www.ziyouz.com kutubxonasi
139
Turibman qo‘limda
qadah shu palla,
Demak, jom so‘zimni aytmasam bo‘lmas
Sizga baxt tilashim mumkin baralla,
Lekin baxtli qilish qo‘limdan kelmas.
Tilayman albatta sog‘liq va umr,
Tuhfa qilolmasman lekin ularni.
Tilayman hech so‘nmas ilhom va surur,
Garchand berolmasman bu tuyg‘ularni.
Men faqat siz uchun orttirib alam,
Yo‘lingiz to‘smasman devorga o‘xshab.
G‘alvali dunyoda shuning o‘zi ham,
Mening nazarimda juda katta gap.
2000 yil,
oktyabr
* * *
Mana bu hikmatga, do‘stim, sol quloq,
Balki senu menga bo‘lgay bir saboq.
Posbonning qovog‘i uyilgan bo‘lsa,
Hatto jannatga ham tortmaydi oyoq.
2000 yil 4 dekabr
XAROBAZOR
Dunyoda ming yillik xarobalar ko‘p,
Urushlardan yodgor, sellardan yodgor.
Mozorlar qalashib yotibdi to‘p-to‘p,
Aslida ular ham cho‘ng xarobazor.
Vujudimni
teshar yillar shamoli,
Yurak tilka-tilka turfa ozordan.
Bolam, xabar olgin, tutmay zavoli,
Shoir deb atalgan xarobazordan.
2000 yil 4 dekabr
O’ZBEKMAN
Yangi
bir asrning ostonasi bu,
Yetishdim umrimning qutlug‘ yoshiga.
Tilimda shukrona, dilimda g‘ulu,
Tarix sarkotibin keldim qoshiga:
- Mana, men - O’zbekman, qo‘limda tu
Va barcha a’molim bitilgan kitob.
Shuning ichidadir borim va yo‘g‘im,
Shuning ichidadir men uchun oftob.
Saylanma. Abdulla Oripov
www.ziyouz.com kutubxonasi
140
O’zbekman, inshoolloh,
iymonim butun
Tilim qisiq emas bashariyatdan.
Kimgadir tengdirman, kimdandir ustun
Zuvalam qorilgan samimiyatdan.
O’zbekman, gohida iqbolim kulib,
Gohida o‘zimdan chiqqan ofatim.
Dunyoni olsam-da jahongir bo‘lib,
Go‘dak yig‘isiga yo‘qdir toqatim.
O’zbekman,
qanchalik jafo chekmayin,
O’zimga haq bo‘ldim, o‘zimga haqman.
Yashadim yovlarga bo‘yin egmayin,
Bu kun o‘z erkiga erishgan xalqman.
Istiqlol, ketma yurt peshonasidan,
Tole, tark etmagin bizni ilohim.
Mana, yangi asr ostonasidan
O’tdim. Bismillohir rahmonir rohiy
2000
NAVRO’Z
Avval yuragingga mo‘ralaydi u,
So‘ngra kurtaklarga o‘rgatadi so‘z.
Zaminning ko‘zidan
qochadi uyqu,
Demak,
Bahor keldi,
Kelmoqda Navro‘z.
Qishning ahvoliga boqib hoynahoy,
Yum-yum yosh to‘kmoqda eriyotgan muz.
Jilva qilayotir tengsiz bir chiroy,
Demak, Bahor keldi,
Kelmoqda Navro‘z.
Ona bag‘ri kabi iliqdir olam,
Harir hovur ichra yayrar dala-tuz.
Qoldi puchmoqlarda xazon yanglig‘ g‘am,
Demak, Bahor keldi,
Kelmoqda Navro‘z.
Yana ko‘ngillardan rutubat ketdi,
Yana shu’lalardan qamashmoqda ko‘z.
Yana
dildorlikning fursati yetdi,
Demak, Bahor keldi,
Kelmoqda Navro‘z.
2001