4) koma xolatiga tushgan bemorlarga zarur bo’lgan xolatni berish; 5) shok xolati kuzatilgan bemorlarga zarur bo’lgan xolatni berish; 6) bosib qolgan joylardan bemorlarni qo’shimcha shikast yetkazmasdan chiqarib olish. Keyingi bosqich shikastlanganni xavfsiz joyga olib chiqish, saralashni o’tkazish, evakuatsiyaga tayyorlash va davolash maskaniga transportirovka qilishdan iborat. Armanistonda bo’lib o’tgan yer qimirlashi oqibatlari bo’yicha xalqaro tadqiqot natijalari shuni ko’rsatadiki, agar og’ir jarohatlanganlarning transportirovkasi tayyorgarliksiz, ya’ni immobilizatsiyasiz va og’riqsizlantirmasdan amalga oshirilsa hamda transportirovka uchun moslanmagan (shaxsiy avtomobillarda) vositalarda olib borilsa, shikastlanganlarning aksariyati yo’lning o’zida juda og’ir va terminal xolatga tushadilar yoki dunyodan ko’z yumadilar. Shuning uchun ham shikastlanganlarning vaqtincha to’planish joyida jarohat og’irlik darajasini asbob-anjom tashxisi talab qilmaydigan elementar belgilar (bemor hushidami yoki yo’qmi, nafas olish xususiyati, asosiy va periferik tomirlardagi puls) orqali baxolash, jarohatning tanada joylashuvi hamda xususiyatini aniqlash va eng yaqin shifo maskaniga evakuatsiya qilish uchun tayyorgarlik ko’rish katta ahamiyatga ega.
Shikastlanganlar xolati va jarohatning og’irlik darajasiga qarab to’rt guruhga ajratiladi.
Birinchi guruhga kechiktirib bo’lmaydigan jarrohlik muolajasiga muhtoj bo’lgan, og’ir xolatdagi bemorlar kiradi. Bu guruh umumiy shikastlanganlarning 20 % ni tashkil qiladi. Ikkinchi guruhga xolati o’rtacha og’irlikdagi bemorlar kirib, yordamni 6–8 soatga kechiktirish mumkin. Bu guruh umumiy shikastlanganlarning 20 % ni tashkil qiladi. Uchinchi guruhdagilar xolati yengil bemorlar bo’lib, ambulatoriya yordami bilan chegaralanish mumkin. Ular umumiy shikastlanganlarning 40 % ni tashkil qiladi. To’rtinchi guruh – xolati juda og’ir, aziyat chekishini yengillashtirishga muhtoj bemorlar. Ular umumiy shikastlanganlarning 20 % ni tashkil qiladi. Shikastlanganlar ko’p miqdorda to’plangan joylardan birinchi navbatda hayoti xavf ostida qolgan (masalan, davomli ichki qon ketishi), lekin tirik qolish imkoniyati bor bo’lganlarni transportirovka qilish talab qilinadi. Terminal xolatdagi bemorlarni shu joyda simptomatik yo’l bilan davolab, transportirovka qilinmaydi. Shikastlanganlarni transportirovka qilish faqat sanitar transportida amalga oshirilishi kerak. Yordamchi transport vositasi sifatida yuk avtomobillaridan, avtobuslardan foydalanish mumkin, bunda bemorlarni matrasli shitlarga yotqizib olib borish maqsadga muvofiqdir. Olib boriladigan shifoxona 20 km va undan uzoq bo’lsa, vertolyotdan foydalanish ma’quldir. Tabiiy ofatlar sonini kamaytirishda binolarning chidamli qurilishi, to’siqlar o’rnatilishi va boshqa maxsus himoya choralari bo’lishi katta ahamiyatga ega. Xona ichida zilziladan ko’riladigan talafotlarga qarshi himoya choralari sifatida quyidagilar bajarilishi lozim: isitish va boshqa moslamalarning bino devoriga qattiq mahkamlanishi, tom va tom yopg’ichlarining yengil, qattiq jixozlarning pol va devorlarga mahkamlanishi, shkaf va muzlatgichlarning zarbalardan himoyalangan bo’lishi, televizorlar yong’in va portlash xavfi bo’lganligi uchun devorga mahkamlangan bo’lishi kerak. Axolini zilzila xavfidan va undan ko’riladigan talafotni kamaytirish maqsadida muntazam o’qitib borish kerak.