Tasavvufiy tafsirlarning xususiyatlari va unda keltirilgan ma’nolarni ham o’rganish zarurligidan kelib chiqib, bunga ayrim misollar keltiriladi: - Shayx Najmiddin Kubro Abul Jannob Ahmad ibn Umar ibn Muhammad (545-618/1150-1221) xorazmlik so’fiy, mufassir, faqih alloma. «At-Ta’vilot an-Najmiya fi-t-tafsir al-ishoriy as-sufiy» nomli kitobidagi ishoriy tafsirga “Baqara” surasi 249-oyati tafsirini misol qilish mumkin. Oyatda: «Qachonki Tolut askarlari bilan (shahardan) chiqqach, aytdi: «Albatta, Allox sizlarni bir daryo bilan imtihon qiladi. Bas, kim undan suv ichsa mening (askarim)- dan emas va kim undan ichmasa, u mendandir. Magar kim qo’li bilan faqat bir hovuch olsa (joizdir)». Bas, u daryodan ozginalaridan boshqa hammalari ichdilar» deyilgan. Najmuddin Kubro uning sharhida ishoriy ma’nosi shunday deydi: «Albatta, Alloh taolo xalqni dunyo daryosi, uning ziynat suvi va unda xalq uchun nimaniki bezagan bo’lsa, usha narsalar bilan imtixon qildi. Chunki boshqa oyatda «Insonlarga ayollar va bolalarga istak-xoxishlarga ko’ngil qo’yish chiroyli qilindi» (“Oli Imron” surasi 14-oyat) deb, yaxshini yomondan ajratdi va makbul narsani marduddan farqladi. E’tibor berilsa, ushbu oyat tafsirida «odamlar», «insonlar» kabi so’zlar urniga «xalq» so’zini ishlatmoqda. Bu bilan ma’lum ma’noda insonlarning yaratilgan ekaniga ishora qilib, ularning Yaratganning mavjudotlariga ishora qilayotgan bo’lishi mumkin. Yuqoridagi suraning Bani Isroil qavmi haqida bayon qilingan 247-oyatida shunday deyiladi: «Payg’ambarlari ularga aytdi: «Albatta, Alloh sizlarga Tolutni podshoh qilib tayinladi». «U qayoqdan bizga podshohlik qilsin, axir biz podshohlikka undan haqliroqmiz-ku, qolaversa, unga keng-katta mol-davlat ato qilinmagan bo’lsa», deyishdi. Payg’ambar aytdi: «Albatta, Alloh uni sizlarning ustingizga sayladi va unga ilmda va jismda quvvatni ziyoda qildi. Alloh mulkini O’zi istagan kishiga beradi». Alloh (fazlu karami) keng, bilguvchidir». «At-Ta’vilot an-Najmiya»da buning tafsiri tasavvufiy mohiyat bilan o’ziga xos tarzda sharhlanadi. Jumladan, Ilohiy hikmat bajarilgani, noqis aqllar esa, uni har doim ham anglamasligi mumkinligi, g’azab va havo botqog’iga ko’milgan Bani Isroil xalqining insoniy aqllariga ajablanmasa ham bo’ladi. Farishtalar ham Odam (a.s.) yaratilishida ilohiy hikmatni anglamay, xayratlanishgani, aslida nur bilan yug’rilgan farishtalar aqllariga ajablanish mumkinligini ta’kidlaydi va bunga bir nechta oyatlarni izoh va muqoyasa sifatida keltiradi. Davomida Odamni (a.s.) farishtalardan afzal qilib, xalifalikni unga bergani kabi Tolutni Bani Isroil ichida afzal qilib, podsholikni unga berganini aytadi. Bani Isroil esa, bundan mahrum bo’ldi. Chunki ular o’zlariga o’zlari ujb qilganlar va Tolutdan o’zlarini ustun ko’rganlar. Tolut esa, Allohga tavozelik qilgani hamda payg’ambar Samuyilga o’zining eng past qabila vakili va kambag’alligini aytadi. Alloh esa, uning darajasini ko’tarib, podsholikni ato etadi. Kamtarlik borasida gapirib, Jabroil farishta yerga kelib, undan tuproq olishi va bu tuproqdan xalifa yaratilishini bildiradi. Yer shu zahoti kamtarlik qilib, bunga munosib emasligi borasidagi rivoyatni keltiradi. Bunda bir nechta oyatlarni berilayotgan tafsirga monand ravishda bayon etadi.
Najmiddin Kubro “Taloq ikki bordir” oyatida” (Tariqatdagi) Suhbat egalari bir yoki ikkita ayb bilan tark qilinmaydi, balki bir va ikkitadan oshishi kerak”. Ya’ni ularni bitta yoki ikkita ayblari bilan tasavvufiy suxbatlardan chiqarilib yuborilmaydi balki bunday ayblar ketma-ket sodir bulgandagina shunday choralar ko’riladi. “Chunki Hizr ham Muso (a.s.)dan ikki va uchta sodir bo’lgan kamchiliklardan keyin tark etgan. “Kahf” surasida Muso bilan solih banda - Hizr uchrashuvi, ularning yurt kezib, Hizr tomonidan qilingan ishlarga Muso (a.s.)ning aqli yetmagani va natijada unga tanbeh berganligi zikr qilinadi. Bunday holat uch bora takrorlanadi va shundan keyingina Hizr Muso (a.s.)ni tark qiladi. Najmiddin Kubroning Hizrga odatda payg’ambarlarga qo’llanadigan alayhi-s-salom, ya’ni unga Allohning salomi bo’lsin duosini ishlatishi bilan Hizrni payg’ambarlardan deb tan olishini anglash mumkin. Chunki aqidada Hizrning payg’ambar yoki payg’ambar emasligi borasida turli fikrlar mavjud. Najmiddin Kubro ham uni payg’ambar deb hisoblaydigan olimlar jamoasidan bo’lishi mumkin. Najmiddin Kubro “Yuzingizni al-Masjid al-harom tomonga buring”ni “Yuzingni Masjidi haromga burib, qalbingni Masjidi harom Robbisi tomonga bur” deb sharhlaydi. Jamoluddin al-Koshoniy esa “Yuzingni nafs yomonliklari, havo va Shayton da’volari yetib borishi harom qilingan (to’silgan) hamda ochilgan qalb tomonga yuzlantir”, deb izohlanadi. Tabiiyki, bunday tafsir qilishni biror mazhab qarashlari bilan bog’lashning o’zi amri mahol. Chunki bunday ishoriy tafsirlarda mazhab qoidalari ham, mazhabga doir izohlar ham aks etmagan. - Jamoluddin Abdurrazzoq al-Koshoniy (vaf. 730/1330 y.) movarounnahrlik mufassir olim. Olimning “Aro’is al-bayon fi xaqo’iq al-Qur’on” (“Qur’on xaqiqatlarini nozik bayon etish”) nomi bilan ikki jildda chop etilgan tafsir asari bo’lib, olimlar uni Abu Bakr Muxammad ibn Abu Nasr ash-Sheroziy as-So’fiy Ibn Arabiy (vaf. 638/1240 y.)ga nisbat beradilar. Ba’zi olimlar mazkur tafsir haqiqatda ham Ibn Arabiyga tegishli deb bilib, uni o’z qo’li bilan yozganligini ta’kidlaydilar. Yana ba’zi olimlar yuqorida aytilgan tafsirni biz so’z yuritayotgan Jamoluddin al-Koshoniy (vaf. 730/1330 y.)ga taalluqli ekanini aytib, Ibn Arabiy ma’lum va mashhur bo’lgani sababli ushbu tafsir unga nisbat berilgani to’g’risidagi xulosalarni beradilar. Odatda, tafsirlarning aksariyat qismida zohiriy (bir uqishda tushunib olinadigan) ma’nolariga qaralsa, ba’zi birlarida botiniy (ichki) va ishoriy ma’nolariga qaralgan. So’z yuritilayotgan ushbu tafsirda tasavvufiy nazariy va ishoriy tafsirlardan keng istifoda etilgan bo’lib, zohiriy ma’noga hech ham murojaat etilmagan. Mazkur tafsirda oyatlarning ishoriy ma’nolariga ko’p murojaat etilgan va bu holat o’z navbatida ma’noni tushunishda bir qancha qiyinchiliklarni tug’dirgan. Natijada bunday ma’nolarga oyatda ham, so’zlarning o’zida ham biror bir dalolat topish mushkullik tug’diradi. Ishoriy ma’nolardan keng foydalangan mufassirlardan biri at- Tustariydir. Biroq bu olim o’zi ifodalagan so’zlarni aniq bayon etgani sababli uning tafsirini tushunish ancha yengil kechadi. Ayrimlar al-Koshoniy botiniy tafsirlardan ko’p foydalangani uchun uni botiniylardan hisoblaganlar. Lekin u botiniylardan emas. Chunki botiniy oqimi vakillari Qur’onning fqkatgina botiniy ma’nosinigina tan oladilar, oyatlardan tushunilayotgan har qanday zohiriy ma’nolarni inkor etadilar. Al-Koshoniy esa, aslo bu oqim tarafdori ham, vakili ham bo’lmagan. Tafsirining muqaddimasida ham u Qur’onning zohiriy ma’nosini sharxlashni maqsad qilganini e’tirof etadi. Asarda botiniy sharhlashga kirishganiga sabab sifatida undan oldingi o’tgan ba’zi mufassirlarning Qur’onning faqatgina zohiriy ma’nolarini sharhlab, ishoriylariga e’tibor qaratmaganidadir. Shuning uchun ham olim ishoriy ma’nolar keng qamrab olingan tafsir yozgandir. Asar muqaddimasida muallif shunday deydi: “Men Qur’on tilovatiga qattiq kirishar, uning ma’nolarini chuqur o’ylar va chin ixlos bilan o’qir edim. qalbim kitob yozishga to’la ochilmas, lekin bu xayol (kitob yozish)dan uzoqlasha olmas edim. Oxiri bunga jiddiy qaradim va kitobni yozdim. Bu ishimdan qalbim taskin topdi va ruhim xursand bo’ldi. ... Paygambar (s.a.v.) aytganlar: Qur’on oyatlarining ham zohiri, ham botini, har bir harfning o’z chegarasi va ushbu chegaralarning yechimi bor”. Bu hadisdan tushundimki, zohiri bu tafsirdir, botini bu ta’vil, chegara bu gapdan tushunilishi mumkin bo’lgan me’yordir. Imom Ja’far ibn as-Sodiqdan naql qilinadi: “Alloh bandalariga o’z kalomida ko’p narsani ochib qo’ygan. Lekin ular buni ko’ra olmaydilar”. Aytiladi: “Kim o’z ra’yi bilan Qur’onni tafsir qilsa, bataxqikq kofir bo’ladi”. Biroq ta’vil tinglovchining (o’quvchi) holi va vaqti, maqomi va darajasiga qarab o’zgarib turishi mumkin. Tinglovchi maqomi ko’tarilishi bilan yangi faxhm eshigi ochilaveradi, shu bilan latif ma’nolar tushunilaveradi. Shundoq ekan, men, xotirim barcha ittifok qilgan yo’lga muvofik, mumkin bo’lmaydigan jihatlarga sho’ng’imasdan, Qur’onning nutqi va tartibiga rioya qilib, ehtiyoji bo’lmagan yoki men qabul qila olmaydigan va shubhali masalalarga kirishmagan holda bu varaqdarni qoralashni boshladim. Allohning ilmi o’zim bilgan narsalar bilan chegaralanib qolmaydi. Lekin men aytilgan narsalar bilan cheklanib qolmadim, balki chegara doirasida turli yo’llarni tanladim. Zohiridan ta’vilini tushunish mumkin bo’lgan o’rinlarda goho ta’vil qildim. Toki, ta’vilning natijasida oyatlarni kengroq tushunishning yo’li va Qur’onning zohiridan tashqari boshqa ma’nolari ham borligini bildirib quyishni niyat qildim. Shoyad, boshqalar men keltirgan ta’villardan ko’ra yaxshiroqlarini berarlar. Chunki ba’zi bandalarga bu ish osondir. Allohning har bir so’zi ichida dengizdek so’z va ma’no bordir. Shunday ekan, uni chegaralab qo’yishga yo’l yuqdir. Zavq va shavq (tasavvuf) aqli Qur’onni tilovat qilganlarida ilmlariga yarasha ma’nolar ochiladi hamda g’ayb sirlari ravshanlashadi. Hrakat qilganlarni Allohning o’zi kashf va mushohadaga, shavq ahlini zavqqa yetaklovchidir. U haqiqat egasidir va tavfiq Undandir”. Bu muqaddimadan al-Koshoniy so’fiy, lekin aslo botiniy emasligini osonlikcha tushunib olish mumkin. Buni muallif sharx- lagan quyidagi “Baqara” surasi, 126-oyat tafsirida ham ko’rinadi: Al-Koshoniy bu oyatning sharhida shunday deydi: “Ibrohim: “Robbim, qalbim qarami bo’lgan bu ko’ksimni nafsga bo’yin sunishdan, la’nati dushmanga tobe’ bo’lishdan omon qilgin. Uning ahlini ruh ma’rifati yoki xukmi yoki nurlari samaralaridan rizqlantirginki, ular Allohni yolg’iz sanagan va oxiratni bilganlardan (bo’lsin). Kim qalbi taskin topganlardan to’silsa, qalbdagi ilmdan bebahra bo’lganlari uchun bilish maqomiga o’tolmaydilar. U (qalb)ni rux olamidan keladigan aqliy ma’nolar, umumiy ma’lumotlardan oz foydalantir. So’ngra uni mahrumlik va to’siqlik bo’lgan o’tda azobla. Ularning nuqsonlari sababli azoblanadigan, bebahraliklari tufayli alam topadigan qaytish joylari nakadar ham yomondir”. Yana bir jihati shuki, tasavvufiy nazariy jihatlari asosan vahdatul vujud qarashidan iborat hisoblanadi. Vaxdatul vujudga taalluqli misollarni “Oli Imron” surasining 191-oyati tafsirida ko’rish mumkin: “Robbimiz, Sen bu olamni botil, ya’ni o’zingdan boshqa qilib yaratmading. Chunki xaqdan boshqasi botildir. Balki sen uni ismlaring va sifatlaring belgisi qilding. Sen Poksan: Sendan boshqasi bulishidan Seni pok deb bilamiz...” “Voqea” surasining 57-oyati sharhida shunday deydi: “Biz sizlarni o’zimizni mavjudligimiz va suratlaringizda zohir bo’lishimizni ko’rsatib qo’yish uchun yaratdik”. “Hadid” surasi 4-oyatini quyidagicha tafsir qiladi: “Sizlar U bilan mavjud bo’lganingiz uchun qayerda bo’lsangiz va sizlarning zuhuringizda U zohir bo’lgani uchun U sizlar bilan”. Ibn Arabiyga nisbat berilgan, biroq Jamoluddin al-Koshoniy qalamiga mansub “Tafsir Ibn Arabiy” tafsirida Bismillahir- rohmanir -rohim jumlasi yoyilsa jami 22 ta harf bor, talaffuz qilinadigan harflar 18 ta, yoziladiganlari 19 ta. 18 ta harf 18 ming olamga ishora; 19 ta harf esa, bular: Jabarut olami. Malakut olami. Arsh, Kursiy, yetti osmon, to’rt unsur (yer, suv, havo, olov), uch mavolid (uch mavolid bular - ma’dan, o’simliklar va hayvonot, ular to’rt unsurdan tug’ilgani uchun mavolid, ya’ni tug’ilganlar deyiladi), insoniyat olami (insoniyat olami hayvonot olami ichiga kirsa ham, biroq insonning ulug’ligi sababli ajratib olingan) ishora qilingan deyiladi. Yoyilganda 22 ta harflik bo’ladigan holatda esa, yuqoridagi 19 ta yozilgandagi harflarga o’qilmaydigan va yashiringan 3 ta alif (Alloh, ar-Roxman, ar-Roxim lafzlaridagi 3 ta alif) qo’shiladi, shunda 22 ta bo’ladi. Bunda mazkur 19 ta olamga yana 3 ta olam qo’shiladi. Bular: Haq va Ilohiy olamning zot, sifat va af’ol qism-olamlari sanaladi. Aslida ular bir olamdir, biroq yozilganda uchta bo’ladi. Uchta olam zohir bo’lganda uchlikda zohir bo’lishi, Ilohiy olamning yashiringan ekanligiga ishora bor deyiladi. Izoh sifatida shuni ta’kidlash kerakki, alif harfi “Tafsir Ibn Arabiy”da Ilohiy Zotga ishora deyiladi. Shu sabab alifda Ilohiy tasavvuri borligi kelib chiqadi. Tafsir davomida bism so’zidagi alifning taqdiri haqida savol beriladi va Payg’ambar (s.a.v.)dan ushbu hakida so’ralganda: “Shayton ug’irlab ketdi” deb aytgan hadislari javob sifatida keltiriladi. Shu sababli bismdagi b harfi arab tilida cho’zib yozishga buyurilgan. Bu esa, Ilohning uluhiyati intishoriy raxmat suratida yashiringani va insoniylik suratida zohir bo’lgani, ushbu holatni faqatgina (tasavvuf) ahli tushunishi, shu bois ham (bism so’zi) nakra, ya’ni noaniq (bism so’zi aniqlik belgisi bo’lgan alif va lomsiz holida kelgan) qilingani aytiladi. Bunga monand ravishda tafsir kitobida Alloh taoloning insonni O’z suratida yaratgani borasidagi hadis keltiriladi. Yana “Allohning Zoti sifatlarida, sifatlari esa, af’ollarida, fe’llari esa, yaralmish narsalarda yashiringan. Endi kim mavjudotlardagi to’siqni ko’tarib, fe’llarga tajalliy qilsa va ularni anglasa, tavakkul qiladi. Kim af’ollardagi to’siqlikni ko’tarib, sifatlarga tajalliy qila olsa va ularni fahmlasa, rizo buladi. Agar kim sifatlardagi to’siqlikni ko’tara olib, Zotga tajalliy qila olsa vahdatda foniy bo’ladi hamda mutloq muvahhid (Allohni yolg’iz biluvchi) va (hoxlagan narsani) qiladiganini qiluvchi, (hoxlagan) o’kiganini o’kuvchiga aylanadi. Fe’llarning tavhidi sifatlarning tavhididan, zotning tavhidi esa, fe’llar tavhididan oldin keladi. Bu uchalasiga Payg’ambar (s.a.v.) sajdalarida ishora qilganlar va shunday deganlar: “Afving ila uqubatingdan, rizoliging ila g’azabingdan, O’zing ila O’zingdan panoh so’rayman”. Ma’lumki, Ibn Arabiy tasavvuf ahlidan bo’lgan va u vahdatu-l- vujud g’oya sini il gari surgan. Ushbu g’oyaga ko’ra, barcha mavjud narsalar bir, ya’ni Iloh tasvirida beriladi, mavjudotlarning hammasi Ilohning vujudidan bo’ladi. Mazkur kitobda ham ishoriy tafsirlar berilishi bilan “Fotiha” surasining boshidanoq vahdatu-l-vujud ta’limoti ilgari surilmoqda hamda bunday qarashlarni tushunish hammaga ham nasib bo’lmasligi ta’kidlanmoqda.
Bu kabi tasavvufiy yondashuvlarni ishoriy tafsirlarda ko’plab ko’rish mumkin. Jumladan, “at-Ta’vilot an-Najmiya”da ham “Fotiha” surasi 50 sahifadan ortiqroq hajmda sharhlanadi va basmalaga ham alohida izohlar beriladi. Jumladan, Qur’oni karim nima sababdan arab alifbosidagi alif bilan emas, balki b harfi bilan boshlanganiga to’xtaladi. Buga sabab sifatida mufassir alif harfi kekkaygan, mutakabbir, b harfi esa, kamtar, shu bois uni alif urniga b tanlandi. Bundan tashqari b harfining nuqtasi bitta va u harfning tagida turadi. Bu xolat alifbodagi birorta harfda ham uchramaydi. Chunki b harfi bitta maqsadni ko’zlaydi va uni ostiga mustahkam qilib o’rnatib olganligi ta’kidlanadi.
Ko’rinib turganidek, tasavvufiy tafsirlarda ishoriy ma’nolar ko’p keltiriladi. Biroq ishoriy tafsirlarni botiniy tafsirlar bilan adashtirmaslik kerak. Chunki ishoriy tafsirlar zohiriy sharhlarni inkor etmaydi va zohiridan tashqari ishoralar ham borligi, uni Hamma ham tushuna olmasligi aytiladi. Botiniy tafsirlarda esa, zohiridagi tafsir qolib, botinida zohiriga zid bo’lgan sharhlar borligi ta’kidlanadi. Najmiddin Kubro va Jamoluddin al-Koshoniy botiniy tafsirlarni inkor etadilar hamda o’z tafsirlarini ishoriy sharhlar asosida yozadilar.
- Abu Muhammad Izzuddin Abdurrazoq ibn Razaqalloh ibn Abu Bakr ibn Xalfa ar-Ras’aniy (vaf. 661/1263) mufassir, hadis hofizi, adib, shoir, hanbaliy mazhabi faqihlaridan. “Rumuzul kunuz fi tafeiril Kitob al-aziz” (“Aziz Kitob tafsiriga oid xazina ramzlari”) nomli tafsirga oid to’rt jildli kitobida tasavvufiy qarashlar ham mavjud. Masalan, “Niso” surasi 29-oyatidagi “O’z nafslaringizni o’ldirmangiz”ni gunohlar ila o’zlaringizni o’ldirmang”, shu suraning 43-oyatidagi “Mast holda namozga yakinlashmang”ni “dunyo muhabbatidan mast holda namozga yaqinlashmang” degan sharhlarini keltiradi.