Ikki ovozli xor asarlarini aranjirovka qilish. Reja: Xor kollektivi ikki ovozli ashulalarning murakkab formalari Ikki ovozli ashula aytish ko‘nikmalari



Yüklə 66,12 Kb.
tarix14.12.2022
ölçüsü66,12 Kb.
#121023
IKKI OVOZLI XOR ASARLARINI ARANJIROVKA QILISH


IKKI OVOZLI XOR ASARLARINI ARANJIROVKA QILISH.




REJA:
1. Xor kollektivi ikki ovozli ashulalarning murakkab formalari
2. Ikki ovozli ashula aytish ko‘nikmalari
3. xorda ko‘p ovozlilikda kuylash

KIRISH:
Xor kollektivi ikki ovozli ashulalarning murakkab formalari bilan tanishgach va ko‘p ovozli qo‘shiq aytishning ma’lum xor-vokal malakalariga ega bo‘lgach, asta-sekin uncha murakkab bo‘lmagan ikki-uch tovushlilikka o‘tish imkoni yaratiladi. Ish jarayonida xonandalarni uch-to‘rt ovozli ashulalardagi garmonik sadolarni (akkordlarni) eshitishga o‘rgatib boriladi. Keyinchalik ko‘p ovozli ashulalarni muzika asboblari jo‘rligisiz (a-kapella) aytish hamda uning chiroyli va ta’sirchan yangrashini sezish qobiliyati ri-vojlantiriladi.


Ikki ovozli ashula aytish ko‘nikmalarini shakllantirish uchun (yengil xalq qo‘shiqlarini) «a-kapella» uslubida kuylash yaxshi natija beradi.
Demak, xorda ko‘p ovozli qo‘shiq aytish ko‘nikmalarini rivojlantirish uchun avval oddiy ikki, so‘ng to‘liq ikki ovozli qo‘shiqlar, oddiy uch ovozli, keyin to‘liq uch ovozli qo‘shiqlar va shu tar-tibda to‘rt, besh ovozli qo‘shiqlar o‘rgatiladi.
Umuman, ko‘p ovozli asarlar ustida ishlashning xilma-xil uslublari bor. Ba’zilar qo‘shiq o‘rgatishni ikkinchi ovozdan boshlashni tavsiya qiladilar. Lekin asarning asosiy kuyini yaxshi sezmasdan ikkinchi ovozni o‘rganish qiyin va noto‘g‘ri. Shuning uchun ham, ikki ovozli qo‘shiq o‘rgatishda, birinchi ovozlar bilan boshlash maqsadga muvofiq bo‘ladi. Bunda har ikki xor partiyasi qo‘shilib, soprano va tenor partiyalariga birinchi ovoz, alt va bas partiyalariga ikkinchi ovoz o‘rgatiladi (S—T, A—B).
Ikkinchi ovozlar qo‘shiqning asosiy kuyini yaxshi anglab olganlaridan so‘ng, o‘z (ikkinchi ovozni) partiyalarini o‘rganish ancha yengil bo‘ladi. Keyinchalik ikki ovozli, ya’ni ikkinchi ovozlar ancha murakkab bo‘lgan qo‘shiq o‘rgatishga o‘tiladi. Bu davrda har bir partiya o‘rgatilayotganda xonandalarni ikkinchi ovoz kuyi bilan ham tanishtirib boriladi. Shuningdek, ijro davomida jo‘rsiz kuylash-ga hamda toza intonatsiya, ansambl birligiga va xor ohangining boshqa elementlariga e’tiborni kuchaytirib borish yo‘llari o‘rgatiladi.
Shunday qilib, xorda ko‘p ovozlilikda kuylash avval ikki ovozlik ashulalardan boshlanib, to‘liq to‘rt ovozli (undan ham ko‘p) asarlarga o‘tiladi. Buning eng muhim shartlaridan biri, havaskorlik xorining nota bilan kuylay olishiga, umuman, muzika savodiga bog‘liq.
Ko‘p ovozlilikda kuylash mahoratiga ega bo‘lish havaskorlik xori a’zolarini muzika san’atining ajoyib namunalari bilan tanishtira boradi va ular ko‘p ovozli xor muzikasi go‘zalligini tushunish, qadrlash va sevishga o‘rganadilar.
Ko‘rik deganda, mashg‘ulotlarning eng oxirgisi, ya’ni eng muhimi tushuniladi.
Odatda, ko‘rik (general) mashg‘ulot konsertdan bir kun oldin o‘tkaziladi. Uni konsert kuni, xususan, konsertdan bir-ikki soat oldin o‘tkazilmaydi, chunki bunday hollarda ovoz toliqadi, natijada konsert yomon o‘tadi. Ba’zida ko‘rik (general) mashg‘ulot ikki marta (ikki-uch kun oralig‘ida) o‘tkazilishi ham mumkin. Ko‘rikdan so‘ng xonandalarning yaxshi dam olishi konsertning muvaffaqiyatli o‘tishini ta’minlaydi.
Asar konsert repertuariga kiritilgandan so‘ng ham, uning ustida ishlash jarayoni aslo tugamaydi.
Aksincha, konsertdan konsertga xonandalarning ijrochilik mahorati oshib, asar ijrosi «yetila boradi», sayqal topadi.
Konsertdan oldin dirijyor o‘zini va xonandalarni psixologik tayyorlashi («sozlashi») kerak, bu konsertning muvaffaqiyatli o‘tishi omillaridan biri hisoblanadi.
Xorda asarni yoddan ijro etish usuli ham mavjud. Bu progressiv usulda xonandalar dirijyorning ishoralarini yaqqol ko‘radilar va aniq bajaradilar. Eslab qolish qiyin bo‘lgan siklik-polifonik asarlar nota bilan ijro qilinadi. Shuningdek, havaskorlik xorlari tomonidan ayrim mukammal xor asarlari yod bo‘lmaguncha, nota bilan ijro qilinishi mumkin.
Boshlang‘ich formadagi havaskorlik xorlari nota bilan kuylash ko‘nikmalarini hali yaxshi egallamaganliklari sababli, asar o‘rganish va uning ijrosi notasiz, muzikaviy eshitish qobiliyati orqali (sluxdan) bo‘lishi mumkin. Umuman programmani yoddan ijro qilishi maqsadga muvofiq.
Havaskorlik xorlari o‘zlarining konsert programmalari bilan kishilarning muzika madaniyatini oshiradi, ularning badiiy-estetik ehtiyojlarini qondiradi, havaskor xonandalar sahna madaniyatini egallab, ijro tajribalari boyib boradi.
Xorning barcha konsert-chiqishlari tarbiyaviy ahamiyatga ega. Har bir konsert-chiqish esa, ma’lum maqsadni o‘z oldiga qo‘yadi. Xor ijrochiligi tajribasida konsert berishning quyidagi formalari uchraydi:
— Buyuk sanalarga bag‘ishlangan (Oktabr inqilobi, V. I. Lenin tug‘ilgan kun, 8 mart — Xalqaro xotin-qizlar kuni, Sovet Armiyasi kuni va hokazo) konsertlar:
— uchrashuv konsertlari;
— tematik konsertlar (konsert-suhbat va konsert-leksiyalar);
— badiiy havaskorlik festivallari, ko‘rik va konkurslarda chiqish;
— ashula bayramlarida qatnashish;
— adabiy-badiiy montajlarda qatnashish;
— hisobot konsertlari (ma’lum davrdan so‘ng keng programmada ijodiy hisobot konserti beriladi).
Havaskorlik xorining mana shunday konsertlar bilan chiqishi, ashula bayramlarida faol qatnashishi ijodiy faoliyatining ravnaqi uchun katta ahamiyatga ega. Bunday chiqishlarda kollektiv o‘ziga xos sinovlardan o‘tadi va badiiy barkamollik yo‘lida chiniqa boradi.
Klub havaskorlik xori «solo» (yakka) konsertlar berishdan tashqari, umumiy konsertlarda ham qatnashadi. Bunday umumiy-qo‘shma konsertlarda xor kollektivi bir-ikki asar bilan konsertning ochilishida, yopilishida ishtirok etadi.
Xor kollektivi ochiq havoda mustaqil konsertlar berganda, sahnani radiolashtirish yo‘lidan foydalanishi lozim.
Rahbar konsert o‘tadigan zalning akustik xususiyatlarini bilishi, konsertdan oldin qisqa mashg‘ulot o‘tkazib, xorni zal akustikasiga moslashtirishi, sahnada xorning turish o‘rnini, sahnaga qaysi tomondan kirish va chiqib ketish, turish holati (necha qator bo‘lib), xor kiyimini oldindan bilishi, kollektiv bilan kelishib olishi maqsadga muvofiqdir.
Shuningdek, xor rahbari har bir konsert-chiqishning qachon va kimlar uchun o‘tishiga qarab, programma tuzadi, xor uchun forma tanlaydi va sahnada skameykalar bo‘lishi kabi tashkiliy masalalarni hal qiladi.
Har bir konsertga chiqishdan oldin yuqoridagi masalalarni oldindan hal qilish, puxta tayyorgarlik (bir-ikki kun oldin programma ustida ishlash) ko‘rishi kerak. Xonandalarni konsertga juda erta chaqirib qo‘yish ularni charchatadi va ijro sifati buziladi.
Navbatdagi konsert programmasini yaxshi repetitsiya qilish va xorni psixologik tomondan ham tayyorlash (sahnada tutish va h. k.) kerak.
Tinglovchilarni charchatib qo‘ymaslik uchun konsert programmasini har xil xarakterli asarlardan (tematik va siklik konsertlardan tashqari) tuziladi. Shuningdek, programmani tuzishda asarlarning uzviy bog‘liqligi, ma’lum mazmunga ega bo‘lishini ham hisobga olish kerak. Programma oddiy asarlardan (konsert tematikasiga qarab) boshlanib, sekin-asta o‘zining kulminatsion nuqtasiga chiqishi va tugashi lozim.
Tomoshabinlar iltimosiga binoan, birorta asar qayta ijro qilinishi lozim bo‘lib qolsa, kichikroq bo‘lsa, boshdan oxirigacha to‘liq, agar katta bo‘lsa, oxiridan (yoki o‘rta qismidan) ma’lum bir bo‘lagi (kupleti) ijro qilinadi.
Konsertning muvaffaqiyatli o‘tishi rahbarning konsertni ko‘tarinki ruhda (yuksak zmotsionallikda) o‘tkaza bilishiga, uning iste’dodiga bog‘liq. U muzika obraziga kirib, xorchilarni ham shu obrazda ruhlantirishi va asarning mazmunini ochib berishda interpretator bo‘lishi, xor bilan birga, asar obrazini yaratishi kerak.
Asar yuqori saviyada ijro qilinsa, uni eshituvchi auditoriya va havaskor ijrochilarga badiiy ta’siri kuchli bo‘ladi. Asar talqinida dirijyorning roli katta. U konsertning boshlanishidan to oxirigacha ko‘tarinkilikdagi ijroni batafsil kuzatib borishi shart. Har bir konsert-chiqishdan so‘ng, albatta, konsertning qanday o‘tganligi, undagi kamchilik va yutuqlar xonandalar ishtirokida muhokama qilinadi. Tajribasiz xonandalarning konsert vaqtida ansambldan chiqishi, detonatsiya va distonatsiya qilishi (nota talaffuzining pasayishi yoki ko‘tarilishi), dirijyorning noaniq ishorasi va boshqa hollar uchrasa ular ko‘rib chiqiladi.
O‘smirlar ovoziga xos xususiyatlarni muvaffaqiyatli shakllantirish uchun xor va vokal malakalarini shakllantirishning professional yo‘l-yo‘riqlariga bevosita murojaat qilishga to‘g‘ri keladi.
Vokal malakalarini shakllantirishning muhim yo‘li bu kuylash uchun olinadigan nafasni to‘g‘ri olishdan boshlanadi. O‘quvchilar odatda kuylash uchun yelkalarini va ko‘krak qafasini yuqori ko‘tarib, nafas olishni to‘g‘ri yo‘l deb hisoblaydilar. Shuningdek, ular olingan nafasni tez chiqarib yuboradilar va qolgan nafas orqali zo‘riqib kuylashga odatlangan bo‘ladilar.
Musiqa o‘qituvchisining birinchi navbatdagi vazifasi kuylash uchun olinadigan nafasni o‘quvchilarning to‘g‘ri olishlariga odatlantirishdan iborat bo‘ladi.
To‘g‘ri nafas olish uchun quyidagi shartlarga amal qilish lozim bo‘ladi:
1. Nafasni olayotganda yelkani ko‘tarmaslikka odatlanish.
2. Nafasni faqat burun orqali emas, balki qisman og‘iz orqali ham olish.
3. Nafasni xaddan tashqari, tiqilib qoladigan darajada ko‘p olmaslik.
4. Nafasni musiqa frazasiga mo‘ljallab ola bilish.
5. Nafas asosan qorin bo‘shlig‘iga olish.
6. Nafasni to‘xtata olish.
7. Olingan nafasni rasamatli, tejamli sarflay olish.
8. Nafasni sinfdoshlari bilan birday ola bilish va uni birday sarflay boshlash.
Olingan nafasni to‘g‘ri sarflash uchun o‘quvchilar kuylanadigan frazani hisobga olishlari lozim bo‘ladi. Nafas ovoz pardalarini erkin tebratib, og‘iz komi tomonga yo‘naltiriladi. Nafasni tomoqda qisib bo‘g‘in ovoz hosil qilishdan saqlanish muhim ahamiyatga ega bo‘ladi.
Nafasni kuylash uchun yo‘naltirishning muhim jihati bu og‘iz komida kuylanadigan so‘zlarni shakllantira olishga bog‘liq bo‘ladi. Og‘iz komida tishlar, lablar, til tangli orqali unli va undoshlarni to‘g‘ri talaffuz qilish jarayoni ham kuylashda muhim ahamiyat kasb etadi. Bunda ovoz hosil qilishda muhim bo‘lgan quyidagi jihatlarga e’tiborni qaratish tavsiya etiladi:
1. Unlilarni cho‘zib kuylash, ovoz hosil qilishning muhim tomoni ekanligini bilish.
2. Undoshlar qisqa va keskin talaffuz qilishda.
3. So‘zlarni og‘iz komida aylantirib to‘g‘ri shakllantira olish.
4. Nafasni tovush parvozini ta’minlash holda erkin parvoz qildirishga odatlanish va hokazo.
V-VII sinf o‘quvchilarining kuylash malakalarini rivojlantirishda musiqa darsiga xos faoliyat turlaridan biri bo‘lgan jamoa bo‘lib qo‘shiq kuylash muhim o‘rin tutadi. Jamoali kuylash jarayonida barcha o‘quvchilar birdan kuylash imkoniyatiga ega bo‘ladilar. Bu esa o‘quvchilarga olam jahon zavq bag‘ishlaydi. Barcha sinfdoshlari bilan birgalikda hamjihat bo‘lib kuylaganlarida o‘quvchilar bu birlashishda qanchalik katta kuch borligini chuqur his qiladilar. Zero, xor jamoasida qo‘shiq kuylash barcha yoshdagi kishilar uchun ham zavq bag‘ishlay oladi. Afsuski, kattalar bunday baxtni his qilish baxtidan benasib bo‘lib qoladilar. Chunki, kattalarni birlashtiruvchi xor jamoalari bizning xalqimiz uchun odat bo‘lmagan. Xususan, ko‘pchilikni birlashtiruvchi pensionerlar xori yoki katta yoshdagi kishilar xori deyarlik uchramaydi. Vaholanki, yevropalik qariyalardan tuzilgan xorlarda keksalar ham cheksiz zavq-shavq bilan kuylaydilar va o‘zlarining yolg‘iz ekanliklarini his qiladilar.
O‘smir yoshdagi bolalar uchun xorda kuylash nihoyatda zavqli va unda o‘quvchilar boshqa o‘quv predmetlaridagi charchoqni sezmay qoladilar. Ayni paytda shuni alohida ta’kidlash lozimki, musiqa darslarida bolalarning vaqtini boshqa faoliyat turlari bilan ko‘proq mashg‘ul bo‘lish hollari ham uchraydi. Bu esa o‘quvchilar jamoa bo‘lib kuylashdek zavq bera olmaydi.
Shuningdek, xorda kuylaganda o‘quvchilarga xordan tashqari ko‘p tanbex berish, ularni kuylashdan to‘xtataverish ham ularni ranjitib qo‘yadilar. Sinfdagi barcha o‘quvchilar ham birday kuylash qobiliyatiga ega emasliklarini his qilgan holda ular tomonidan yo‘l quyiladigan ayrim kamchiliklardan norozi bo‘laverish ham yaramaydi.
Xorga xos bir qator muhim elementlar mavjudki, bu spetsifik xususiyatlarga amal qilish o‘quvchilarning kuylash malakalariga professionalizmlik kirita oladi.
Professor P.Chesnokovning ta’biri bilan aytganda xorda agar uch muhim element bo‘lmasa, bunday tomonni xor deb atash noto‘g‘ri bo‘ladi.
Bulardan biri - bu xorning sozidir. Soz - bu kuylash jarayonida uchraydigan barcha interval va akkordlarning to‘g‘ri talaffuz qilinishidan iboratdir. Musiqa nazariyasidan ma’lumki - intervallar tovushlari birin-ketin keladigan melodik intervallar va bir paytda talaffuz qilinadigan garmonik intervallardan iborat bo‘ladi.
O‘zbek musiqiy bisotiga oid ko‘plab materiallar asosan melodik tarzdagi intervallar qo‘shilmasidan tashkil topgan, xususan folklor qo‘shiqlari, marosim qo‘shiqlari, turli xalq an’analarida kuylanadigan qo‘shiqlar ham xatto xalqimizning nodir asarlari bo‘lgan og‘zaki an’anadagi yirik sikllardan tashkil topgan maqomlar ham asosan melodik tarzdagi intervallardan iboratdir.
Barcha insonlar singari bolalar ovozi ham har doim birday qo‘shilavermaydi. Ko‘pincha bu o‘quvchilarning kayfiyatiga, salomatligiga va o‘quvchiga ham bog‘liq bo‘ladi. Shuning uchun ham ma’lum bir notani kuylaganlarida birisi sezilar-sezilmas darajada pastroq, ba’zisi balandroq va ba’zisi barqaror kuylaydilar. Bunda talaffuzlar majmuisi tabiiy soz deyiladi. Fortepianoda ma’lum agarda jaranglaydigan notaga ega pasaytirishga ham, yuqorilatishga ham moyillik ko‘rsatmaydi. Shuning uchun ham bu cholg‘u asbobining sozini tekkis soz deb yuritiladi.



Bolalar ovozi ham kattalar singari tabiiy sozga ega bo‘lganligi uchun intervallar talaffuzida ba’zi kamchiliklar mavjud bo‘ladi.


Ko‘p yillik tajribaga ega bo‘lgan xor mutaxassislari intervallarni to‘g‘ri talaffuz qilish uchun ayrim intonatsion xususiyatlardan foydalanish zarurligini isbotlaganlar.
Kuylash jarayonida intervallarni bu qonun-qoidalarga amal qilgan holda ularning aniq talaffuziga erishish mumkin bo‘lishini isbotlashgan.
Melodik intervallarni to‘g‘ri kuylash uchun ularning bosqichlarini quyidagicha kuylash tavsiya etiladi:
1. Barcha sof intervallar sof-1, sof-4, sof-kvinta va sof-oktavalarning har ikki bosqichini (ya’ni pastga va yuqoriga notalarini) barqaror kuylash lozim.
2. Barcha kichik intervallar kichik-2, kichik-3, kichik-6, kichik-7 intervallarning 1-bosqichi barqaror, ikkinchi bosqichi esa pasaytirish, ya’ni past tomonga intiltirib kuylanadi.
3. Barcha katta intervallar katta-2, katta-3, katta-6 va katta-7 intervallarining 1-bosqichi barqaror va 2-bosqichlari esa yuqorilatish yo‘li bilan kuylanadi.
Major va minor gammalari ham asosan yuqoridagi qonun-qoidalardan kelib chiqqan holda kuylanadi.
Xorga xos muhim elementlardan biri bu ansambl bo‘lib, u fransuz tilidan olingan va barcha xor qatnashchilarining birgalikda, hamjihat kuylashlarini taqozo etadi.
Ansambllar vokal ijrochilari uchun quyidagicha tarkibdan iborat bo‘lishi mumkin:
1 kishi ijrosi «solo» deyiladi.
2 kishilik ansambl «duet» deyiladi.
3 kishilik ansambl «trio» deyiladi.
4 kishilik ansambl «kvartet» deyiladi.
5 kishilik ansambl «kvintet» deyiladi.
6 kishilik ansambl «sekotet» deyiladi.
7 kishilik ansambl «septet» deyiladi.
8 kishilik ansambl «oktet» deyiladi.
Bulardan eng ko‘p uchraydigan duet, kvartet va kvintet ansambllari hisoblanadi.
Ammo shuni alohida ta’kidlash lozimki, ansambllarning tub mazmuniga yetmaslik natijasida ayrim xatoliklarga yo‘l qo‘yiladi. Bu ayniqsa kvartet yoki kvintet haqida so‘z yuritilganda sodir bo‘ladi.
Ko‘rik-tanlovlarda ayrim maktab rahbarlari to‘rt kishi ijrosidagi har qanday qo‘shiqni bu kvartet deb bahslashadilar. Vaholanki, to‘rt kishi ijrosidagi qo‘shiq bir yoki ikki ovozli vokal ansambli bo‘lib chiqadi.
To‘rt kishi qo‘shiq kuylaganlarida, agar ular qo‘shiqning ayrim joylarini to‘rt ovozlik qilib kuylasalargina u kvartet bo‘ladi.
Yüklə 66,12 Kb.

Dostları ilə paylaş:




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©muhaz.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin