www.ziyouz.com kutubxonasi
49
BAXTLI ODAM
Tashvishga chulg‘anib qoldi bu yurak,
Tashvishlar ko‘paydi haddan ziyoda.
Beshigida yotgan go‘dakdan bo‘lak,
Tugal baxtli odam yo‘qdir dunyoda.
1987
MARD BO’LSANG
Qadimdan bir gapni uqdirar hayot:
Mard bo‘lsang, o‘z to‘g‘ri yo‘lingdan qolma.
O’ladigan bo‘lsang o‘z go‘ringda yot,
Birovning mozorin egallab olma.
1987
TAASSUROT
Tabiat kimga ko‘p yo oz beribdi,
Kimgadir xalacho‘p yo soz beribdi,
Vo ajab, mana bu mashshoq gadoyga
Tengi yo‘q shohona ovoz beribdi.
1987
* * *
Har gal ayyomlarni aylarman tavob
Garchand biri moddiy, o‘zgasi sarob
Sho‘rlik ona zamin birlikka zor-ku
Unga talpinish ham, demak, zo‘r savob.
1987
* * *
Oqshomdan boshlangay odatda tonglar
Sukutdan uzilgay gulduros, bonglar
Boshing egma sira, xoksor banda,
Erta ruhing topgay oliy ohanglar.
1987
* * *
May asli pokdomon dilga arzirlik,
Zahmatkash, mehnatkash elga arzirlik
Bayram-ku, har kuni kelavermaydi.
Lekin zavqi qolar yilga arzirlik!
1987
UMR
Saylanma. Abdulla Oripov
www.ziyouz.com kutubxonasi
50
Inson tug‘iladi asli belibos,
Bir parcha et bo‘lib kelar jahonga,
Libosu hashamdan bo‘lgay u xalos,
Ketar chog‘ida ham so‘nggi makonga.
Lekin o‘rtadagi umr-chi, umr...
O’chmas tamg‘a bo‘lib qolgay to abad.
Balki yog‘ar unga rahmat degan nur,
Balki ko‘mar uni malomat, nafrat.
1988
O’G‘LIM ILHOMJONGA
Umr o‘tayotir,
Hushyor bo‘l, bolam,
Endi qaqshayotir otang asabi.
Malol kelayotir hatto baytlar ham
Omoch tortayotgan qo‘sh ho‘kiz kabi.
Tashqarida sekin qoraymoqda kuz,
Barglarni zil havo kelmoqda bosib
Tomay-tomay degan tomchiday yulduz
Mening ruhiyamga g‘oyat munosib.
Nimani ko‘rdim men yorug‘ dunyoda,
Nahot shuncha og‘ir tiriklik ishi.
Dardim yetmaganday, undan ziyoda
Jajji opalaring cheksiz tashvishi
Yolg‘izlik, nadomat, og‘riq, xusumat
Umr yo‘llarimni burjga tiqdilar.
Taqirda o‘stirgan edim bir daraxt
Mevamni terdilar, so‘ngra yiqdilar
Charchoq yengayotir, unutma bolam,
Ehtiyot boq endi o‘ngu hushimga.
Orom olsam agar, niyat qil har dam
Yorug‘ kunlar kirsin mening tushimga.
1988
MALAK
Nechun o‘g‘irlading o‘yu fikrimni,
Nechun xayolimni aylading sarson.
Endi men bilmasman borar yerimni,
Endi tuyg‘ularim qoldi sargardon.
Seni ko‘rgandayman tushimda faqat,
Uchib o‘tgandaysan misoli yulduz.
Samoviy mo‘’jiza, ilohiy tal’at,
Tengi yo‘q bir malak, qoshlari qunduz.
Saylanma. Abdulla Oripov
Dostları ilə paylaş: |