Aflotunning davlat, qonunchilik va siyosat haqidagi ta’limoti. Uning “Davlat” va “Qonunlar” asarlaridagi davlat loyihalari to‘g‘risida
Suqrotning siyosiy-huquqiy qarashlari ayniqsa Aflotunga ulkan ta’sir ko‘rsatgan. Idealistik falsafa yo‘nalishining asoschisi bo‘lgan Aflotun (eramizdan avvalgi 427—347 yillar) butun insoniyat tarixidagi buyuk mutafakkirlardan biri hisoblanadi. Uning antik davr falsafasi, siyosiy va huquqiy ta’limotlariga qo‘shgan hissasi buqiyosdir. Aflotunning boy ilmiy-nazariy merosi keyinchalik faqat G‘arbdagina o‘rganilmay, balki Sharq mutafakkirlarida ham katta qiziqish uyg‘otgan. Masalan, uning davlat va jamiyat haqidagi qarashlari Sharqda “Ikkinchi muallim” deb nom olgan O‘rta asr mutafakkiri Forobiyning “Aflotun qonunlarining mohiyati” risolasida keng tahlildan o‘tkazilganini ko‘rishimiz mumkin19.
Aflotun yoshligida Suqrotning shogirdi bo‘lgan. Suqrot o‘zining ushbu shogirdiga Platon ya’ni Aflotun- keng yelkali, keng dunyoqarashli degan laqabni bergan. Aslida uning ismi Aristokl bo‘lgan.
Suqrot qatl etilgach, olimning boshqa shogirdlari bilan Afinani tark etgan. U eramizdan avvalgi 387 yilda Afinaga qaytgach, shahar atrofidagi qahramon Akadem nomi bilan ataluvchi joyda mashhur Akademiyani tashkil etdi.
Umrining oxirigacha shu Akademiyaga rahbarlik qilgan Aflotun dastlab Suqrotning qarashlari ta’siri ostida bo‘lgan. Uning “Suqrot apologiyasi”, “Protagor” singari asarlarida muammolarga suqrotcha yondashuv yaqqol namoyon bo‘ladi. Asl aflotuncha nazariy qarashlar mutafakkirning keyinroq yozilgan “Davlat”, “Siyosatchi” va “Qonunlar” singari asarlarida ko‘zga tashlanadi.
Aflotun o‘z ta’limotida davlat va huquq muammolariga alohida o‘rin berdiki, bu jihati bilan u o‘zidan oldin o‘tgan mutafakkirlardan ajralib turadi. Aflotunning fikricha, odamlarning oziq-ovqat, turar-joy, kiyim-bosh singari kundalik ehtiyojlari, tashqi dushmanlardan himoyalanish zaruriyati tufayli birga yashashlari davlatning kelib chiqishiga asosiy sababdir.
Aflotun o‘zining “Davlat” asarida jamiyatdagi ijtimoiy tengsizliklarning kelib chiqish sabablarini aniqlashga harakat qiladi va adolatli ideal davlat qurish haqida mulohaza yuritadi. Asar davlatning muhim ahamiyatini yoritish bilan boshlanadi. U yuksak darajadagi hamjamiyat bo‘lib, uning vazifasi buyuk farovonlikka erishishdir. Avvalo asosan ikki xil: erkak va ayol, xo‘jayin va qul munosabatlariga qurilgan oila paydo bo‘lgan. Bu har ikki munosabat ham tabiiydir. Bir necha oilalar birlashuvidan aholi yashash joylari (qishloq va shaharlar) hosil bo‘lgan. Bu turar-joylar birlashuvidan esa davlat kelib chiqqan. Faqat davlatning yuzaga kelishi uchun zarur bo‘lgan bitta shart bor, ya’ni davlatga birlashgan bu turar-joylar (qishloq va shaharlar) o‘zini o‘zi ta’minlash uchun yetarli darajada ko‘p bo‘lishi lozim.
Aflotun jamiyatni uch tabaqaga: davlatni boshqaruvchi faylasuflar, davlatni muhofaza qiluvchi soqchilar (harbiylar), vazifasi jamiyat uchun zarur mahsulotlarni ishlab chiqarishdan iborat bo‘lgan dehqonlar va hunarmandlarga bo‘ladi. Uning fikriga ko‘ra, davlatni donishmand faylasuflar boshqaradilar, ilmiy nazariyalar ishlab chiqadilar, dunyoni anglaydilar va boshqalarga o‘rgatadilar. harbiylar jismoniy mashq bilan shug‘ullanadilar, davlatda tartibni saqlaydilar, zarur bo‘lganda urushda ishtirok etadilar. Dehqonlar va hunarmandlar esa og‘ir jismoniy mehnat bilan band bo‘ladilar, moddiy ne’matlarni yaratadilar, zarur hollardagina cheklangan miqdordagi xususiy mulkka ega bo‘ladilar. Boshqaruvchi donishmandlar va harbiylar xususiy mulkka ega bo‘lmaydilar.
Ideal davlatda har bir toifa o‘z vazifasini ado etishi va boshqalar ishiga aralashmasligi adolat belgisi hisoblanadi.
Aflotunning rivoyat qilishicha, xudo boshqaruvchilarning zuvalasiga oltin, ularning ko‘makchilariga kumush, dehqon va hunarmandlarga esa temir va mis qo‘shib yaratgan. Aflotun afsonasiga ko‘ra, yaratilganda mis va temir qo‘shilgan hukmdor boshqargan davlat halokatga uchraydi.
Yuqori tabaqalar o‘z vazifalarini yuksak darajada yuritishlari uchun ularning hayoti birdamlik, tenglik, uyushqoqlik va jamoa asosida tashkil etilishi kerak. Ular xuddi jangovar yurishlardagidek birga yashashlari va ovqatlanishlari lozim.
Aflotunning nuqtai nazaricha, boshqaruvchilarning xotin va bolalari umumiy ekani ideal davlat uchun hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi. Ideal davlatda ayollar huquq va imkoniyatlariga ko‘ra erkaklar bilan teng hisoblanadilar. Dastlabki ikki tabaqa uchun odatdagidek oila bo‘lmaydi. Bolalarni davlat tarbiya qiladi.
Uchinchi tabaqa kishilari hayotining nikoh, mulkchilik, mehnat masalalarini Aflotun ideal davlat hukmdorlari ixtiyoriga qoldiradi. Chunki bu tabaqalar davlatni boshqarishdan chetlashtirilgan bo‘lsalar-da, ular qullar emaslar, ozod kishilardir.
Aflotun aholining ijtimoiy jihatdan o‘ta tabaqalanishiga, yirik boylar va kambag‘allar orasidagi farq kuchayishiga qarshi turgan. U o‘rtahollik tarafdori bo‘lgan va jamiyat mulkiy tabaqalanishining siyosiy ahamiyatini yaxshi tushunagan. Aflotun o‘zi loyihalashtirgan ideal davlatning boshqa davlatlardan ijtimoiy-iqtisodiy sohadagi farqini kambag‘al va boylarga ajrash barham topganida deb biladi.
Aflotunning ideal davlati — yaxshilarning adolatli boshqaruvidir. Shunga ko‘ra u Suqrotning “qonuniy” va “adolatli” degan tushunchalar aynan bir narsa degan g‘oyasiga qo‘shiladi. Uning ta’kidlashiga ko‘ra, yaxshilar boshqaruvidagi aristokratik davlat tuzumi ideal davlatdir.
Aflotun o‘z loyihasi g‘oyat murakkab bo‘lganiga qaramay, uni amalga oshirish mumkinligiga ishonadi. U agar ideal davlat qurilgan taqdirda ham bunday davlat mangu turmasligi mumkinligini aytadi. Chunki inson tabiatining muqarrar buzilishi oqibatida boshqaruv shakllari almashib turadi.
Masalan, Aflotun ideal deb bilgan aristokratik davlat tuzumining halokati yer va turar-joylarning xususiy mulkka aylanishiga, odamlarni ozod va qullarga ajratishga olib keladi, natijada timokratik davlat o‘rnatiladi. Bunday davlat mutassil urushlarga giriftor bo‘ladi. Urushlar va timokratik davlatdagi qarama-qarshiliklar xususiy shaxslar qo‘lida katta miqdordagi boylik to‘planishiga olib keladi. Oqibatda davlat hokimiyatini oligarxiya egallaydi, kambag‘allar boshqaruvda ishtirok etolmay qoladilar.
Oligarxik davlatda mulksiz aholining boylarga qarshi nafrati kuchayib boradi, bu esa davlat to‘ntarishiga olib keladi va alal-oqibat demokratiya o‘rnatiladi.
Tiraniyani davlat tuzilishining eng yomon ko‘rinishi deb ta’kidlaydi, chunki unda qonunsizlik, o‘zboshimchalik va zo‘ravonlik hukm suradi. Aflotunning fikricha, demokratiyada erkinlik suiiste’mol qilinadi va undan demokratiyaning aksi bo‘lgan tiraniya o‘sib chiqadi. Aflotunning demokratiya haqidagi fikrlariga uning Afina demokratiyasi bilan bo‘lgan to‘qnashuvi ta’sir etgan, albatta.
Umuman, demokratiyani Aflotun yoqimli va rang-barang, lekin yetarli darajada boshqarib bo‘lmaydigan tuzum sifatida baholagandi.
Bunday davlatlarning har qaysisida nimaki ezgu ish deb hisoblangan bo‘lsa (timokratiyada — harbiy zafarlar, oligarxiyada — boyliklar, demokratiyada — erk), aynan shu narsa davlatning halokatiga sababi bo‘ladi.
Aflotun “Qonunlar” asarida “o‘z qadr-qimmatiga ko‘ra ikkinchi o‘rinda turuvchi” davlat tuzumini tasvirlaydi. Unga ko‘ra, ikkinchi davlatning 5040 fuqarosi chek tortish yo‘li bilan yer uchastkasi va uy oladi, ulardan xususiy mulk sifatida emas, balki faqat egalik huquqi bilan foydalanadilar. Ushbu yer maydonlari davlatning umumiy mulki hisoblanadi va meros sifatida oiladagi bolalardan faqat bittasiga o‘tishi mumkin.
Mulki oz-ko‘pligiga qarab fuqarolar to‘rt sinfga bo‘linadilar. Kambag‘allik va boylik chegarasi to‘g‘risida qonun mavjud bo‘ladi. Alohida shaxslarning oltin yoki kumushga egalik qilish uchun huquqi bo‘lmaydi. Sudxo‘rlik ta’qiqlanadi. har qanday hashamga yo‘l qo‘yilmaydi. Dehqonchilik, hunarmandlik va savdo bilan shug‘ullanuvchi qullar va chet elliklar 5040 fuqaro qatoriga kirmaydi. Bu fuqarolar yetarli miqdorda qul bilan ta’minlanadilar.
Aflotun fuqarolar va xo‘jayinlar iste’mol qilishiga mo‘ljallangan qism qullar va chet elliklar iste’mol qilishi uchun ajratilgan ikki qismdan hech qanday farqlanmasligi kerakligini uqtirib: “Shunday bo‘lish kerakki, har uch qismning miqdori o‘zaro teng, sifati birday bo‘lishi zarur”, deya ta’kidlaydi.
Ikkinchi davlatning maishiy hayotiga ham xuddi birinchi davlatdagidek, birdamlik va jamoa ruhi singdirilgan. Alohida oila tan olinsa-da, tarbiya ishi qonunlar bilan tartibga solingan va ko‘p sonli mansabdorlarga yuklatilgan. Ayollar yuqori boshqaruvchilar qatoriga kirmasalar-da erkaklar bilan teng huquqli hisoblanganlar.
Aflotun davlati tepasida ko‘p bosqichli saylovlar vositasida saylanuvchi 50 va 70 yosh oralig‘idagi 37 boshqaruvchi turadi. Ularning hokimiyatda turish muddati 20 yildan oshmasligi kerak. har bir sinfdan 90 kishidan, jami 360 kishidan iborat saylanuvchi Kengash salmoqli hokimiyatga ega bo‘ladi. Ko‘plab fuqaro amaldorlar va harbiy mansabdorlarning saylanishi ham nazarda tutiladi.
Aflotunning “Siyosat” asari ham o‘zida qator siyosiy-huquqiy muammolarni ifodalagan. Siyosat bu podsholar san’ati bo‘lib, u odamlarni boshqarishni bilishni va uddalashni taqozo etadi. Agar hukmdor odamlarni boshqarish san’atini yaxshi egallagan bo‘lsa, u qonunga asosan yoki qonunga asoslanmay davlatni boshqaradimi, buning unchalik ahamiyati yo‘q. Boshqa davlatlarda esa agar hukmdorlar odamlarni boshqarish san’atini to‘la egallamagan, tegishli bilim olmagan bo‘lsa, albatta qonunlarga asoslanishi kerak.
Aflotun qonun chiqaruvchiga mo‘tadilikka rioya etishni tavsiya etib, bir tomondan, hukmdorlar hoqimiyatini, ikkinchi tomondan esa, boshqaruv ostidagilarning erkinligini ma’lum darajada cheklashni tavsiya etadi.
Aflotun qonunlar nazariyasiga ham ancha hissa qo‘shgani xolda, barcha ilmlar ichida eng insonni oliyjanob qiladigan ilm bu - qonunlar haqidagi fandir, deydi. Qonunlar muhofazasi bilan esa, davlatda oliy sudlov shug‘ullanadi.
Uning fikricha, sudlari yuqori darajada bo‘lmagan davlatni adolatli davlat-polis deb bo‘lmaydi. Har bir hukmdor ham sudya sifatida maydonga chiqishi mumkin. Aflotunning fikricha, oliy sudlovni amalga oshirishga barcha fuqarolar daxldor.
Aflotun qonun chiqaruvchiga, bir tomondan, boshqaruvchilar hokimiyatini, ikkinchi tomondan, boshqariluvchilar erkini cheklash uchun muayyan o‘rtalikda turishini tavsiya qiladi.
Aflotunning uqtirishicha, qonun chiqaruvchi, birinchidan, o‘z qonunlarini tatbiq qilishni, ikkinchidan, buyruq berishni uddalashi kerak. Agar u yaratgan qonunini tatbiq qilolmasa yoki unga o‘zi amal qilmasa, bu holda uning ko‘rsatmalari qonuniy kuchga ega bo‘lmaydi hamda uning so‘zlari qo‘l ostidagilar tomonidan qabul qilinmaydi21.
Qonun yaratishda davlatning joylashgan o‘rni, iqlimi va boshqa xususiyatlar ham hisobga olinishi darkor. Shundan kelib chiqib: “Mahalliy sharoitlarga zid qonun yaratish mumkin emas”, deydi u. Aflotun qonun nazariyasini ishlab chiqishga ham katta e’tibor beradi. Uning fikricha, “qonun haqidagi fan insonni boshqa fanlardan ko‘ra ko‘proq kamolotga erishtiradi”.
Qisqasi ideal davlatda sudlov qonunni himoya qiladi. Shunga ko‘ra, Aflotunning ta’kidlashicha, sudlar yetarli darajada tuzilmagan har qanday davlat o‘zining davlatligini yo‘qotadi, deydi Aflotun. Sud davlatchilik vazifalaridan xoli alohida hokimiyat emas. Shu bilan birga sud ishlarida himoyachilar bo‘lishi ham nazarda tutiladi.
Arastuning davlat va huquq haqidagi ta’limoti. Arastuning davlatning paydo bo‘lishi, vazifasi va shakli haqidagi qarashlari. Uning siyosat, huquq va ijtimoiy adolat haqidagi fikrari
Antik siyosiy-huquqiy tafakkurning yanada rivojlanishi Aflotunning shogirdlaridan biri Arastuning (eramizdan avvalgi 384-322 yillar) nomi bilan bog‘liq. “Aflotun mening do‘stim, lekin haqiqat undan ulug‘roq”, degan hikmatli ibora Arastu qalamiga mansubdir. U insoniyat tarixidagi ko‘p qirrali mutafakkirlardan biri sanaladi.
Arastu yoshligida Aflotun akademiyasida o‘qigan va keyinchalik dars ham bergan. Arastu tomonidan eramizdan avvalgi 342-340 yillarda, Makedoniya shohi Filipp II taklifiga ko‘ra, uning o‘g‘li, bo‘lajak sarkarda Aleksandr Makedonskiy* tarbiyalangan. Shundan keyin u Afinaga qaytib, o‘zining falsafa maktabi — Likey (litsey)ni ochgan va qariyib umrining oxirigacha unga rahbarlik qilgan.
Siyosiy-huquqiy mavzular Arastuning “Siyosat”, “Afina politiyasi” va “Etika” singari asarlarida batafsil yoritilgan.
Arastu siyosat haqidagi fanni har tomonlama tahlil qilishga uringan. U siyosatni etika bilan chambarchas bog‘liq holda ko‘rib chiqqan.
Arastuning qarashlarida huquq, qonun va huquqiy davlatchilikning zaminiy g‘oyalari o‘zining ifodasini topgan. Uning fikricha, har qanday huquq bu siyosiy huquq bo‘lib, u tabiiy huquqga va pozitiv huquqga ajraladi. Har qanday qonunni siyosiy xarakterli deyish uchun mezon bo‘lib, uning siyosiy adolatga va huquqga muvofiq kelishi hisoblanadi. “Siyosat” asarida u qonunning vazifasi huquqqa mos xarakat qilish kerakligini uqtirib, majburiy bo‘ysundirishga intilish, albatta huquq g‘oyasiga ziddir deydi.
Arastuning talqinicha, siyosiy davlat tuzilishining turli xillari , aynan o‘zining siyosiy xarakterga egaligi bois ham, adolat va huquq g‘oyasiga mos keladi ya’ni, boshqacha qilib aytganda, huquqiy xarakterga ega. Shunga asoslanib Arastu umumiy, ya’ni barchaning foydasini o‘ylaydigan davlat tuzilishi shakligina mutloq adolat tamoyili asosida to‘g‘ri davlatlar hisoblanadi; biroq, xuddi shu shakldagi davlatlarda xukmdorlarning shaxsiy farovonligigina nazarda tutilsa, bunday davlatlar noto‘g‘ri davlatlardir, ular despotik tartiblarga asoslangandir, davlat esa erkin insonlarning o‘zaro birligidir, deb ta’kidlaydi.1
Arastu adolatning ikki xil, ya’ni tenglashtiruvchi va taqsimlovchi ko‘rinishini farqlaydi. Tenglashtiruvchi adolat mezoni “arifmetik tenglik” bo‘lib, bu tamoyil fuqaroviy-huquqiy kelishuvlar, oldi-sotdilar, zararni qoplash, jazolash singari sohalarda qo‘llanadi. Taqsimlovchi adolat mezoni esa “geometrik tenglik”dan kelib chiqib, yetishtirilgan ne’matlarni har kimning qo‘shgan hissasiga qarab taqsimlashni bildirgan. Bu holda tegishli narsalarga (hokimiyatga, hurmatga, moddiy boylikka) boshqalar bilan teng yoki teng bo‘lmagan miqdorda egalik qilish mumkin.
Arastuning nuqtai nazaricha, davlat tabiiy taraqqiyotning natijasidir. Bu ma’noda u oila, jamoa singari dastlabki tuzilmalarga o‘xshaydi. Lekin davlat barcha tuzilmalarni o‘z ichiga oluvchi oliy shakldagi tuzilmadir. Arastu xususiy mulk, oila va idividual huquq manfaatlaridan kelib chiqib, Aflotunning ideal davlat to‘g‘risidagi har ikki loyihasini ham tanqid qiladi. Uning ta’kidlashicha, mulk, xotinlar va bolalarning Aflotun taklif etgandek umumiyligi davlatning barham topishiga olib keladi.
Arastuning g‘oyasiga ko‘ra, davlat murakkab tushuncha bo‘lib, uning qanday shakldaligini aniqlashda kimlar uning fuqarolari hisoblanishi muhim ahamiyatga ega. Ushbu davlatning qonun chiqarish va sud hokimiyatida qatnashish imkoniyatiga ega bo‘lganlargina fuqaro hisoblanadilar.
Davlatchilik shakli, shuningdek, hukmdorlar soni (yakka hokimlik, ozchilik, ko‘pchilik) bilan ham belgilanadi. Bundan tashqari, Arastu davlatni to‘g‘ri va noto‘g‘ri shakllarda bo‘lishini ham ko‘rsatadi. To‘g‘ri shakllarda boshqaruvchilar umumiy foyda yo‘lida harakat qilishadi, noto‘g‘ri shakllarda esa faqat o‘zlarining shaxsiy manfaatlaridan kelib chiqishadi.
Davlatning to‘g‘ri shakli sifatida Arastu monarxiya boshqaruvini (podshohlikni), aristokratiya va politiyani ko‘rsatadi. Shunga muvofiq ravishda tiraniya, oligarxiya va demokratiyani u noto‘g‘ri va xato boshqaruv shakllari deb hisoblaydi.
Arastu eng yaxshi va ideal davlat shakli deb politiyani ko‘rsatadi. Politiyada davlatni umumiy manfaat yo‘lida ko‘pchilik boshqaradi. Bu boshqaruv oligarxiya va demokratiyaning uyg‘unlashgan shakliga o‘xshash bo‘ladi. Arastu Politiya xos bo‘lgan mulkdorlar va mulksizlarning, boylik va erkinlik kabi manfaatlarning bunday birlashuvi juda ko‘plab davlatlarga xosligini ta’kidlaydi.
Arastu yuqori hokimiyat qonunga emas, xalqga bog‘liq bo‘lgan o‘ta demokratiyani tanqid qilar ekan, boylar va kambag‘allar murosasiga, qonun ustivorligiga asoslangan mo‘tadil demokratiyani qo‘llab-quvvatlaydi. Shuning uchun ham u Solon islohotlariga yuksak baho beradi.
Arastuning politiyasi oligarxiya va demokratiyaning eng yaxshi jihatlarini o‘zida ifoda etadi. Ayni chog‘da bu politiya ularning kamchiliklaridan ham xolidir. Politiya – davlatchilikning “o‘rta” shakli va unda “o‘rtachalik” hamma narsada ko‘rinadi: axloqda – mo‘tadillik, mulkda – o‘rtacha farovonlik, hukmdorlikda – o‘rta tabaqa va hokazo. Arastu “o‘rtacha” kishilardan iborat bo‘lgan davlat eng yaxshi davlat tuzumiga ega bo‘lishini alohida ta’kidlaydi. Arastuning o‘rta bo‘g‘inga suyangan jamiyat afzalliklari haqidagi bunday qarashlari O‘zbekistonda o‘rta mulkdorlar sinfini shakllantirish uchun harakat borayotgan hozirgi paytda ayniqsa ahamiyatlidir. Mamlakatimizda kechayotgan ushbu jarayonni Prezidentimiz I.A.Karimov quyidagicha aniq ifodalab bergandi: «Ayni o‘rta mulkdorlar sinfi shakllantirilayotgan fuqarolik jamiyatining tayanchidir.
Bu o‘rinda gap, agar mulk shakllari xilma-xilligi va birinchi navbatda xususiy mulk har qanday davlatning demokratik negizlari barqarorligining iqtisodiy asosi hisoblansa, real ishlab chiqarish vositalarining o‘rta mulkdorlaridan iborat kuchli qatlamning mavjud bo‘lishi uning siyosiy asosi ekanligi haqida bormoqda. Aholi orasida haqiqiy mulkdorlar o‘rta qatlamining ko‘pchilikni tashkil etishi mamlakatda ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarni orqaga qaytarish imkoniyatlarini bartaraf etishning kafolati hisoblanadi.
Shu sababli biz iqtisodiy o‘zgarishlar jarayonini respublikada o‘rta mulkdorlarning chinakam sinfini shakllantirishdek dolzarb vazifani hal qilish bilan bog‘lamoqdamiz. Odam o‘zini chinakamiga mulkdor deb his etmas ekan, o‘z huquqlari uchun, pirovard natijalar va ishlab chiqarish samaradorligi uchun mulkdor sifatida kurashmaydi. Jamiyatda barqarorlikni saqlab qolish va himoya qilishga intilmaydi»22.
22 Karimov I.A. Xavfsizlik va barqaror taraqqiyot yo‘lida. 6-tom. T., «O‘zbekiston», 1998, 167-168-betlar.
Zotan, Arastu fikriga ko‘ra, lozim darajadagi tenglikning yo‘qligi davlatni parokandalik sari yetaklaydi. Bunday hol odatda nisbiy tenglikning hamda siyosiy adolat prinsipining buzilishi oqibatida kelib chiqadi (tenglik birinchi holatda miqdor bilan o‘lchansa, ikkinchisida – qadr-qimmat bilan o‘lchanadi).
Arastuning eng yaxshi davlat tuzish loyihasiga ko‘ra, ideal davlatning aholisi yetarli miqdorda bo‘lmog‘i kerak. Yaxshi davlatning hududi dengiz va materikda qulay joylashgan bo‘lishi shart. Bunday davlatda hunarmandlar, dengizchilar va savdogarlar fuqarolik huquqiga ega bo‘lmaydilar. Yer ikki qismga bo‘lingan: bir qism yer davlatning umumiy tasarrufida bo‘ladi, ikkinchi qism yer fuqarolarning xususiy mulki hisoblanadi.
Arastu o‘zining huquqiy qarashlarida Suqrot va Aflotunlarning adolat va qonun aynan bir degan g‘oyasiga qo‘shiladi. huquq o‘zida adolatni aks ettiradi va kishilar o‘rtasidagi siyosiy munosabatlar me’yori bo‘lib xizmat qiladi. Umuman, siyosiy ma’nodagi huquqni Arastu “siyosiy huquq” deb ataydi. Bu esa siyosiy bo‘lmagan huquq yo‘qligini, siyosiy bo‘lmagan, ya’ni zulmga, istibdodga asoslangan boshqaruv shakllarida huquq bo‘lmasligini anglatadi.
Siyosiy boshqaruv, Arastu nuqtai nazariga ko‘ra, odamlar tomonidan emas, balki qonun tomonidan boshqaruvdir. Chunki odamlar, hatto eng yaxshilari ham, tuyg‘u va ehtirosga moyildirlar, qonun esa birday o‘zgarmasdir.
Dostları ilə paylaş: |