Mustaqillik sharoitida tarbiyaning asosiy vazifalari Konfutsiy: «Eskini o‘zlashtirgan va yangini tushunishga qodir insongina tarbiyachi bo‘la oladi» degan edi. Mustaqillikning dastlabki yillaridanoq butun mamlakat miqyosida ta’lim-tarbiya, ilm-fan, kasb-hunarga o‘rgatish sohalarini isloh qilishga nihoyatda katta zarurat sezila boshladi. Bugungi kunda tarbiya jarayonida ham qator o‘zgarishlar amalga oshirilmokda. Shuni ta’kidlash lozimki, ma’rifat xalqimiz, millatimiz qonidadir. An’anaviy sharqona qarashga ko‘ra, ma’rifatlilik faqat bilim va malaka emas, ayni paytda chuqur ma’naviyat va go‘zal ahloq degani hamdir.
Bir ijtimoiy jamiyatning ikkinchisiga almashishi, shuningdek, milliy mustaqillik va uning ne’matlari respublikamiz fuqarolarida tub o‘zgarishlarni vujudga keltirmokda. Milliy tuyg‘u, qiyofa, xarakter, ta’b, kuy, raqs, ma’naviyat, qadriyat hamda ruhiyat ta’siri ostida o‘zining tub mohiyatini aks ettira boshladi. O‘tmishning boy merosi, uning an’analari milliy istiqlol tufayli o‘z egalariga qaytarib berildi. Fuqarolarning ijtimoiy ongi asta-sekin o‘zgarib borishi natijasida etnopsixologik xususiyatlar tiklana boshladi, milliy, umumbashariylik hislatlari o‘rtasida adolatlilik, teng xuquqlilik aloqalari o‘rnatilmokda.
XXI asrda shaxs shakllanishida, uning tarbiyalanganlik darajasini ortishida dinning, xususan “Hadis” ilmining ahamiyati kattadir. Shaxslararo munosabatda tenglik, g‘amxo‘rlik, samimiylik, o‘zaro yordam, simpatiya, antipatiya, hamdardlik, sevgi-muhabbat singari milliy xususiyatlarni tarkib toptirishda xadislarning roli yanada ortmoqda.
O‘zbek oilasida tarbiya mohiyati, mazmuni tarbiyaning kundalik va istiqlol rejasi, bolalarga ta’sir o‘tkazish vositasini tanlash va undan unumli foydalanish o‘ziga xos xususiyatga ega, chunki uning asosida xalq an’analari yotadi.
O‘zbek xalqining etnopsixologik xususiyatlaridan unumli foydalanish har tomonlama taraqqiy etgan inson shaxsini tarkib toptirishda muhim rol o‘ynaydi. Abdulla Avloniy aytganidek: «Tarbiya biz uchun yo hayot, yo mamot; yo najot, yo xalokat; yo saodat - yo falokat masalasidir».
Yosh avlod tarbiyasida milliy ruhiyat, umuminsoniy, xalqchil milliy qadriyatlar, urf-odatlar, an’analar yetakchi o‘rin tutmog‘i lozim (tarbiya etnopsixologik va etnopedagogik munosabat). Bular orqali yoshlarda quyidagi fazilatlarni tarbiyalash lozim:
a) yoshlarda vatanparvarlik his-tuyg‘ularini shakllantirish;
b) xayrixoxlik, odamlarga hurmat, mehr-shafqat;
v) kattalarni hurmat qilish, e’zozlash;
g) muloyimlik;
d) ishbilarmonlik, mohirlik, ishchanlik, iqtisodiy tafakkur;
ye) kichik yoshdan mehnatsevarlik;
j) jismoniy baquvvatlik;
z) ahloq-odoblilik;
i) oilaparvarlik;
k) ayollarga hurmat;
l) o‘zaro hamkorlikka intiluvchanlik.
Ma’lumki, yoshlarning ma’naviy-ahloqiy tarbiyasi bilan oila, mahalla, ta’lim muassasalari, ommaviy axborot vositalari, xuquqni muhofaza qiluvchi tashkilotlar, ilmiy-pedagogik kadrlar shug‘ullanadilar. Tarbiya jarayoni barcha ishtirokchilarining bahamjihatlik bilan olib boradigan ishlarigina o‘zining ijobiy natijalarini berishi mumkin.
Tarbiyasi og`ir o`quvchilar bilan ishlash Ta’lim muassasalarida alohida nazoratga olingan o’quvchilar bilan amalga oshiriladigan ishlar yuzasidan.
O’quvchilarining hulqida salbiy o’zgarishlar aniqlanganda yoki oilaviy sharoitiga ko’ra bola tarbiyasiga salbiy ta’sir ko’rsatuvchi holatlar sezilganda o’quvchi maktabning alohida ichki nazoratga olinadi va yakka tartibda profilaktik tadbirlar tashkil etiladi. Umumta’lim maktablarining alohida ichki nazoratiga olingan o’quvchilar ro’yxatini shakllantirish.
Umumta’lim maktablarining ichki nazoratiga huquqbuzarlikka moyilligi bo’lgan o’quvchilar sifatida:
Maktabning ichki tartib qoidalariga to’liq amal qilmaydigan, surunkali dars qoldiruvchi va past o’zlashtiruvchi o’quvchilar;
Maqsadli reydlar davomida ko’cha-ko’yda bemaqsad yurganligi yoki turli ishlar bilan shug’ullanayotganligi aniqlangan o’quvchilar;
Ijtimoiy xavfi katta bo’lmagan jinoyat va huquqbuzarliklar sodir etgan o’quvchilar;
Ichki ishlar idoralarining profilaktik hisobiga olingan o’quvchilar.
«Diniy ta’limga moyilligi bo’lgan o’quvchilar sifatida:
majburiy ta’lim olishdan bosh tortib masjidlarda ibodat qilganligi, yoki diniy rasm-rusumlar va marosimlarda qatnashganligi aniqlanganlar;
maktabda va jamoat joylarida diniy libos (xijob)da yuruvchi o’quvchi-qizlar;
Ichki ishlar bo’limlarining maxsus hisobida turgan Diniy ekstremistik oqim xayrixohlarining maktab yoshidagi farzandlari;
o’quvchilarning din haqidagi bilimlar olishga bo’lgan qiziqishlarini aniqlash maqsadida o’tkazilgan ijtimoiy va psixologik so’rovlar natijasiga ko’ra lozim topilganlar.
Noqobil oila farzandlari sifatida:
Narkologiya dispanserining profilaktik hisobida turadigan shaxslarning maktab yoshidagi farzandlari;
Notinch va janjalkash oilalarda tarbiyalanayotgan o’quvchilar olinadi;
Umumta’lim maktablarining alohida ichki nazoratiga olingan o’quvchilar bilan tushuntirish ishlarini olib borish.
Mazkur o’quvchilar bilan tushuntirish ishlari olib borishni quyidagi tartibda amalga oshirish maqsadga muvofiq.
O’quvchilarning ushbu ro’yxatga olingaligini o’ziga va tengdoshlariga oshkor qilmagan holda profilaktik tadbirlarni amalga oshirish va ularga nazoratchi-pedagoglar biriktirish;
Ularni bo’sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish maqsadida maktabdagi qiziqishlari bo’yicha va fan to’garaklariga jalb etish;
Nazoratchi-pedagoglar tomonidan o’quvchilarni ro’yxatga olinishiga sabab bo’lgan xatti-harakatlarini takrorlanishini oldini olishga qaratilgan profilaktik tadbirlarni amalga oshirish. Bunda Diniy ta’limga moyilligi bo’lgan o’quvchilarning din haqidagi tushunchalari va dunyoqarashlarini ijobiy tomonga o’zgartirish maqsadida mazkur o’quvchilar va ularning ota-onalari bilan yakka tartibda tushintirish ishlarini olib borish;
Ularga O’zbekiston Respublikasining «Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to’g’risida»gi Qonuni talablarini tushuntirish;
Huquqbuzarlikka moyil o’quvchilar va ularning ota-onalari o’rtasida «Voyaga etmaganlarning huquq, burch va mas’uliyatlari», «Voyaga etmaganlarning jinoiy javobgarliklari», «Farzand tarbiyasiga salbiy ta’sir ko’rsatuvchi omillar va ularni oldini olishda ota-onalarning roli», «Diniy ekstremizm – yoshlar kelajagiga tahdid», «Sog’lom avlod – millat kelajagi» mavzularida soha mutaxassislarini jalb qilgan holda davra suhbatlarini tashkil etish;
O’quvchilarning darslarga maktab «Ustavi»da belgilangan o’quvchilar formasida, dars jadvalida ko’rsatilgan darsliklar va tegishli o’quv-qurollari bilan kelishini nazorat qilishga alohida e’tibor qaratish lozim.
Mahalla faollari bilan hamkorlikda ushbu o’quvchilarning ota-onalari yoki ularning o’rnini bosuvchi shaxslarning bola tarbiyasidagi mas’uliyatini oshirishga qaratilgan hamkorlik ishlarini amalga oshirish:
Farzandi tarbiyasiga salbiy ta’sir ko’rsatayotgan, ularni maktabga borishiga to’sqinlik qilayotgan noqobil ota-onalar to’g’risida mahalla fuqarolar yig’inlariga ma’lumot kiritish hamda ularni faollar o’rtasida muhokama qilinishi ustidan jamoatchilik nazoratini o’rnatish.
Ota-onalar yoki ularning o’rnini bosuvchi shaxslar tomonidan bolalarni tarbiyalash borasidagi majburiyatlarni bajarmaslik hamda umumiy ta’lim olishlarini ta’minlamaslik holatlari kuzatilganda ularni o’rnatilgan tartibda javobgarlikka tortish uchun huquqni muhofaza qiluvchi organlarga taklif kiritish;
Ko’rilgan choralar samara bermagan holda ularni ota-onalik huquqidan mahrum qilish bo’yicha voyaga etmaganlar ishlari bo’yicha komissiyalarga murojaat qilish.
Shuningdek, o’quvchilarning oilaviy sharoitlarini, oiladagi ijtimoiy-ma’naviy muhitni o’rganish maqsadida sinf rahbarlari tomonidan «Mening oilam», Iqtisod fani o’qituvchisi tomonidan «Oilamiz byudjeti», Milliy istiqlol g’oyasi va ma’naviyat asoslari turkumidagi fanlardan dars beruvchi o’qituvchi tomonidan «Mening Vatanim» mavzularida darsdan tashqari ijodiy bayon va insholar olish maqsadga muvofiq.