Internet lug’atlari. Vikipediya. Til korpusi Elektron lug‘atlar va o‘zbek milliy korpusini shakllantirish haqida.
Til korpusi
Axborot texnologiyalari asrida fan-texnika taraqqiyoti o'zbek tilshunosligi oldiga ham muayyan vazifalarni qo'ymoqda. Ayniqsa, o'zbek kompyuter lingvistikasini yo'lga qo'yish, uning istiqbolli rejalarini belgilash zarurati kuchaygandan kuchaymoqda.
Zamonaviy fanlarning yutuqlari asosida bugungi kunda o'zbek tili dalillarini kompyuter texnologiyalari asosida qurish va qayta ishlash, tilning qo'llanishini ma’lum bir sharoit, muammoli muhit uchun modellashtirish, ona tilimiz kompyuter modellarini lingvistika yoki boshqa sohalarda qo'llash, mashina tarjimasi, kompyuter leksikografiyasini yo'lga qo'yish singari muammolar milliy kompyuter lingvistikasi yo'nalishini rivojlantirish taqozo etilmoqda.
O'tgan asrning 60-yillarida shakllana boshlagan kompyuter lingvistikasining bosh maqsadi ham inson tafakkur tarzini modellashtirish asosida sun’iy intellekt yaratishga xizmat qiladi. Hazrat Alisher Navoiy ta’kidlagan til va tafakkur mushtarakligi esa sun’iy intellektning har bir til uchun alohida bo'lishini taqozo qiladi. Bugungi kunda tafakkurning umumiy qonuniyatlari aniqlanayotgan bo'lsa-da, tillarning o'ziga xos modelini dasturlash dolzarb bo'lib qolaveradi. Buning uchun oliy o'quv yurtlarida kompyuter lingvistikasi bo'yicha matematik, lingvist, kompyuter dasturchilari va muhandislari faoliyatini uyg'unlashtiruvchi tuzilma (kafedra, laboratoriya) lar shakllantirilishi maqsadga muvofiqdir.
Shu o'rinda jahon tilshunosligida kompyuter lingvistikasining bir tarmog'i sifatida vujudga kelib, alohida yo'nalish sifatida shakllanayotgan korpus lingvistikasi haqida to'xtalish juda zarur. Zero, o'zbek tilining milliy elektron korpusini yaratish - tilshunosligimiz oldidagi dolzarb vazifalardan biri.
Bugungi kunda dunyo tilshunosligida til korpuslarini yaratish, uni takomillashtirish va foydalanish yo'llari masalasida ko'plab xalqaro anjuman va simpoziumlar o'tkazilmoqda, keng qamrovli ilmiy-tadqiqot ishlari olib borilmoqda. Shuningdek, dunyo tillarini bir korpus doirasida birlashtirish, ya’ni global korpuslar yaratish muammosi ham kun tartibiga qo'yilmoqda.