P R O B L E M A T I K M A Q O L A Mutaxassislargina adabiy-badiiy tanqid janrlarini farqlaydilar, ularning o’ziga xosliklari haqidagi bilimga ega bo’ladilar. Oddiy kitobxonlar uchun taqriz-u obzor, badia-yu tanqidiy ocherk, adabiy portretu xotira-hammasi maqola. Problematik maqola (bahs-maqola, tadqiqot-maqola) tanqidchilik va adabiyotshunoslikning tayanch, asosiy janri. U biron asar poetikasiga bag’ishlangan monografik xarakterda, badiiy ijod muammosi, nazariya masalalarini yorituvchi ilmiy bahs shaklida bo’lishi mumkin. Problematik maqolada ilmiy-nazariy mohiyat, tadqiqotchi konsepsiyasi muhim ahamiyatga molik bo’ladi. V.G.Belinskiy ijodida tanqidiy-falsafiy tajriba nomi bilan yuritiladigan maqolalar diqqatni jalb etadi. “Getening “Rim ellegiyalari”, “Odoyevskiy asarlari”, “Appalon Maykov she’riyati” singari tanqidiy-falsafiy tajribalarda shiddatli Vissarionning jo’shqin subyektiv qarashlari bilan teran ilmiy mushohada o’zaro birlashib, konseptual yaxlitlikni vujudga keltirgan. Bir qancha maqolalarda ilmiy muammoni keng va ishonarli yoritish, olimning subyektiv qarashlari va uslubi, adabiyotshunoslik ilmidagi yangi qarashlardan xabardorligi diqqatni tortadi. Masalan, M.Qo’shjonov maqolalarida mantiqiy izchillik, ilmiy muammo mohiyatini ochishga intilish ko’zga yaqqol tashlanadi. Olim diqqatidan kichik detal, ko’zga tashlanmaydigan u yoki bu belgi chetda qolmaydi. M.Qo’shjonov maqolalarida zo’rma-zo’rakilik, kuchanish sezilmaydi. O.Sharafiddinov maqolalarida hayotiy va adabiy faktning ilmiy-nazariy xulosalar chiqarishga to’liq bo’ysundirilganligi yaqqol ko’rinadi. Haqiqiy olim faktlar mohiyatini yoritadi, ularni quruqdan-quruq sanayverishdan o’zini tiyadi. “Faqat aql-zakovat yordamida faktlarni haqqoniy talqin etish mumkin. Buning uchun fantaziya ham darkor. Manbalardagi faktlar tosh va g’isht misoli. Haqiqiy san’atkor shu materialdan xushbichim imorat quradi”,-deb yozgan edi V.G.Belinskiy.
B A D I A (ESSE) Adabiy-tanqidiy mavzularda yozilgan, adabiyotshunoslik, estetika, falsafa masalalari erkin talqin qilinadigan janrga badia (esse) deyiladi. Badiada adabiyotshunoslik qonun-qoidalariga to’la-to’kis rioya qilinishi, dalillarning ilmiy jihatidan har tomonlama isbotlangan bo’lishi ko’pam talab qilinmaydi. Badia janrning Yevropa adabiyotidagi asoschisi fransuz yozuvchisi-gumanist va filosof M.Monten bo’lib, 1580 yilda inson va jamiyat taqdiri haqida mulohaza yurituvchi “Esselar” kitobini yozgan. Sharq adabiyotida badianing tarixi ancha qadimdan boshlanadi. Beruniy, Abu Ali ibn Sino, Mahmud Qoshg’ariy ijodida badianing yetuk namunalari mavjud. Ular noma, holat, xotira shakllarida ko’zga tashlanadi.
Yozuvchi tanqidi ko’pincha esse janrida yoziladi. Unda ijod va hayot tajribasidan kelib chiqqan xulosalar, qarashlar, kuzatishlar aks etadi. Badia o’zbek tanqidchiligida adabiy o’ylar nomi bilan ham ataladi. A.Muxtorning “Yosh do’stlarimga” (1971, 1980), P.Qodirovning “O’ylar” (1971), A.Oripovning “Ehtiyoj farzandi” (1988), E.Vohidovning “Shoiru she’ru shuur” (1987) to’plamlarini asosan badialar tashkil etsa, badiada ham yozuvchi-tanqidchining betakror qiyofasi aks etib turadi. Tanqidiy-biografik ocherk janri yozuvchi hayoti, adabiy-ijtimoiy mohiyati, asarlarining yaratilishi tarixi, mohiyati xususida, ijodkorning adabiy-tarixiy jarayondagi o’rni, qiyofasi haqida ma’lumot beradi. Tanqidiy -biografik ocherk faktlar va ilmiy xulosalar birligidan tashkil topadi. Munaqqid yozuvchi hayoti, ijodi faktlaridan tahlillar, taxminlar, qiyoslar, munozaralar orqali ilmiy xulosalar chiqaradi. Ilmiy-biografik tadqiqot - adabiyotshunoslikning asosiy janrlaridan biri. 60-yillarga kelib o’zbek adabiyotshunoslari ijodkorning hayoti va ijodini mukammal yorituvchi monografiyalar yaratishga kirishdilar. XX asr adabiyotining asoschilari, yirik nomoyandalari haqida salmoqli tadqiqotlar paydo bo’ldi. Lekin hozirgi kun nuqtai-nazaridan yondashsak ularda ancha-muncha yetishmovchiliklar mavjudligini anglaymiz. Tadqiqotchilar yozuvchilar ijodi va hayoti mukammal yoritilayotgan yozuvchilarni imkoni boricha ulug’lashga, ular hamisha ham g’oyaviy, ham badiiy yuksaklikka ko’tarilganliklarini ta’minlashga intiladilar. Bu holat ular ruhiyatida yetakchi edi. Ilmiy-biografik asar yaratishdagi ikkinchi manba-jonli, ishonchli xotiralardir. Ayniqsa 70-yillardan boshlab o’zbek adabiyoti klassiklari haqida xotiralar yaratila boshlandi. Tanqidchilik janrlaridan biri bo’lgan xotiralarni yozuvchilar, san’atkorlar, olimlar yaratmoqdalar. Shu kungacha “Hamza zamondoshlar xotirasida” (1978), “Oybek zamondoshlar xotirasida” (1979), “Abdulla Qahhor zamondoshlar xotirasida” (1987), “Maqsud Shayxzoda zamondoshlar xotirasida” (1983), “Mirtemir zamondoshlar xotirasida” (1982), “Islom shoir zamondoshlar xotirasida” (1981) nomli kitoblar chop etildi. 70-80-yillarida o’nlab avtorlarning bitta qahramon-yozuvchi haqidagi xotiralari yozilgan bo’lsa, 80-yillarning o’rtalaridan boshlab bitta avtorning bir qancha yozuvchilar ijodiga bag’ishlangan asarlari ham paydo bo’la boshladi.
Umuman, bosib o’tgan yo’limiz haqida bor haqiqatni baralla aytishga qaratilgan turli adabiy-tanqidiy janrdagi tadqiqotlarni atroflicha o’rganish maqsadga muvofiqdir. Adabiy talqin badiiy asarning qanday tarixiy sharoitda, adabiy jarayonda yaratilganligini aniq ko’rsatmog’i, yozuvchining o’z davri kishisi ekanligini zinhor chetlab o’tmasligi lozim.
Ko’rinadiki, adabiy asarni idrok etish oddiy jarayon emas. Yozuvchi-badiiy boylik yaratuvchi bilan kitobxon-iste’molchi orasida yana bir kuch bor. Bu - adabiy talqinchi, idrok etuvchi kuch. Bu kuch ham boylik yaratadi. Idrok etuvchi yaratgan boylik yozuvchi yaratgan boylik asosida paydo bo’ladi. Boshqacha aytganda, tanqidchi yozuvchi bolidan holva pishiradi. Hozirgi adabiyotshunoslik va tanqidchilik bobidagi janrlarda idrok etuvchi estetika yo’nalishi kuchli rivojlanmoqda.