1- mavzu: “TIZIMLAR VA SIGNALLARNI QAYTA ISHLASH” FANIGA KIRISH. QISQACHA MAZMUNI VA VAZIFALARI. TIZIMLAR VA SIGNALLARNI QAYTA ISHLASH HAQIDA UMUMIY TUSHUNCHALAR VA ULARNI TURLARGA AJRATISH
Tizimlar va signallarni qayta ishlash fanini talabalarga o‘rgatishdan maqsad telekommunikatsiya va axborot uzatish tizimlarining umumlashgan nazariyasini zamonaviy matematik modellarni qo‘llab tahlil etish, tizimlarda foydalaniladigan turli signallar, ularning vaqt va chastota funksiyalari ko‘rinishidagi matematik modellari, signallarga raqamli ishlov berish usullaridan foydalanish ko‘nikmalarini hosil qilishdan iborat.
Tizimlar va signallarni qayta ishlash fanini o‘qitishdan maqsad talabalarda telekommunikatsiya va axborot uzatish tizimlarida foydalaniladigan signallarni tahlil etish, ularni asosiy ko‘rsatkichlari bo‘yicha taqqoslash, qo‘yilgan talab asosida signalning eng mutanosibini tanlash, tizimlar va ularni zamonaviy matematik modellari asosida tahlil etishga o‘rgatish, ko‘nikma va malakalarini shakllantirishdan iborat.
Informatsiya, signal, elektr signali
Informatsiya – bu har xil fizik jarayonlar, jismlar, tarixiy va kundalik xodisalar to‘g‘risidagi malumotdir.
Informatsiyani uzatish uchun uni ma’lum bir shaklga keltirish lozim (tekst, jadval, grafik, rasm, harakatdagi tasvir, va boshqalar). Bunday shakillanish natijasida informatsiya xabarga aylanadi. Xabarni fazoniy bir nuqtasidan ikkinchi nuqtasiga uzatish uchun xabarni biror bir fizik jarayonga yuklashimiz ya’ni uni signalga aylantirishimiz lozim.
Signal deb biror bir fizik jarayonning bir yoki nechta parametrni xabarga mos ravishta o‘zgarishiga aytiladi.
Elektr signali deb – elektr jarayonining bir yoki bir nechta parametrini xabarga mos ravishda o‘zgarishiga aytiladi.
Shovqin ham xuddi signalga o‘xshab vaqt bo‘yicha o‘zgaruvchi jarayotdir. Ammo u o‘zida hech qanday informatsiyani o‘z ichiga olmaydi. Shuning uchun u signalga zararli ta’sir qiluvchi jarayondir.