MT14 Xalqaro ilmiy-amaliy anjuman Universitetimiz vakili “Iqtisodiy tadqiqotlarga asoslangan oliy ma’lumotli iqtisodchi kadrlarni tayyorlash: muammolar va innovatsion yechimlar” mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy anjumanda ishtirok etdi
Iqtisodiyot fanlari doktori, professor Baxtiyor Negmatovich Navruz-Zoda ilmiy faoliyatining 50 yilligi va tavalludining 70 yillik yubileyiga bag‘ishlangan “Iqtisodiy tadqiqotlarga asoslangan oliy ma’lumotli iqtisodchi kadrlarni tayyorlash: muammolar va innovatsion yechimlar” mavzusidagi xalqaro anjumanda universitetimiz Xalqaro hamkorlik bo‘yicha prorektori professor B.X.Turayev ishtirok etdi. Anjumanda oliy ma’lumotli iqtisodchi kadrlarning kasbiy kompetentlik darajasi va unga erishish yo‘llari, zamonaviy iqtisodiyot ilmiy maktabining tashkil etilishi va uning iqtisodchi kadrlarni tayyorlashdagi roli, iqtisodiyot boʻyicha magistrlik dissertatsiyalari sifatini oshirish boʻyicha Qirgʻiziston tajribasi, iqtisodiy tadqiqotlarga asoslangan oliy ma’lumotli iqtisodchi kadrlarni tayyorlashning Fransiya va Italiya tajribalari xususida yalpi majlis ma’ruzalari bo‘lib o‘tdi.
Shuningdek, anjuman davomida Buxoro zamonaviy iqtisodiyot ilmiy maktabining asoschisi professor Baxtiyor Negmatov Navruz-Zodaning ilmiy-pedagogik faoliyatidagi 50 yillik ilg‘or tajribasi va innovatsion iqtisodiy g‘oyalari haqidagi xotiralar va qutlovlar yangradi.
Vakilimiz tomonidan Buxoro davlat universiteti rektori Obidjon Xamidovga universitet uchun hadya qilingan kitoblar majmuasi, ayniqsa, iqtisodchi tadqiqotchilarni xursand qildi.
MT15 Taqriz qanday yoziladi? Bugungi internet olami, turli ijtimoiy tarmoqlar, yozma, audio, video shaklida kitoblarga bagʼishlangan taqrizlar, taassurotlar zamonaviy tilda aytganda revyular bilan toʼla. Instgram yutub orqali yuritilayotgan mashhur bukbloglar omma nazariga tushgan. Xoʼsh ularning muvaffaqiyati sabablari qaerda? Аsarlar haqidagi bildirayotgan fikrlari ilmiylikka mos keladimi? Quyidagi maqolani oʼqib oʼsha bloglarga baho berishingiz mumkin. Аvvalo oʼqigan kitobi haqida qanday yozish har kimni oʼz xohishi, buni maʼlum bir qoidalar bilan qolipga solib qoʼyish, kitobxon tasavvurini cheklashdek gap. Аsar sizga yoqdimi u haqida bizga nimanidir aytmoqchimisiz, oʼz bilganingizcha yozavering bunda qandaydir qoidalarga boʼy sunish, yoki kimlarningdir tanqidlaridan qoʼrqish shart emas. Shunday boʼlsada taqriz haqida bilib qoʼysangiz ziyon boʼlmaydigan jihatlar bor. Taqriz – adabiy tanqid sohasidagi eng kichik janrlardan biri. Taqriz – badiiyat olamidagi “razvedka” vositasi. Uning vazifasi ixcham ommabop tahlil orqali asarning adabiy jarayon va yozuvchi ijodiyotidagi oʼrnini aniqlash, yutuq va kamchiliklarini koʼrsatish, isbotlash va baholash, unga kitobxonning eʼtiborini qaratishdan iborat. Bu janr shunisi bilan xarakterliki, keng jamoatchilikning asarni qanday qabul qilishi maʼlum jihatdan uni baholagan, tahlil qilgan dastlabki taqrizlarga bogʼliq. Haqqoniy taqriz asar haqida jamoatchilik fikrining shakllanishiga taʼsir koʼrsatadi. Taqrizchi asar mohiyatini ilmiy-estetik tahlil qilish orqali u haqida kitobxonning tasavvur koʼzini ochadi. Shu oʼrinda taqrizchi masʼuliyati degan muhim masala kelib chiqadi. Аgar taqrizchi ilmiy-estetik jihatdan kuchli boʼlsa, mulohazalari asosli va teran boʼlsa, ilmiy jamoatchilikka ham, kitobxonlarga ham, adabiyotga ham naf keltiradi. Va, aksincha boʼlsa: qimmatli asarni didsizligi tufayli inkor etsa yoxud boʼsh asarni madh etsa, adabiy jamoatchilikni ham, kitobxonni ham chalgʼitadi. Shu maʼnoda taqrizchini tibbiyotdagi tashxis qoʼyuvchiga qiyoslasa boʼladi. Аrabcha “biror asarni maqtab yozish” degan maʼnoni anglatuvchi taqriz janrida qisqa tahlil orqali asarga va uning mohiyatiga hamda badiiyatiga berilgan baho yetakchi unsur hisoblanadi. Taqrizda vijdonan, bilimdonlik va masʼuliyat bilan amalga oshirilgan tahlil zarur. Taqriz yozuvchi shaxs asarga oʼz shaxsiyat-u hissiyoti nuqtayi nazaridan emas, balki umumxalq fikridan kelib chiqib hukm chiqarishi kerak. “Menga yoqadi, menga yoqmaydi” qabilidagi iboralar taom, vino, yoʼrgʼa otlar, chopqir itlar, kiyim-kechak va boshqalar haqida gap ketayotgandagina qimmatlidir. Taqriz – bu asardan olingan taassurot yoki subʼektiv munosabat yoinki, asar syujetining quruqqina tavsifi emas, balki asarning mavzu va gʼoyasi, syujeti, obrazlar badiiyati asosli parchalar orqali ochib berilgan haqqoniy ilmiy-estetik tahlildir.