O’zbek tilidagi keng iste’mol so’zlar.
Leksemlar ishlatilish doirasi jihatdan avvalo 2 guruhga bo’linadi: ishlatilish doirasi chegaralanmagan qatlam va ishlatilish doirasi chegaralangan qatlam. Bunday guruhlarga ajralish asosan ot, sifat, ravish va fe’l turkumlaridagi leksemalarga xosdir. Son va olmosh turkumlarida, shuningdek, bog’lovchi, yuklama, va undovlarda ishlatilish doirasi chegaralangan so’zlar yo’q.
Ishlatilish doirasi chegaralanmagan leksemlar o’zbek tilida so’zlashuvchilarning barchasi uchun umumiy bo’lgan, hammaga tushunarli va hammaning nutqida bir xil darajada qo’llanadigan so’zlardir: qo’l, qosh, ko’z, daraxt, meva (otlar); oq, qora, katta, kichik, yaxshi, yomon (sifatlar): tez, oz, ko’p, atayin, jo’rttaga (sifat - ravishlar); yurmoq, o’qimoq, yozmoq (fe’llar) va boshqalar. Bunday leksemalar umumxalq lug’aviy birliklari deb ham yuritiladi.
II. Ishlatilish doirasi chegaralangan leksemalar dialektga, kasb – hunar leksemasiga va jargon – argolarga xos so’zlardir. Jonli so’zlashuvda ishlatiladigan vulgarizmlar ham qo’llanilishi chegaralangan lug’aviy birliklar sanaladi.
“Qo’llanilishi chegaralanmagan leksemalarning aksariyati umumturkiy va o’zbekcha so’zlardir. Ammo, shu bilan birgalikda, ular orasida o’zlashmalari ham ko’p. Masalan:
Tojikcha: go’sht, non, dard, bobo, dugona.
Arabcha: avlod, bilan, inson, sinf, millat.
Yevropa tillaridan o’zlashgan leksemalar o’z qatlamga oid ham, o’zlashgan ham bo’lishi mumkin”[1].
O’zbek tilidagi keng iste’mol so’zlar. Bunday so’zlar kundalik turmushda keng qo’llanilishi, ko’pchilik uchun tushunarli ekanligi va stilistik jihatdan neytralligi bilan xarakterlanadi.
O’zbek tilining keng iste’mol so’zlari yetarli o’rganilgan emas. “Ayrim tadqiqotlarda bu guruh so’zlar “qo’llanish doirasi chegaralanmagan leksika” nomi bilan talqin qilindi”.
Keng iste’mol so’zlarga E. Begmatovning “Hozirgi o’zbek adabiy tilining leksik qatlamlari” kitobida yigirma olti xil guruhchalarga bo’lib, har biriga misollar bilan izohlangan. Ulardan ba’zilarini keltiramiz:
tabiiy borliqqa oid narsa va hodisalarning nomlari: quyosh, oy, suv, havo, osmon, yulduz, daryo, tog’ kabi;
tabiatning turli stixiyalarini anglatuvchi tushunchalarning nomlari: shamol, bo’ron, toshqin, chaqmoq, yashin, sel, tuman, zilzila kabi;
harakat va holatni, shuningdek insonning mehnat faoliyatini ifodalovchi so’zlar: yurmoq, turmoq, urmoq, yugurmoq, chopmoq kabi;
insonning psixik holati bilan bog’liq so’zlar: sevinch, sevinmoq, quvonch, achinmoq, yig’lamoq kabi;
odam va hayvonlarning nomlari: kishi, ayol, bola, qiz; ot, qush, it, kabi;
odam va hayvon a’zolari va muchallarining nomlari: bosh, oyoq, qo’l, barmoq, jigar, o’pka, yurak kabi;
qarindosh – urug’likka oid so’zlar: ota, ona, o’g’il, qiz, opa, singil, bola, amaki, bobo, amma, tog’a va boshqalar;
kishilar o’rtasidagi munosabatni, uzoq – yaqinlikni ifodalovchi so’zlar: qadrdon, mehribon, g’amxo’r, jonkuyar, do’st va boshqalar.
Odam va hayvonlarning xarakteri, xulqini ifodalovchi so’zlar: chaqqon, epchil.
Dostları ilə paylaş: |