2.4. Korxona tuzilmasi va uni belgilovchi omillar Har bir ishlab chiqarish korxonasi ishlab chiqarish bo’linmalari, boshqaruv organlari va korxona xodimlariga xizmat ko’rsatuvchi tashkilotlardan iborat bo’ladi. Tuzilma (struktura) tushunchasini korxonaning tarkibi, tuzilishi sifatida ko’rib chiqish mumkin. Korxona qanchalik yirik bo’lsa, uning ishlab chiqarish tuzilmasi shunchalik murakkab bo’ladi.
Sanoat korxonalarining umumiy va ishlab chiqarish tuzilmalari mavjud.
Ishlab chiqarish bo’g’inlari, korxona boshqaruvi hamda xodimlarga xizmat ko’rsatuvchi tashkilotlar, ularning miqdori, kattaligi va egallab turgan maydoni,
xodimlarining soni va ishlab chiqarish imkoniyatlari korxonaning umumiy tuzilmasini ifodalaydi.
Ishlab chiqarish tuzilmasiga asosiy, yordamchi va xizmat ko’rsatish jarayonlari amalga oshiriluvchi tsex va uchastkalar kiritiladi.
Ishlab chiqarish tuzilmasi korxona umumiy tuzilmasining bir qismidir. U tsex, uchastka va xizmat ko’rsatuvchi xo’jaliklar shaklidagi ishlab chiqarish bo’linmalaridan iborat bo’ladi hamda ularning mahsulot ishlab chiqarish jarayonidagi o’zaro munosabatlarini, mehnat bilan band bo’lgan xodimlari soni, asbob-uskunalari qiymati, egallab turgan maydoni va hududiy joylashuvini aks ettiradi.
Asosiy sexlarda va ishlab chiqarish uchastkalarida ishlab chiqarish jarayonining asosiy – xom ashyo va yarim tayyor mahsulotlarni tayyor mahsulotga aylantirish bosqichi yoki mahsulot, yo uning bir qismini tayyorlashning bir qator bosqichlari amalga oshiriladi (muzlatkichlar sexi).
Yordamchi tsexlar asosiy ishlab chiqarishni asbob-uskunalar va energiya bilan ta’minlaydi hamda uskunalarni ta’mirlash (ta’mirlash, uskunalar, model sexlari va bosh-qalar) vazifalarini bajaradi.
Xizmat ko’rsatuvchi sex va xo’jaliklar tarkibiga korxonaning infratuzilmasini (ombor va transport bo’linmalari, uy-joy-kommunal xo’jaligi, oshxona, sanatoriy va hokazo)
tashkil qiluvchi bo’linmalar kiradi.
Sanoat korxonalari ishlab chiqarish tuzilmasining uch xil turi majud: texnologik,pred- metli va aralash. Texnologik tuzilmali korxonalarda tsexlar va ishlab chiqarish uchastkalari
texnologik jihatdan bir xillik tamoyili asosida tashkil qilinadi (masalan, to’qimachilik
kombinatlarida yigiruv va to’quv sexlari).
Predmetli tuzilmaga asoslangan korxonalarda har bir sex ma’lum bir mahsulot yoki uning bir qismini ishlab chiqaradi (masalan, avtomobil zavodida motor sexi, shassi sexi va hokazo).
Aralash (predmetli-texnologik) tuzilma tayyorlov sexlarini texnologik tamoyilda (temirchilik, cho’yan quyish, po’lat quyish va hokazo), ishlov berish va mahsulot chiqarish tsexlarini esa predmetli tamoyil asosida tashkil etishni ko’zda tutadi.
Sanoat korxonasining tuzilmasi quyidagi omillar ta’siri ostida shakllanadi:
* texnika va texnologiyaning xususiyatlari;
* ishlab chiqarish hajmi;
* ishlab chiqarishni tashkil qilish shakllari (ixtisoslashtirish, kooperatsiya, kombinatsiya, koordinatsiya);
* ishlab chiqarilayotgan mahsulot va ko’rsatilayotgan xizmatlarning murakkabligi va nomenklaturasi;
* ishlab chiqarishni avtomatlashtirish, mexanizatsiyalashtirish va robotlashtirish darajasi;
* mulk shakli;
* raqobat olib borish usullari hamda shakllari va hokazo.
Amaliyotda ishlab chiqarish tuzilmasini mukammallashtirishning asosiy yo’nalishlari ishlab chiqilgan. Ular qatoriga korxona va tsexlarni yiriklashtirish; alohida korxonalar integratsiyasi; korxona ichidagi barcha bo’linmalar orasida mutanosiblikni ta’minlash; tsexsiz struktura kabilarni kiritish mumkin.
Korxonaning raqobatbardoshligini oshirish, ya’ni boshqaruv sifatini ko’tarish va ishlab chiqarish faoliyatidagi yakuniy natijalarning yuqoriligiga erishish korxona tuzilmasini mukammallashtirish samaradorligini baholovchi mezon bo’lib xizmat qiladi.
Takrorlash uchun savollar:
1. Korxona nima uchun jamiyatning birlamchi va asosiy bo’g’ini hisoblanadi?
2. Korxonaning maqsadi nima?
3. Korxona qanday vazifalar bajaradi?
4. Korxona ta’rifini asoslang.
5. Mulkchilik shakliga ko’ra korxonalarni qanday turlari mavjud?
6. Korxonani tashkil etish bosqichlari va tartibini izohlang.
7. Korxona ta’sis hujjatlariga nimalar kiradi.
8. Ta’sis shartnomasi deganda nimani tushunasiz?
9. Boshqaruv munosabatlari deganda nimani tushunasiz?
10. Boshqaruv tamoyillarini keltiring.