O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI
OLIY VA O‘RTA MAXSUS TA’LIM VAZIRLIGI
MIRZO ULUG‘BEK NOMIDAGI
O‘ZBEKISTON MILLIY UNIVERSITETI
IQTISODIYOT FAKULTETI
“Menejment” yo‘nalishi 1-kurs talabasi
Bekpulatov Omadbekning
“O‘zbekiston iqtisodiyoti” fanidan
MUSTAQIL ISHI
Mavzu: Agrosanoat majmuasi
TOSHKENT-2021
Reja:
Agrosanoat majmuasi haqida tushuncha.
Qishloq xo`jaligining respublika iqtisodiyotida tutgan o`rni.
Mustaqillik yilarida agrar sertordagi islohotlar.
Xulosa.
Agrosanoat majmuasi (ASM) - qishloq xo`jaligi mahsulotlarini ishlab chiqarish, ularni tayyorlash, qayta ishlash, saqlash va tayyor mahsulotni iste`molchilarga yetkazib berish bilan bog`liq tarmoqlar yig`indisidir. Agrosanoat majmuasining asosiy vazifasi-aholining oziq-ovqat mahsulotlari va xalq iste`moli tovarlariga bo`lgan ehtiyojlarini to`laroq va samaraliroq qondirishdan iborat. Mamlakatimiz ASM agrosanoat integratsiyasi va kooperatsiyasining mahsuli bo`lib, o`tgan asrning 70-yillaridan boshlab yagona tizim sifatida shakllana boshladi. Bu davrga kelib bir nechta tarmoqlarning yagona majmuaga birlashishi uchun moddiy-texnik va ijtimoiy-iqtisodiy shart-sharoitlar barpo etilgan edi. ASMning pirovard mahsulotini yaratishda ishlab chiqarish va muomala sohasining turli bosqichlarida bevosita va bilvosita 70 dan ortiq tarmoqlar ishtirok etadi. ASM tarkibiga texnologik va iqtisodiy jihatdan o`zaro bog`liq va qishloq xo`jaligi mahsulotlarini ishlab chiqarishdan oxirgi iste`molchiga yetkazib berishgacha bo`lgan jarayonda bevosita ishtirok etuvchi tarmoqlar kiradi. Ushbu jarayonda ishtirok etayotgan tarmoqlar o`rtasidagi nisbat agrosanoat majmuasining tarmoq tarkibini tashkil etadi. ASM 3 ta sohani o`z ichiga qamrab oladi. Birinchi soha sanoatning agrosanoat majmuasini ishlab chiqarish vositalari bilan ta`minlovchi, shuningdek, qishloq xo`jaligiga ishlab chiqarish va texnik xizmat ko`rsatuvchi tarmoqlardan iborat. Bu sohaga ASM uchun mashina, traktor, kombayn, stanoklar, ishchi mashinalar, qishloq xo`jaligi texnikalari uchun ehtiyot qismlar, yoqilg`i-moylash materiallari yetkazib beruvchi, mineral o`g`it va ximikatlar, qishloq xo`jaligi zararkunandalariga qarshi vositalar ishlab chiqaruvchi, chorvachilik uchun omixta yem ishlab chiqaruvchi korxonalar, qishloq xo`jaligi ekinlari va chorva mollari uchun dori-darmon ishlab chiqaruvchi ixtisoslashgan korxonalar va boshqalar kiradi. ASMning birinchi sohasiga kiruvchi tarmoqlar ishlab chiqarish jarayonini resurslar bilan ta`minlash, qishloq xo`jaligini sanoatlashtirish va qayta ishlash sanoatida texnika taraqqiyoti uchun asos yaratish, majmuaning barcha bo`g`inlarini samarali faoliyat ko`rsatishi uchun shart-sharoit barpo etishga imkon yaratadi. Qishloq xo`jaligi mahsulotlari va umuman pirovard mahsulot ishlab chiqarishning bir maromda kechishi, uzluksizligi va ommaviyligi ushbu tarmoqlar faoliyatiga bog`liq. Ikkinchi sohaga bevosita qishloq xo`jaligi mahsulotlari ishlab chiqarish bilan shug`ullanuvchi korxonalar, birinchi navbatda, fermer va dehqon xo`jaliklari kiradi. Bundan tashqari ASMning ikkinchi sohasiga-pillachilik, asalarichilik, qisman o`rmonchilik (tabiiy oziq-ovqat va dorivor o`simliklar yetishtirish) hamda baliqchilik kiradi. Bu soha ASMning asosini, yadrosini tashkil etadi. Majmuaning boshqa sohasiga kiruvchi tarmoqlar asosan shu soha mahsulotlari asosida faoliyat yuritadilar yoki ushbu sohaga xizmat ko`rsatadilar.
ASMning uchinchi sohasi qishloq xo`jaligi mahsulotlarini tayyorlovchi, qayta ishlovchi va tayyor mahsulotlarni iste`molchilarga yetkazib beruvchi tarmoqlar va korxonalarni o`z ichiga qamrab oladi. Paxta, go`sht va sut zavodlari, meva sharbatlari chiqaruvchi zavodlar, yog`-moy kombinatlari, jun, kanop, pillani qayta ishlash korxonalari, qishloq xo`jaligi mahsulotlarini yoki ularni qayta ishlash natijasida olingan mahsulotlarni saqlaydigan korxonalar, ularni sotish bilan shug`ullanuvchi korxonalar shu sohaning tarkibiy qismlari hisoblanadi. ASMning uchinchi sohasi qishloq xo`jaligi xom ashyosini sanoat usulida birlamchi qayta ishlash, uni tayyorlash va saqlash, shuningdek, xom ashyoni ikkilamchi qayta ishlash va aholiga sotish uchun tayyor darajaga yetkazishni ta`minlaydi. Ushbu sohaga kiruvchi tarmoqlar tayyor mahsulotni saqlash va sotish joyiga yetkazib berishni ham amalga oshiradi. Mamlakat aholisining turmush darajasi ASM, ayniqsa, uning uchinchi sohasi rivojlanishining holati va sur`atlariga bog`liq.
Qishloq xo`jaligining respublika iqtisodiyotida tutgan o`rni. Qishloq xo`jaligi ASMning muhim bog`lovchi bo`g`ini hisoblanadi. U nafaqat agrosanoat majmuasida, balki milliy iqtisodiyotda alohida o`rin tutadi. Darhaqiqat, qishloq xo`jaligi O`zbekiston iqtisodiyotining yetakchi tarmog`i hisoblanib, bugungi kunda mamlakatimiz aholisining 64 foizi qishloq joylarida istiqomat qiladi. YAIMning 27-30 foizi, iqtisodiy faol aholining deyarli 40 foizi, valyuta tushumlarining qariyb uchdan biri, ichki tovar aylanmasining 70 foizdan ortig`i ushbu sektor hissasiga to`g`ri keladi. Agrar sohada iqtisodiy o`sish sur`atlari 2000-2004 yillarda yiliga o`rtacha 6,2 %, jumladan, dehqonchilikda 7,2 % va chorvachilikda 5,0 foizdan iborat bo`lgan. Demak, agrar sohada iqtisodiy o`sishga dehqonchilik salmoqli ta`sir ko`rsatgan. Qishloq xo`jaligidagi iqtisodiy islohotlar mamlakatimiz oziq-ovqat mustaqilligini mustahkamlashga yanada qulayroq shart-sharoitlar yaratmoqda. 2005 yilda oldingi yilga nisbatan paxta xom ashyosi yetishtirish 126,1, meva va sabzavot yetishtirish-110,5, uzum-143,9, go`sht ishlab chiqarish-106,4, sut ishlab chiqarish-106,2, tuxum ishlab chiqarish-113,9, jun tayyorlash-106,8 foizga ko`paydi.
Dostları ilə paylaş: |