Normalar individlarning o`zaro muvofiq munosabatlari barqarorligining asosiy kafolati hisoblanadi. Individ kontragent harakatlarini tushunish va o`z harakatini ular bilan muvofiqlashtirish uchun u yoki bu normani tanlash barobarida umuman tizimning barqarorligini ta’minlaydi. Individ normadan chetga chiqsa, uni normaga qaytaruvchi tartibga solish mexanizmining mavjudligi normalar tizimini shakllantiradi. Shuningdek, normalar tizimi makro va mikrodarajalar o`rtasidagi asosiy bog`lovchi bo`g`inga aylanadi.
Individlarning iqtisodiy faoliyat ko`rsatishini ta’minlovchi normalar tizimi iqtisodiyot konstitutsiyasi deyiladi. Iqtisodiyot konstitutsiyasi buyruqbozlik va bozor tizimlarida o`zaro zid normalarga amal qiladi. Masalan, bozor tizimi faqat individlar o`zlarining kundalik iqtisodiy faoliyatida u asoslanadigan normalardan foydalangan darajaga qarab barqaror va takror ishlab chiqarishga qodir bo`ladi. O`zining shaxsiy manfaatlarini ko`zlovchi individlar o`rtasidagi bitimlardan makroiqtisodiy darajaga o`tish bozor xatti-harakatlari normalari orqali amalga oshiriladi.
Buyruqbozlik iqtisodiyotining normalar tizimi surunkali taqchillik, ya’ni resurslarning yetishmasligini o`zida namoyon etadi. Taqchillikning ma’lum darajada barqarorlashuvi hamda iqtisodiy agentlar ushbu darajaga moslashuvi tizimda normaltaqchillikholatini yuzaga keltiradi. Bunda buyruqbozlik iqtisodiyoti uchun xos bo`lgan navbatning normal uzunligi, resurslar va tayyor mahsulotlarning normal zahiralari va hokazolar tushuniladi. Boshqacha aytganda, nafaqat Valras bo`yicha umumiy muvozanat iqtisodiy tizimning barqaror holati bilan cheklaniladi, balki tizim hatto muvozanatsiz holatda ham barqarorlashishi mumkinligi namoyon bo`ladi.
Umuman olganda, buyruqbozlik va bozor tizimlarida qo`llaniladigan normalarning tarkibiy tuzilishini quyidagi jadvalda ko`rish mumkin.