Demokrit (eramizdan avvalgi 460-370 yillar) birinchilar qatorida odamning paydo bo‘lishi va jamiyat shakllanishini dunyo taraqqiyotining tabiiy bir qismi sifatida ko‘rib chiqqan. Uning fikriga ko‘ra, odamzod uzoq davom etgan evolyusiya jarayonining hosilasidir, jamiyat, polis, qonunlar sun’iy yaratilgan bo‘lib, tabiat (xudo) tomonidan berilmagan.
Demokritning fikricha davlatda umumiy manfaat va adolat o‘z ifodasini topgan. Davlat manfaatlari hamma narsadan ustun turadi, shuning uchun ham fuqarolar faoliyati davlat tuzumini va boshqaruvni yaxshilashga qaratilmog‘i lozim. “Yaxshilar”, donishmandning nazariyasiga ko‘ra, o‘tmishdagi aslzodalar va boylar emas, balki yuksak aqliy va ahloqiy fazilat sohiblaridirlar. Davlatni aynan shunday kishilar boshqarishlari kerak.Qonunlar polisdagi kishilar hayotining farovonligiga xizmat qilmog‘i lozim. Biroq bunday natijaga erishmoq uchun odamlar ham harakat qilishlari kerak, qonunga bo‘ysinishlari, itoat etishlari darkor.
Siyosiy-huquqiy mavzularning keng muhokama doirasiga chiqishi V asrdagi antik demokratiyaning gullab-yashnagan davrida maydonga kelgan sofistlar (“sofos” — “donishmand” so‘zidan kelib chiqqan) faoliyatlari bilan bog‘liqdir. Ular ma’lum haq evaziga kishilarni turli sohalarda, jumladan, davlat va huquq masalalarida donishmandlikka o‘rgatishgan. Ular qandaydir yagona maktabni ta’kidlashicha, “kuchlilarga foyda keltiradigan narsa adolatdir”. Shu tarzda Frasimax davlat faoliyatida zo‘ravonlikning, siyosat va qonunning avtoritar xususiyati ahamiyatini ko‘rsatgan. Uning fikricha, ma’naviy-axloqiy sohada hokimiyatni egallab turganlarning qarashlari hukmronlik qiladi.
Sofist Likofron davlatni odamlarning o‘zaro hamkorlik to‘g‘risidagi kelishuvi natijasi sifatida ta’riflagan. Uning talqiniga ko‘ra, qonun ham shunchaki kelishuv-shartnoma bo‘lib, u “shaxsiy huquqlarning oddiy kafolatidir”.
Kichik sofistlarga mansub Alkidam Eleyskiy(eramizdan avvalgi IV asrning I yarmi) barcha odamlarning, shu jumladan qullarning ham tengligi haqidagi g‘oyani ilgari surgan. Quyidagi e’tiborga molik so‘zlar ham unga tegishli: “Xudo barchani ozod qilib yaratgan, tabiat esa hech kimga qullikni ravo ko‘rgan emas”.
Insoniyat ma’naviy hayotidagi eng mashhur va ibratli zotlardan biri bo‘lgan Suqrot (eramizdan avvalgi 469-399 yillar) sofistlarning ashaddiy tanqidchisi edi. Shunga qaramay, u sofistlarning qator g‘oyalarini qabul qilgan va ularning ma’rifatparvarlik ishlarini davom ettirgan.
Suqrot qonun ustuvorligi tarafdori bo‘lgan. Yaxshi qonunlar bilan boshqariladigan farovon davlat sifatida arstokratik Sparta va Kritni, ma’lum darajadagi oligarxik Fiva va Megarani ko‘rsatgan. U o‘z polisidagi “ashaddiy” demokratiyaga salbiy munosabatda bo‘lgan.
Suqrotning fikriga ko‘ra, davlatni bilimdonlar boshqarishi kerak. Uning boshqaruv borasidagi siyosiy ideallari na demokratiya, na tug‘ma aristokratiya, na oligarxiya va na tiraniya boshqaruvi tamoyillariga mos kelmasdi. U ayniqsa tiraniyani qattiq tanqid qilgan.
Suqrot amaliy siyosat sohasida davlatni biladigan, ya’ni boshqarish ishiga qobiliyatli bo‘lgan, boshqarish ilmini egallagan odamlar amalga oshirishi kerak degan fikrni ilgari surgan.
Adolat, qonunchilik va boshqaruv borasidagi o‘z siyosiy tasavvurlaridan chekinmagan Suqrot demokratiyada ham, o‘ttiz tiran hukmronligi davrida ham hokimiyat vakillarining ko‘p qarshiligiga uchragan. Eramizdan avvalgi 399 yilda hokimiyatga qaytgan demokratiyaning taniqli vakillari Suqrotni dahriylikda, qonunlarni va yoshlar tarbiyasini buzishda ayblab chiqishdi. O‘limga hukm qilingan Suqrot qonunlarni buzmaslik, adolatsizlikka adolatsizlik bilan javob qaytarmaslik to‘g‘risidagi o‘z tamoyillariga sodiq qoldi. U do‘stlarining qamoqdan qochish to‘g‘risidagi takliflarini rad etdi.
Suqrot ta’limoti va uning hayoti nafaqat uning zamondoshlari va shogirdlarida chuqur taassurot qoldirgan, balki falsafiy, siyosiy-huquqiy ta’limotlarning keyingi taraqqiyotiga ham ulkan ta’sir ko‘rsatgan.