Ellinizm davri (eramizdan avvalgi IV asrdan II asrgacha) siyosiy-huquqiy ta’limoti Qadimgi Yunoniston davlatining inqirozi ellinizm davri davlat va huquq ta’limotida yaqqol namoyon bo‘ldi. IV asrning so‘nggi choragiga kelib Yunoniston polislari dastlab Makedoniya, keyinchalik Rim hukmronligi ostida qoldi. Aleksandr Makedonskiyning eramizdan avvalgi 336-323 yillardagi yurishlari ellinizm davrini, ya’ni ellincha monarxlar davri va ellinlashuvni boshlab berdi. Ma’lumki, ellinizm qadimgi dunyo tarixida eng murakkab va qarama-qarshiliklarga to‘lib toshgan davr hisoblanadi. «Ellinizm konkret tarixiy hodisa, - deb yozadi professor F. Sulaymonova o‘zining «Sharq va G‘arb» kitobida, — iqtisodiy, ijtimoiy, siyosiy, mafkuraviy va madaniy hayotda grek va yerli xususiyatlarni o‘zida mujassamlantirgan tarixiy voqe’likdir...
... Ellinistik davrda faqat grek adabiyotigina emas, san’at, mafkura sohasi — falsafa va dinda ham keskin o‘zgarishlar ro‘y beradi. har bir ozod (ya’ni qul bo‘lmagan) inson avvalgi siyosiy erkinligidan mahrum bo‘ladi, uning hayoti, baxt-saodati zolim hokim, siyosat, iqtisodiy o‘zgarishlar bilan bog‘liq, lekin bu tashqi kuchlarning birontasini o‘zgartirishga shaxsning qurbi yetmaydi. Natijada shaxs o‘z qobig‘iga o‘ralib qoladi. Ana shunday sharoitda falsafa dastavval shaxs masalasi, axloq, odob, mavjud jamiyat tuzumida qanday yo‘l bilan inson umidsizlikka tushmay, o‘z mavqeini yo‘qotmay, hayot yo‘lini bosib o‘tishi mumkinligi masalalarini ishlaydi. Bu davrda tabiat fanlari falsafasidan ajralib, mustaqil rivoj etadi, tadqiqotlardan nazariy xulosalar chiqarmaydi. Ellinistik davr faylasuflari, ayniqsa, buyuk salaflar asarlarini izohlash, talqin etish ko‘p shug‘ullanadilar»23.
irobar, bu davrda shakllangan falsafiy ta’limotlar, bu davrning siyosiy-huquqiy g‘oyalari Epikur, stoiklar va Polibiyning qarashlarida o‘z ifodasini topdi.
Epikur (eramizdan avvalgi 341-270 yillar) o‘zining siyosiy-huquqiy qarashlari bilan Demokrit ta’limotining davomchisi bo‘lib qoldi. Epikurning fikriga ko‘ra, tabiat, xudolarning inon-ixtiyorlarisiz, o‘z qonuniyatlari bo‘yicha mustaqil rivojlanib boradi.
Inson erki, Epikur nuqtai nazaricha uning o‘z turmush tarzini ongli tanlab olish ma’suliyatidir. Uzlatga chekinish, faol ijtimoiy-siyosiy hayotda qatnashmaslikni targ‘ib qilish Epikur ta’limotiga xos xususiyatdir. Uning nazarida, davlat hokimiyati va siyosiy muloqotning asosiy maqsadi — kishilarning o‘zaro xavfsizligini ta’minlashdan, bir-birlaridan xavfsirashdan xalos etishdan iboratdir.
Epikur ta’limotiga ko‘ra, qonunlar boshqaruvchi “donishmand”larni (ya’ni komil insonlarni) “olomon”dan ajratish va muhofaza qilishning, alohida shaxs erkining ommaviy kafolatidir. “Qonunlar, — deb yozadi Epikur, — donishmandlar yomonlik qilmasligi uchun emas, balki ularga boshqalar yomonlik qilmasligi uchun yaratilgandir”. Haqiqiy individualist bo‘lgan Epikur o‘ta demokratiyaga qarshi bo‘lgan. Shuning uchun ham u «donishmand» kishini «olomon»ga keskin qarshi qo‘yadi. U hech qachon olomonga yoqishga intilmaydi, aksincha, ular sezgilaridan yiroqda bo‘lishga harakat qiladi.
Ellinizm davri siyosiy-huquqiy ta’limotidagi yana bir oqim stoitsizm bo‘lib, Zenon (eramizdan avvalgi 336-264 yillar) uning asoschisi hisoblanadi. Stoitsizmning o‘zi ham uch davrga bo‘linad