ular o‘zbek adabiyoti salaflari — hazrat Navoiy va shoh Bobur ijodini o‘rganishga alohida e'tibor qaratdilar. Masalan, taniqli sharqshunos olim Silvestr de Sasi (1758—1838) tadqiqotlarida Alisher Navoiy merosini o‘rganishga keng o‘rin berilganini kuzatamiz”.
M. Xolbekov: “Fransuz adabiyotshunosligida Alisher Navoiy ijodiga haqqoniy bahoni mashhur adib Lui Aragon (1897—1982) bergan. U o‘zining 1955 yili nashr qilingan monografiyasida sobiq Ittifoq xalqlari adabiyoti xususida fikr yuritarkan, har bir yozuvchi faoliyatini o‘z xalqi tarixi va madaniyati bilan bevosita bog‘lab talqin qilishga urinadi. Taniqli fransuz adabiyotshunosi Jan Frevil so‘zi bilan aytganda, Aragon «bu kitobi bilan fransuzlarga hali ma'lum bo‘lmagan bir qator millat va elatlar madaniyatiga eshik ochib bergan edi». Aragon hazrat Navoiy hayoti va ijodi haqida aniq ma'lumotlarni keltirarkan, professor ye.Bertels, Oybek va G‘afur G‘ulomning shoir haqidagi maqolalaridan foydalanganini ham qayd etib o‘tgan.
«Navoiy, — yozadi L.Aragon, — Sa'diy va Attor she'riyati, ayniqsa, Ozarbayjon shoiri Nizomiy Ganjaviy izidan borib, uning «Xamsa»si an'analarini davom ettiradi. Aynan shu hodisa fransuz o‘rta asr adabiyotidan to Renessans davrigacha bo‘lgan adiblar ijodida ham kechgan edi». Aragon kitobida Navoiyning ona tilida tengi yo‘q asarlar yaratganini yana bir karra tasdiqlash va o‘z o‘quvchisiga yetkazish maqsadida «Farhod va Shirin» dostonidan bir she'riy parchani fransuz tilida keltirib o‘tadi.
Lui Aragon Navoiyning davlat arbobi, madaniyat homiysi sifatidagi muhim tarixiy xizmatlarini ham alohida ta'kidlagan. Masalan, uning vazirlik lavozimida el-yurt farovonligi, xalq osoyishtaligi yo‘lidagi faoliyatiga quyidagicha ta'rif beradi: «Navoiy vazir lavozimida xalqparvar fuqaroning istagi va talabini qondirishga intilgan shaxs edi. To‘g‘ri, uni tom ma'nodagi demokrat shaxs bo‘lgan deya olmasak-da, biroq u zamonasining progressiv kishisi bo‘lgan va ilmni, she'riyatni, san'atni juda qadrlagan. Shu xislatlari bilan u Renessans ziyolilariga juda yaqin turgan edi».
Keyinchalik ham o‘z ijodida Sharq xalqlari adabiyotiga, jumladan, Nizomiy, Dehlaviy, Hofiz, Jomiy va Navoiy ijodiga hurmat bilan qaragan Aragon, ayniqsa, she'riyatda ular asarlaridagi sharqona an'analardan foydalanishga harakat qildi. Masalan, 1963 yili bosilib chiqqan «Majnun Elza» majmuasiga kirgan she'rlarida sharqona poetik tasvirning fransuzcha matn mazmuniga naqadar uyg‘unlashib ketganini kuzatamiz. Aragon ushbu kitobidagi lirik qahramon Elzani Sharq klassiklari qalamiga mansub «Layli va Majnun» dostonidagi Qaysning sevgilisi Layliga o‘xshatarkan, o‘z ishqiga munosib sohibjamol parivash qiyofasida tasvirlashga harakat qiladi.
Darhaqiqat, Aragon «Majnun Elza» kitobini yozayotganida Sharqning qaysi shoiri ijodidan ilhomlanganini, qanday manbalardan foydalanganini ham o‘quvchiga eslatib o‘tgan. Kitobning oxiridan o‘rin olgan «Izohlar»da Sharq klassiklari nomlariga tushuntirish berib o‘tarkan, Alisher Navoiyga ham to‘la ta'rif beradi”.
M. X. : “XX asrning so‘nggi yillarida fransiyalik ijodkorlarning ham hazrat Navoiy merosiga, umuman, o‘zbek she'riyatiga qiziqishi ortdi. Shu o‘rinda Parijda chiqadigan jurnallardan biri «Action poetique» («She'riy harakat»)ning sa'y-harakatini alohida e'tirof etmoq joizdir. 1989-1990 yillarda chiqqan jurnalning ikki soni o‘zbek she'riyatiga bag‘ishlangan. 1990 yili jurnalning «O‘zbek g‘azali»8 nomli maxsus soni bosilib chiqdi. Ushbu majmuada o‘zbek mumtoz she'riyati vakillari — Xoja Ahmad Yassaviy, Lutfiy, Husayniy, Alisher Navoiy, Zahiriddin Bobur, Boborahim Mashrab, Nodirabegim, Ogahiy, Uvaysiy, Fazliy va Mahzunaning ijod namunalari berilgan. G‘azallarni fransuz tiliga qilingan taglamadan iste'dodli shoir Jan-Pyer Balf mahorat bilan o‘girgan. Shoir-tarjimon fransuz tarjima san'atida keng qo‘llanadigan usul, ya'ni nazmni nasr bilan o‘girish tajribasidan foydalangan. Natijada g‘azallarning tarjimada mazmuni to‘la saqlanganu, asliyatdagi musiqaviy ohang o‘z kuchini yo‘qotgan. Albatta, g‘azal ohangini G‘arb tillarida saqlash mushkul.
Fransuz shoiri Jan-Per Balf hazrat Navoiy she'riyatidan qilgan tarjimalari mundarijasini yanada kengaytirib, shoir tavalludining 550 yilligiga katta sovg‘a tayyorladi. Parijdagi nufuzli nashriyotlardan sanalmish «La Diferans» kitob uyi 1991 yili Navoiy she'riyati majmuasini «G‘azallar va boshqa poemalar» nomi bilan chop etdi”.
Fransiyada chop etiladigan “Osiyo”jurnalida Navoiyga bag‘ishlangan qator maqolalar e'lon qilingan. Belen degan olim Navoiyni turkiy til mavqyeini ko‘targanini ta'kidlaydiyu uning ijodini taqlidchilikda ayblaydi. Prof. ye. Bertels buni “yengil yelpi bayon” deb ataydi. Qomuslarda ham Navoiy haqida alohida maqolalar bor.
Dostları ilə paylaş: |