Mavzu: Qurilishda iqtisodiy islohotlarni chuqurlashtirishning asosiy yoʻnalishlar
Mavzu:Qurilishda iqtisodiy islohotlarni chuqurlashtirishning asosiy yoʻnalishlar Reja: 2. Qurilish iqtisodiyotini isloh qilishning asosiy yo‘nalishlari 3.Qurilish iqtisodiyotini rivojlantirishdan ko’zlangan maqsadlar
Ma’lumki, iqtisodiyot bozor munosabatlari sharoitida faoliyat ko‘rsatadi. O‘zbekiston davlat mustaqilligiga erishgan dastlabki kunlardan boshlab iqtisodiyotni rejali tizimdan bozor munosabatlari asosiga o‘tkazish masalasi ko‘tarilib, uni hal qilishga kirishildi. Avvalgi nashrlarda, turli tadqiqotlarda bozor va bozor iqtisodiyoti anarxiyani, inqirozlar va ishsizlikni keltirib chiqaruvchi tizim deb ko‘rsatilar, bozorning biznes, tadbirkorlik, raqobat va shu kabi kategoriyalariga esa kapitalizmga xos illatlar deb qaralardi. Bugungi kunda chop etilayotgan tadqiqotlardan esa biz bozorning ishlab chiqaruvchi(sotuvchi) bilan iste’molchi(haridor) uchrashadigan joy ekanligini, bozor iqtisodiyotining esa rivojlanib borayotgan tizim ekanligini, unda iste’mol tovarlarining mo‘l-ko‘l bo‘lishini, ularning avvalgi paytlardagidek, faqat davlat tomonidan emas, balki zarur hollarda davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlangan holda asosan ishlab chiqaruvchilarning o‘zlari tomonidan ishlab chiqarilishini bilib oldik.
Ko‘rinib turibdiki, mazkur masala bir qarashda oddiy ko‘rinsa-da, anchagina murakkabdir.
Bozor iqtisodiyoti uch yuz yildan ko‘proq davrdan beri mavjuddir. Shu davr ichida u tinmay rivojlanib, takomillashib, jamiyat hayotidagi o‘zgaruvchan sharoitlarga moslashib kelmoqda. Shu sababdan, hozirgi kundagi bozor Adam Smit davridagi yoki Karl Marksning “Kapital” asarida bayon qilingan davrdagi bozorga mutlaqo o‘xshamaydi. Ammo bozorning asosi deyarli o‘zgarishsiz, avvalgidek holicha saqlanib qoldi.
Shunday qilib, bozorni inkor qilish va “adolat” uchun, taqsimotdagi tenglashtirish uchun kurashishning ildizlari ilk sotsialistlarning utopik (xayoliy) mafkurasiga borib taqaladi. Bugun biz rejali iqtisodiyotning vaqt sinovidan o‘tmaganligiga, sobiq sotsialistik respublikalarning bozor iqtisodiyoti yo‘lini tanlaganliklariga guvohmiz.
Tahlillarning ko‘rsatishicha, hozirgi kunda yer qurrasida bozor iqtisodiyotidan boshqa tizimda bo‘lib, rivojlanib borayotgan birorta davlat yo‘q, ya’ni bozorsiz boy mamakat yo‘q. Tarixning g‘oyatda qimmatga tushgan sof tajribasidan ma’lumki, Germaniya, Koreya va Xitoy kabi mamlakatlarni ikkiga bo‘lib, birida bozor iqtisodiyoti, ikkinchisida taqsimot (ya’ni rejali) iqtisodiyotni joriy qilingani achinarli oqibatlarga olib keldi. Chetdan qaraganda bir millatga mansub, bir xil odamlar, yer ham, tabiiy sharoitlar ham bir xil, ammo natijalar mutlaqo har xil. Shundan kelib chiqqan holda, totalitar, ma’muriy-buyruqbozlik iqtisodiyoti bilan bozor iqtisodiyotini yana taqqoslashga, bu munozarani davom ettirishga yana biror asos bormi?
Ammo bozor iqtisodiyotida farovonlik va taraqqiyot o‘z-o‘zidan, avtomatik ravishda vujudga kelib qolar ekan, degan fikr yuzaga kelmasligi uchun aytib o‘tish kerakki, bozor va umuman bozor iqtisodiyoti - bu “ochil dasturxon” emas. U insoniy funksiyalarni bajarmaydi. Masalan, bozor iqtisodiyoti hech qachon inkor qilinmagan, ta’qib qilinmagan o‘nlab davlatlarni misol qilib keltirish mumkinki, ularda xalqning turmush darajasi va iqtisodiy ko‘rsatkichlari aytarlik yuqori emas.
Demak, bozor farovonlik va taraqqiyot uchun zaruriy shart bo‘lsa ham, ammo yetarli shart emas ekan. Bozor iqtisodiyoti faoliyatining samaradorligini ta’minlash uchun kamida ikki shart - mehnatsevar aholi va tegishli davlat boshqaruvi kerak bo‘ladi.
Bozor iqtisodiyotining barpo etilishi va faoliyat ko‘rsatishi ma’lum bir tamoyillarga rioya qilgan holda amalga oshiriladi. Ularning mazmunini bayon qilishdan avval aytish kerakki, bozor iqtisodiyotining tarkibida faqat ishlab chiqaruvchi (sotuvchi) iste’molchi (haridor) bilan uchrashadigan tovar va xizmatlar bozori emas, balki moliyaviy resurslar (kapital) bozori va boshqalar ham amal qiladi.
Bu bozorlarning barchasi bir-birini to‘ldirib, yagona bozor iqtisodiyoti mexanizmini tashkil qiladi. Bu mexanizmning xarakterli belgilar quyidagilardan iborat: · mahsulot (yumushlar, xizmatlar) ishlab chiqaruvchilar bilan iste’molchilar o‘rtasida aloqaning erkinligi; · hamkorlarni tanlash erkinligi; · bozor ishtirokchilari o‘rtasidagi raqobat.
Mashhur iqtisodchi olim Leontevning fikricha, bozor mexanizmi raqobatga asoslanadi, ammo davlatning qat’iy nazorati ostida, milliy daromadning katta qismini o‘z ichiga oluvchi ijtimoiy xizmatlar tizimlari bilan bog‘liqlikda faoliyat ko‘rsatadi. U keskin markazlashgan rejalashtirish o‘rniga indikativ yo‘naltiruvchi rejalashtirishni ko‘zda tutadi. Boshqacha qilib aytganda, bozor mexanizmini ham boshqa har qanday mexanizm kabi tegishli ravishda boshqarish va tartibga solib turish kerak bo‘ladi.
Bozor iqtisodiyotining asosiy tamoyillariga kelsak, O‘zbekistonga nisbatan ular, birinchidan, dastlab mamlakat prezidenti I.A.Karimov tomonidan ishlab chiqilgan, ikkinchidan, - ular milliy iqtisodiyotni bozor munosabatlariga o‘tkazishning o‘z modeli asosiga qo‘yilgan.
Bu tamoyillar quyidagilardan iborat:
· iqtisodiyotning siyosatdan ozodligi;
· qonunlarning ustivorligi va ularning barcha boshqaruv pog‘onlarida majburiy bajarilishi;
· davlat - barcha ijtimoiy-iqtisodiy o‘zgarishlarda bosh islohotchi;
· mehnatkashlarning, ayniqsa kam ta’minlangan oilalarning manfaatlarini kuchli ijtimoiy himoyalash;
· bozorga va bozor munosabatlariga bosqichma-bosqich o‘tish.
Qurilish, milliy iqtisodiyotning o‘zviy bir qismi sifatida bu tamoyillardan alohida faoliyat ko‘rsata olmaydi. Bundan tashqari, qurilish bu tamoyillarga moslanishi, ularning asosida hamda tarmoqning xususiyatlarini hisobga olgan holda bozor munosabatlariga o‘tish jarayonining tezlashishiga imkon yaratishi lozim.
Qurilish tashkilotining qurilish-xo‘jalik faoliyatining butun jarayonini mulk egasi sifatida tartibga solishdagi mutloq huquqi.
Bu tamoyil to‘liq amalga oshishi uchun qurilish tashkilotlari birinchidan buyurtmachilarning mablag‘lariga bog‘liq bo‘lmasliklari kerak, ikkinchidan, istiqbolli qurilish dasturiga ega bo‘lishlari lozim, uchinchidan esa, o‘z ishlab chiqarish imkoniyatlaridan to‘liq foydalanishni o‘rganishlari va ish vaqtining ham, moddiy resurslarning ham behuda isrof qilinishiga yo‘l qo‘ymasliklari zarur.
Amaliyotdan ko‘rinib turibdiki, biror korxona, shu jumladan qurilish tashkiloti resurslardan tejamli foydalansa, kamroq harajatlar bilan ko‘proq natijalarga erishsa, faqat shundagina mulkka egalik hissi paydo bo‘ladi. Ya’ni mulk egasi - bu hamma joyda va hamma narsada samaradorlikka intiluvchi (jismoniy va huquqiy) shaxsdir.
Shuning uchun ushbu tamoyilning amalga oshirilishi, ishning moddiy jihatidan tashqari, yana ahloqiy masalalarga, jamiyat oldidagi burch va mas’uliyatini to‘g‘ri tushunish hissiyotiga asoslanadi.
Mulk egasi - bu boshi oqqan tomonga qarab yuradigan, bor-budini isrof qilib yuboradigan kimsa emas, balki mol-mulkini oqilona va samarali sarflaydigan kishidir. Bu gap qurilish industriyasining korxona va tashkilotlariga ham taalluqli.
Qurilish tashkiloti o‘z mol-mulkiga qanchalik yaxshi va mas’uliyat bilan qarasa, unda mulk egasining huquqlari shu qadar yuqori bo‘ladi.
Yuqorida bozor iqtisodiyoti sharoitida qurilish faoliyatining eng muhim deb topgan tamoyilini ko‘rib chiqdik. Ammo qurilish majmuasini bozor tizimiga o‘tkazish uchun boshqa bozor tamoyillari va shart-sharoitlari ham kerak bo‘lib, ularsiz moddiy ishlab chiqarish tarmog‘i sifatida faqat qurilish emas, hatto butun iqtisodiyot ham bozor iqtisodiyoti degan nomga loyiq bo‘la olmasligi mumkin. Quyidagilar shular jumlasidandir:
· pul-kredit tizimini tashkil qilish va uning, shu jumladan konvertlanuvchi valyutaning barqaror faoliyat ko‘rsatishini yo‘lga qo‘yish.
· moliyaviy tashkilotlar, birjalar, sug‘urta kompaniyalari, auditorlik va konsalting muassasalari, telekommunikatsiyalar tarmog‘i va hokazolarni o‘z ichiga oluvchi bozor infratuzilmasining mavjudligi;
· bozor sharoitlarida ishlay oluvchi kadrlarni tayyorlash va qayta tayyorlash bo‘yicha ishonchli tarmoqning mavjud bo‘lishi;
· me’yoriy-uslubiy va ma’lumot materiallarini tayyorlash va qurilish ishlab chiqarishini ular bilan ta’minlash; · oqilona (maqbul) soliq tizimining mavjudligi;
· talab darajasidagi huquqiy ta’minotning mavjudligi;
· narxni shakllantirish tizimini yaxshilash.
Tabiiyki, qurilish majmuasining bozor munosabatlariga o‘tishdagi asosiy tamoyillari ham, qo‘shimcha tamoyillari ham qurilish amaliyotining boy hayotiy tajribasining o‘rnini bosa olmaydi. Nazariyaning amaliyotdan farqi ham, bugunning ertadan farqi ham aslida shudir. Ammo bu tamoyillardan birgalikda foydalanish va yanada muhimrog‘i, ularni davr talabidan, hayot talabidan kelib chiqqan holda boyitish, to‘ldirish qurilish majmuasining bozor munosabatlariga o‘tkazilishini tezlashtiradi va shu yo‘l bilan butun milliy iqtisodiyotning rivojlanishini ta’minlaydi.
Ko‘rib chiqilgan masalalar qurilish iqtisodiyotini isloh qilishning butun milliy iqtisodiyot nuqtai nazaridan qaragandan majburiy chora emas, balki obyektiv zarurat va hatto davr talabidir, degan xulosa chiqarishga imkon beradi. Iqtisodiyotning u yoki bu tarmog‘i “oqsayotgan” bo‘lsa, xo‘jalikni boshqarishda bozorga xos bo‘lmagan usullarni qo‘llayotgan bo‘lsa, bunday iqtisodiyotni bozor iqtisodiyoti deb bo‘lmaydi. Iqtisodiyotni (tarmoq iqtisodiyotini ham, milliy iqtisodiyotni ham) faqat boshqaruvning barcha pog‘onalarida, hamma joyda bozor mexanizmlari amal qilgan taqdirdagina bozor iqtisodiyoti deb atash mumkin. Bunga erishmaguncha bozor iqtisodiyoti haqida jiddiy gapirish mumkin emas.
Afsuski, bugungi kunda qurilish majmuasining ahvoli aytarlik yaxshi emas, bu tarmoq ilgari ham ob’ektlarning qurilishi haddan tashqari “uzoq vaqtga cho‘zilishi”, bitmagan qurilishlar soni ko‘payishi, kapital qo‘yilmalarning son-sanoqsiz ob’ektlarga taqsimlanib ketgani, yo‘qotishlar, ishlab chiqarishga bog‘liq bo‘lmagan harajatlar va boshqalar tufayli har doim ham yaxshi ko‘rsatkichlarga ega bo‘lavermas edi
Bugungi kunda esa kapital qurilishni jonlantirish va uning samaradorligini oshirish uchun boshqacha chora-tadbirlar kerak bo‘lmoqda. Shu maqsadlarda «Kapital qurilishda iqtisodiy islohotlarni yanada chuqurlashtirishning asosiy yo‘nalishlari to‘g‘risida» O‘zbekiston respublikasi Prezidentining farmoni (06.05.2003 y., № PF-3240) e’lon qilindi. Unda asosiy yo‘nalishlar sifatida quyidagilar ko‘zda tutilgan:
1) pudratchi qurilish tashkilotlari va qurilish industriyasi korxonalarini xususiylashtirish va aksiyalashtirish jarayonlarini yanada chuqurlashtirish, qurilish boshqaruv tuzilmalarini ixchamlash va monopoliyadan chiqarish; 2) xususiy qurilish firmalarini tashkil qilishni rag‘batlantirish, qurilish sohasida o‘rta va kichik korxona va tashkilotlarni, bozor infratuzilmasini rivojlantirish;
3) kapital qurilishda pudrat va loyiha ishlari bozorini shakllantirish, qurilish faoliyatida shartnoma munosabatlarining rolini kuchaytirish, barcha joylarda buyurtmalarni joylashtirishda tenderlarni joriy qilish, qurilishni asosan foydalanishga tayyor holda («qulf-kalit»gacha) topshirish shartlari asosida amalga oshirish;
4) investitsiya loyihalarini texnik-iqtisodiy asoslashlarni tayyorlash darajasini oshirish, ularni shakllantirish, ko‘rib chiqish va tasdiqlash tartibini takomillashtirish, qurilishning moddiy-texnik bazasini yangilash; 5)tarmoqni boshqarishning barcha bo‘g‘inlarida institutsional o‘zgarishlarni amalga oshirish, qurilish majmuasining boshqaruv tuzilmasini takomillashtirish, bir-ikki bo‘g‘inli boshqaruv tizimlariga o‘tish;
6)qurilish pudrat tashkilotlarida brigada pudratini joriy qilish, to‘lovni ishlarning tugallangan bosqichlarida amalga oshirish asosida ishlab chiqarish va mehnatni tashkil qilishning me’yorlari va mexanizmlarini takomillashtirish;
7)qurilish-montaj ishlarining tannarxini kamaytirish, muddatlarini qisqartirish va sifatini oshirish.
Bu choralar qurilishda iqtisodiy islohotlarni chuqurlashtirishning muayyan Dasturi bilan mustahkamlangan bo‘lib, shu maqsadlarda uni amalga oshirish yuzasidan maxsus hududiy va vertikal komissiyalar tashkil qilingan.
Quyida ko‘rsatilgan ob’ektlarning texnik-iqtisodiy asoslashlari Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi:
a)xorijiy investitsiyalar va kreditlar jalb qilingan holda hukumat kafolati asosida amalga oshirilayotgan ob’ektlar, loyihaning qiymatidan qat’i nazar;
b) respublika investitsiya dasturiga kiritilgan, har yili davlat budjeti bilan birga tasdiqlanadigan ob’ektlar.
Investitsiya loyihalarining texnik-iqtisodiy asoslashlari va boshqa kerakli hujjatlari O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tasdiqlagunga qadar belgilangan tartibda tegishli ekspertizadan o‘tishi lozim. Investitsiya va qurilish loyihalarining tanlov asosida tanlab olinishi qurilish majmuasini tashkil qilish va uni boshqarishdagi eng muhim nuqtalardan biriga aylanib bormoqda.
U ayniqsa quyidagi hollarda keng qo‘llanilmoqda:
· loyihalash, injenerlik-tadqiqot ishlari, konstruktorlik ishlari va hokazo;
· ishlab chiqarish va noishlab chiqarish bino va inshootlarini, korxoalarni qurish va texnik qayta jihozlashda, shu jumladan “qulf-kalit” qilib topshirishda;
· komplekt texnologik asbob-uskunalar va boshqa mehnat vositalarini yetkazib berishda;
· loyihani boshqarishda, maslahat xizmati ko‘rsatishda, nazoratda.
Qurilish iqtisodiyotini isloh qilish umummilliy iqtisodiyotni isloh qilishning tarkibiy qismidir. Davlat qurilish iqtisodiyotini isloh qilishning ustivor yo‘nalishlarini tanlashga imkon beradi.
Tarmoq iqtisodiyotining ahvoli va ko‘rsatkichlari qurilishda xo‘jalik yuritishning to‘liq bozor mexanizmlarini amalga oshirish bo‘yicha boshqa tarmoqlardan ancha orqada qolayotganligini ko‘rsatmoqda. Shuningdek, mulk egalari sinfining shakllanishi sust, yirik xususiy qurilish firmalari yo‘q, tadbirkorlik faoliyati hali kerakli sur’at va ko‘lamga ega bo‘lgani yo‘k, qurilish tashkilotlari (firmalari) o‘rtasida hali jiddiy raqobat mavjud emas.
Bugungi kunda xo‘jalik yuritishda tobora mustaqil bo‘lib borayotgan qurilish majmuasi va avvalo uning ishlab chiqarish bo‘g‘inlarini qayta qurish lozim: avvalgidek “yuqoridan” buyruq kutib o‘tirish tamoyillaridan voz kechish, o‘z-o‘zini ta’minlash va o‘z-o‘zini mablag‘ bilan ta’minlashga o‘tish zarur.
Qurilishning samaradorligini oshirish tashabbuskorlik va tadbirkorlikni rivojlantirishni, yirik, o‘rta va kichik qurilish korxonalari va tashkilotlarini oqilona birlashtirishni ko‘zda tutadi.
http://kompy.info
Dostları ilə paylaş: |