Jaholatga qarshi ma'rifat. Bugun mana shu so'zlar, uzoqni ko'ra biluvchi, real hayotni anglab yetgan har bir insonning, millatning, davlatning shiori bo'lib qolmoqda. Ma'rifat nima, ma'rifatli inson kim, ma'rifatchi insonchi? Ma'rifat - diniy, dunyoviy, eng yangi bilimlar va maorif kabi tushunchalarni o'z ichiga oluvchi yuksak tushunchadir. Kelajagi haqida qayg'urgan har bir halq, bugun o'z yoshlarini g'oyaviy hujumlarga qarshi ma'rifat va ma'naviyat bilan qurollantirmoqda. Bu tabiiy hol.Chunki mafkuraviy hujumlar, "ommaviy madaniyat", internet hurujlari, giyohvandlik, missionerlik, kiberterrorizm, diniy ekstrimizm dunyo halqlarining hayotiga eng ko'p havf solayotganligini bilamiz. Shu o'rinda birinchi prezidentimiz Islom Karimov ta'kdlab o'tgan quyidagi jumlalarni eslaylik: "Bugungi zamonda mafkura poligonlari yadro paligonlaridan ham kuchga ega". Yana deydiki: "Dunyodagi zo'ravon va tajovuzkor kuchlar qaysi bir halq yoki mamlakatni o'ziga tobe qilib bo'ysindirmoqchi bo'lsa, avvalambor, uni qurolsizlantirishga, yani eng buyuk boyligi bo'lmish milliy qadriyatlari, tarixi va ma'naviyatidan judo qilishga urinadi". Darhaqiqat, tarixi va ma'navoyatidan ayrilgan xalq osonlikcha, o'z erkini buzg'unchi kuchlar qo'liga berib qo'yishi turgan gap. Bugun dunyo shu qadar shiddatlab ketdiki, uning bilan yonma-yon borish, uning talabiga javob berish har qachongidan muhum va mushkul bo'lib bormoqda. Shu kabi xalqlar, davlatlar ham taraqqiyot yo'lidan shiddat bilan ildamlab borayotgan bir davrda, o'z yo'limizdan og'ishmay odimlasakkina zamon bizni chetlab o'tolmaydi. Bugun jaholat tarafdorlari bo'lmish buzg'unchi kuchlar, qurol bilan g'azovot boshlashdan, qon to'kishdan ko'ra, hali tajribasi yetarli bo'lmagan, g'o'r yoshlarning ongini zaharlab o'z to'riga ilintirishni afzal ko'rmoqda. Bir inson kompyuter kursisida o'tirib minglab yoshlarni o'z nog'orasiga o'ynatib, boshi berk ko'chaga olib kirib qo'yishi va buning natijasida, shuncha oilalarni parokanda qilgan holda, qancha buzg'unchiliklar qilishi mumukin. Nima qilish kerak? Axir bunga sabab bo'lgan holda, hayotimizga chuqur ildiz otib ulgurgan, mamlakatimiz taraqqiyotiga ozmi-ko'pmi tasir ko'rsatayotgan internet va boshqa zamonaviy axborot vositalaridan, yoshlarimizni cheklab, yoki butunlay uzib qo'yib bo'lmaydi-ku. Bunda qanday yo'l tutish kerak? Va qayta-qayta ma'naviyat va ma'rifat tushunchasiga qaytaveramiz. Sababi har bir yoshni muntazam kuzatib bo'lmaydi. Bunda faqat bir yo'l qoladi: bu yoshlarni ma'naviyatli va ma'rifatli qilish, ularda mana shunday buzg'unchi g'oyalarga qarshi immunitet hosil qilish.
Maqsadlari yo'lida ildamlab borayotgan har bir davlatni, har qadamda adashtirishni istovchi kuchlar yetarlicha topiladi. Eng yomoni, mustaqil O'zbekistonomiznining o'z tanlagan yo'li - "O'zbek moduli"ga, eng ko'hna va boy tarixiga pana-panadan yashirincha emas, balki ochiq tosh otish holatlari ham bo'ldi. O'zlari chuqur anglamagan, yoki aglashni istamagan holda, muayyan voqea, shahsga, yoki muayyan toifadagi insonlarga munosabat bildirayotganda, pala- partish, to'g'ri-noto'g'ri nisbat bergan holda, butun millatni o'z tarixini o'rganishdan chalg'itmoqchi bo'lishdi. Albatta, bu kabi bir yoqlama, shahsiy, sayoz fikrlar yuquvchan bo'ladi. Istaysizmi yo'qmi bu kabi fikrlar yurtimiz tarixini o'rganayotgan tarixchi, xattoki vatanimiz o'tmishiga qiziqqan har bir yoshni chalg'itishi tayin. Ammo haqiqat o'z so'zini aytmasdan qolmadi.
Zero birinchi prezidentimiz Islom Karimov jamiyat taraqqiyoti va ma'naviyatning yuksalishiga tarixning o'rni beqiyos ekanligini qayta-qayta ta'kidlagan holda "O'zlikni anglash tarixni bilishdan boshlanadi" degan edi. Chorizm mustamlakasi undan so'ng sovetlar istibdodiga qarshi, jadid ma'rifatparvarlari ham aynan, xalqni ma'rifatli, ziyoli qilish, ongini o'stirish, ma'naviyatni yuksaltirish yo'lini tanlagani bejiz emas. Taasufki, qurol kuchi bilan mustaqilikni qo'lga kiritish mushkul bo'lgan bir paytlar edi. Bexbudiy, Munavvar Qori Abdurashidhonov, Abdulla avloniy, Is'hoqhon Ibrat, Fitrat, Abdulla Qodiriy singari ma'rifatparvar jadidlar oldida birdan bir yo'l: xalqni ma'rifatli qilish orqali mustaqilikni qo'lga kiritish yo'li turar edi. Ammo, ming afsuski, johiliyat tarafdorlari ularni jilovlab bo'lmasligini anglagan holda ularni jismonan yo'qotish yo'lini tutdi. Ma'rifat bog'ining zabardast chinorlarini bitta-bitta yiqitishdi.
Bugun insoniyat dushmanlari bo'lmish yovuz kuchlar, hayotning har jabhasida insoniyat oyog'idan chalishni o'ylaydi. Tinchligimiz, tilimiz va xatto dinimizni ham o'z nishonlariga olishgan. Bunda kimlar ularning nishoniga aylanadi? Albatta, ma'rifatsiz va ma'naviyatsiz insonlar. Diniy ekstrimizm tarafdorlari bo'lgan, hozir "pushaymon" bilan panjara ortida o'tirgan insonlardan, turli hil ijtimoiy roliklardan eshitib qolamiz. Nima emushki: "biz islom dinini himoya qilmoqchi edik. Muqaddas islom dini hech qanday himoyaga muhtoj emas. Dinni niqob qilib, uning panasida buzg'unchilik qilish himoya deganimi axir? Uni himoya qilmoqchi bo'lgan inson, avval o'zi dinni yaxshi anglab yetishi kerak-ku. Qur'oni karimda ham "O'zingni va o'zgani nohaq o'ldirma" deb buyurilgan. Va yana turli oqimlarga bo'linib, odamlarni to'g'ri yo'ldan adashtirish qoralangan. Muhtaram prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev qattiyat bilan ta'kidlagan edi "Biz islom dinidan zo'ravonlik va hunrezlik maqsadida foydalanishga urinayotgan kimsalarni keskin qoralaymiz va ulat bilan hech qachon murosa qila olmaymiz." ( Islom xamkorlik tashkiloti tashqi ishlar vazirlari kengashi 43-sessiyasining ochilish marosimidagi nutqidan)
Bugun glaballashuv jarayonining tobora shiddatli tus olayotganligi nafaqat insoniyat imkoniyatlarini kengaytirmoqda, shu bilan birga halqlar o'rtasida ziddiyatlarni taranglashtirib, rivojlangan va qoloq davlarlar o'rtasida tafovut chegaralarini uzaytirmoqta. Bugun biz taraqqoyotning keskin burilishlar ro'y berayotgan bir davrida yashayapmiz. Bugun dunyoni, xalq tili bilan aytganda "mard-u maydon" desak, O'zbekistonning ertangi taraqqiyoti, istiqboli ana shu maydonga o'z so'zi, o'z o'rni bilan borishi tom ma'noda biz yoshlarga bog'liq.
Zero kelajakda O'zbekistonning sport sohasida, ijtimoiy, intellektual, kerak bo'lsa iqtisodiy "lokomativ" bo'lishida shijoatli, yangicha fikrlaydigan, jaxolatga qatshi ma'rifat bilan javob qaytaruvchi yoshlar kerak.
Adabiyotlar:
1. Islom Karimov. Yuksak ma’naviyat – yengilmas kuch. TOSHKENT “Ma’naviyat” 2018. 113-bet.
2. Islom Karimov. Tarixiy xotirasiz kelajak yo`q. “Sharq” nashriyot-matbaa konserni bosh tahriryati 1998. 11-bet.
3. Shavkat Mirziyoyev. Milliy taraqqiyot yo`limizni qat’iyat bilan davom ettirib, yangi bosqichga ko`taramiz. ”O`zbekiston” HMUY. 2018.30-bet.