Rifatilla Qosimov 1958 yil 15 iyulda Toshkent shahrida tavallud topdi. U bolaligidanoq musiqaga o’zgacha mehr qo’ydi.Otasi Qudratilla aka yaxshigina dutor chalib, qo’shiq kuylardi. O’g’li Rifatilladan san’atga bo’lgan cheksiz ishtiyoqini ko’rgan otasi uni Toshkentdagi Tolibjon Sodiqov nomidagi 1-bolalar musiqa maktabiga, keyin esa musiqa kollejiga o’qishga berdi.U maktab va kollejda ajoyib ustozlar qo’lida musiqaning sir-asrorlarini o’rgandi. O’qishini yana davom ettirish, oliy ma’lumotli bo’lish maqsadida O’zbekiston davlat konservatoriyasiga o’qishga kirdi. Bu yerda taniqli san’atkor, bastakor va professor ustozlardan musiqaning turli yo’nalish bo’yicha bilimlarini mustahkamladi. Rifatilla Qosimov 1982 yilda konservatoriyaning “Sharq musiqasi” kafedrasini a’lochilar safida tamomlaganligi, musiqa sohasida o’z bilimiga ega pedagog bo`la olishiga ishоnchi borligi sababli, uni shu oliy o’quv yurtiga ishga taklif etishdi. U o’zbek musiqasi va xonandalik san’ati rivojiga o’z hissasini qo’shgan san’atkorlardandir. Farg’ona-Toshkent maqom yo’llariga mansub “Dugoh-Husayniy”, “Bayot”, “Chorgoh”, ularning tarkibiy qismlaridagi “Ushshoq”, “Chorzarb”, “Miskin” kabi turkum, ashulalar va zamonaviy bastakorlar asarlari uning ijrosida alohida, o’ziga xos talqinini topgan. Shuning uchun san’atkorni Toshkent- Farg’ona maqom ijrolarini bekamu ko’st egallagan xonanda-sozanda sifatida e’tirof etishadi.
Levicha hofiz, Boboxonov Levi (1873, Buxoro — 1926, Samarqand) — atoqli hofiz. Millati Buxoro yahudiylaridan. Hofizlik sanʼatini buxorolik Borux va Yuno Ismoilovlar, chorjoʻylik Hojixon Hofiz, keyinchalik Ota Jalol Nosirov kabi ustoz sanʼatkorlardan oʻrgangan. Maqom yoʻllarini tanbur va doira joʻrnavozligida oʻziga xos uslubda mahorat bilan ijro etgan. Diapazoni keng, tiniq va yoqimli ovozi bilan shinavandalarni maftun qilgan. Levicha hofiz 1890-yillardan boshlab Buxoro amiri saroyida xizmat qilgan. 1909—1911–yillarda Riganing mashhur "Pishushiy Amur" grammofon firmasi uning ijrosidagi Talqini Sabo, Nasri Ushshoq, Navroʻzi Sabo, Ushshoqi Qoʻqand, Ufari Moʻgʻulchai Segoh va boshqa asarlarni gramplastinkaga yozib olgan. 1921—1923-yillarda Levicha hofiz Buxoro Sharq musiqa maktabida dars bergan. 1923-yilda Samarqandga koʻchib kelib, badiiy havaskorlik toʻgaraklariga rahbarlik qilgan. Shogirdlaridan Sh. Sohibov, B. Zirkiyev, M. Tolmasov va boshqa tanilgan. Levicha hofizning ijro anʼanalarining davomchisi oʻgʻli Mushe Boboxonov (1910 — Buxoro —1983) — maqomchi-xonanda va sozanda (tanbur, doira). Oʻzbekiston xalq hofizi (1934). Buxoro musiqa bilim yurtida dars bergan (1931-yildan). Nevarasi Ari Boboxonov (1934, Buxoro) — sozanda (rubob, tanbur)