Tarbiyaviy talablar. Tabiatshunoslik darslari katta tarbiyaviy ahamiyatga ega, o’quvchilarning g’oyaviy-siyosiy, mehnat, axloqiy, estetik va jismoniy tarbiyasi birligini ta‘minlaydi.
Ayniqsa, tabiatshunoslik darslari ilmiy dunyoqarashni shakllantirish uchun boy material hisoblanadi. Shuni hisobga olib va ta‘lim hamda tarbiyaning ajralmas birligi tamoyiliga asoslanib, kichik yoshdagi maktab o’quvchilarida dunyoga moddiy qarashni shakllantirish uchun har handay imkoniyatlardan foydalanish zarur. Shunga ko’ra o’qituvchi har bir tabiatshunoslik darsiga tayyorlanishda dasturga va metodik qurollarga tayanib, shu darsda o’quvchilarda qaysi asosiy bilimlar, uquv hamda ko’nikmalar shakllantirilishini, qanday tarbiyaviy g’oyalar ular ongiga yetkazilishini,
dars ularning idrokiy qiziqishlarini rivojlantirishga qanday yordam ko’rsatishini sinchiklab o’ylab olishi kerak.
Tabiatshunoslik darslarida, shuningdek, yosh avlodga estetik tarbiya berish uchun keng imkoniyatlar ochiladi. Tabiat insonni ruhan boyitadi, uning bilan muloqotda bo’lish kishilarda yuqori ma‘naviy sifatlarning shakllanishiga yordam beradi. Bolalarni tabiat go’zalligini ko’ra olish va qadrlashga o’rgatish zarur. Shunga ko’ra tabiat ob‘ektlarini o’rganishda o’quvchilar e‘tiborini tabiatdagi uyg’unlikka, uning shakllarining nafisligiga, estetik zavq beruvchi go’zallikni ta‘kidlamoq va shu asosda estetik tasavvur va tushunchalar bermoq lozim.