XVII bob. G‘iybat bobi hadislari
1. Payg‘ambar (s.a.v.) aytdilar: “Sizlar g‘iybat nima ekanini bilasizlarmi?” Sahih*. Muslim (2589/4).
2. Ibn Abu Najih. “Bir pakana xotin Payg‘ambar (s.a.v.) oldilariga kirdi...” Sahih*. Ahmad (206,189/6) va Ibn Abu Dunyo, “Al-g‘iyba va namiyma” (73, 68).
3. Abu Said Xudriy. “Payg‘ambar (s.a.v.) aytdilarki: “Isro kechasi bir qavm...” Sahih*. Ahmad (224/3) va Abu Dovud (4778), Ibn Abu Dunyo, “As-samtu” (165).
4. “Bir kuni otamdan ushbu hikoyatni aytayotganlarini eshitdim...” Abu ibn Hamid Ikrimadan rivoyat qilingan va “Ad-durrul Mansur” (572,
571/7).
5.Jobir ibn Abdulloh. “Payg‘ambarimiz (s.a.v.) zamonlarida sassiq hidli shamol esib qoldi...” Zaif*. Ahmad (351/3) va Buxoriy, “Al-adabul mufrad” (734). Ibn Abu Dunyo, “As-samtu” (216).
6. Sudiy. “Salmon Forsiy odamlar bilan safarda edi...” Zaif*.
7. Ibn Abbos. “Ushbu “Ayrimlaringiz ayrimlaringizni g‘iybat qilmasin” oyati borasida aytdilar...” Zaif*. Hofiz, “Al-kashshof” (374/4).
8. Anas ibn Molik. “Payg‘ambar (s.a.v.) aytdilarki: “Fojirda bir narsalarni zikr qilinglar...” Mavzu’*. Uqayliy (72), Ibn Hibbon, “Al-majruhiyn” (220/1). Ibn Adiy (173/2) va “Az-zaifatu” (583) ga qarang.
XVIII BOB. CHAQIMCHILIK
213. Huzayfa, Alloh undan rozi bo‘lsin, rivoyat qiladi: Payg‘ambar (s.a.v.): “Chaqimchilar jannatga kirmaydilar”, deganini eshitganman.
214. Abu Hurayra rivoyat qiladi: Rasululloh (s.a.v.) bunday dedilar: “Sizlar yomonlaringizni bilasizlarmi?” Sahobalar javob qilishdiki: “Alloh va Rasuli bilguvchidir”. Rasululloh (s.a.v.) aytdilar: “Sizlarning yomonlaringiz ikkiyuzlamachi kishidir. Bularga bir yuzi va boshqalarga ikkinchi yuzi bilan keladi.
215. Ibn Abbos, ikkalasidan ham Alloh rozi bo‘lsin, rivoyat qiladi: Rasululloh (s.a.v.) ikki yangi qabrning oldidan o‘tib qoldilar, aytdilarki: “Ikkisi ham azoblanyapti, ularning gunohlari katta emas, birinchi kishi siydikdan saqlanmasdi, ikkinchi kishi esa chaqimchilik qilar edi”, dedilar. Payg‘ambar (s.a.v.) bir daraxtdan ho‘l novdani oldilar va ul novdani ikkiga bo‘lib, ikkala azoblanayotgan marhumlar qabriga suqib qo‘ydilar. Shunda sahobalar Rasulullohga (s.a.v.) savol qildilar: “Yo Rasululloh, nima sababki, siz bu ho‘l novdani ikkiga bo‘lib, ikki qabrga suqdingiz?” Rasululloh (s.a.v.) javob qildilar: “Shoyadki, bu ho‘l novdalar qurib bitguncha, ikkalasiga yengillik berilsa”.
Faqih aytdiki: “Katta gunohlarda azoblanmayapti”, degan so‘zning ma’nosi sizlar uchun katta gunoh emas, lekin Alloh nazdida bu ulug‘ gunohlardandir. Abu Hurayra zikr qilgan rivoyatda ham: “Alloh nazdida odamlarning yomoni chaqimchidir”, deyilganidan bilib olsa bo‘ladi.
Huzayfa, Alloh undan rozi bo‘lsin, rivoyat qilgan hadisda aytildi: “Chaqimchi jannatga kirmaydi”. Jannatga kirmaydigan bo‘lsa, boradigan joyi faqat jahannamdir. Bunday kishilar Allohga tavba qilmoqlari lozimdir. Tavba qilmasa, o‘lgandan keyin qabr azobini tortishi muqarrardir, dunyoda xordir, qiyomat kunida do‘zax o‘tida yonadi. Ular Allohning rahmatidan noumiddir. Tirik paytida qilgan gunohlari uchun Allohga tavba-tazarru’, qilsa Alloh tavbasini qabul qilgay.
216. Hasan rivoyat qiladi: Rasululloh (s.a.v.): “Odamlarning yomoni ikkiyuzlamachidir. Birovlarning oldiga bir yuzi bilan, boshqalarning oldiga boshqa yuzi bilan boradi”, dedilar. Yana boshqa bir hadisda aytdilarki: “Kimki ikkiyuzlamachi bo‘lsa, bu dunyoda uning ikki tili bo‘lsa, Alloh taolo unga qiyomat kuni olovdan ikkita til qilib qo‘yadi”.
Qatoda aytadi: “Alloh bandalari ichida yomoni ko‘p ta’nachi, ko‘p la’natlovchi va
chaqimchilar.
Va yana aytiladiki: “Qabr azobi uchga bo‘linadi. Birinchisi g‘iybatdan, ikkinchisi –
siydikdan, uchinchisi – chaqimchilikdan”.
Hammod ibn Salamadan rivoyat qilindi: “Bir kishi g‘ulom sotibdi. Oluvchiga: “Uning chaqimchiligidan boshqa aybi yo‘q”, debdi. Oluvchi g‘ulomning aybini yengil sanab, sotib olibdi Xizmatchi xo‘jayinnikida bir necha kun turgandan keyin bir kuni xo‘jayinining
xotini oldiga borib: “Seni ering yaxshi ko‘rmaydi, sening o‘rningga o‘ynash topgan. Senga mehribon bo‘lishini xohlaysanmi?” debdi. Xotini: “Ha!” debdi. Xizmatchi: “Ustarani olgin va ering uxlagan vaqtda soqolining uchidan ozginasinni qirqqin”, deb o‘rgatibdi. Shundan so‘ng erining oldiga keldi va shunday dedi: “Xotining senga xiyonat qildi, o‘ziga o‘ynash topdi. Endi u seni o‘ldiradi. Sen buni aniqlashni xohlaysanmi?” dedi. Er: «Ha!» dedi. Xizmatchi: “O‘zingni uxlaganga solgin” dedi. Eri o‘zini uxlaganga soldi. Shu payt xotini uning soqolidan olish uchun ustara bilan keldi. Eri esa, u meni o‘ldiradi, deb gumon qilib, undan ustarani olib, xotinini o‘ldirdi. Xotinining yaqinlari kelib erni o‘ldirdilar. Erning qarindoshlari kelishdi. Ular orasida urush bo‘ldi”.
Yahyo ibn Aksam rivoyat qiladi: “Chaqimchi sehrgardan ham yomondir. Chunki chaqimchining bir soatda qiladigan ishini sehrgar bir oyda ham qila olmaydi”.
Rivoyat qilindi: “Chaqimchining amali shaytonning amalidan zararliroqdir. Chunki shaytonning amali xayolan va vasvasa bilan bo‘ladi. Chaqimchining amali esa yuzma- yuz kelish va ko‘rish bilan bo‘ladi”.
Alloh taolo Masad surasida “hammalatal-Hatob” dedi. Ko‘p tafsirchilardan aytilganki, “Hatob”dan maqsad chaqimchilik. Chaqimchilikni “o‘tin” deb nomladi. Chunki chaqimchilik dushmanlikka va urushga sababdir. Olovning, yondiruvchi narsaning o‘rnidadir.
Aksam ibn Sayfiy aytadi: “Xorlar to‘rt nafardir: chaqimchi, yolg‘onchi, qarzdor va yetim”. Ubayda ibn Abu Luboba Ubaydulloh Qurashiydan rivoyat qiladi: «Bir kishi bir kishiga
yetti kalima uchun yetti yuz farsax masofaga erishib keldi. Unga yetib kelgach, undan so‘radi: “Men sendan Alloh senga bergan va ilmdan so‘ramoq uchun keldim. Menga osmondan ham og‘irroq narsaning, yerdan ham kengroq narsaning, toshdan ham qattiqroq narsaning, olovdan ham issiqroq narsaning, ayozdan ham sovuqroq narsaning, dengizdan ham chuqur narsaning, yetimlikdan ham zaifroq narsaning xabarini bergin”, dedi. U javob berdi: “Pokdomon kishiga tuhmat qilishlik osmondan ham og‘irroqdir. Haq yerdan ham kengroqdir; qanoat qiluvchi qalb dengizdan ham chuqurroqdir, boyroqdir; jasaddagi hirs olovdan ham issiqdir. Yaqiniga hojati tushib, undan najot topmaslik ayozdan ham sovuqroqdir. Kofirning qalbi toshdan ham qattiqdir. Chaqimchilik, agar uning egasi tayin bo‘lsa, yetimdan ham zaifdir”.
Boshqa rivoyatda, chaqimchining ishi zohir bo‘lib qolsa, u xorga aylanadi, deyiladi.
217. Ibn Umar, Alloh undan rozi bo‘lsin, rivoyat qiladi: Payg‘ambar (s.a.v.) aytdilar: “Alloh taolo jannatni yaratgan vaqtda aytdi: “Gapirgin!” Jannat javob qildi. “Menga kim kirsa, baxtli bo‘ladi”. Alloh taolo aytdi: “Izzatimga va ulug‘ligimga qasamki, u yerda odamlardan sakkiz nafari turmaydi: doimiy aroq ichuvchi, zinoni davomli qiluvchi, chaqimchi, dayus, qurumsoq, ziqna va yo‘lto‘sar, o‘zini xotinga o‘xshatgan kimsa, qarindoshchilikni uzuvchi, menga Allohning ahdi bor, qilmasam unday bo‘lay, bunday
bo‘lay, deb va’dasiga vafo qilmagan kishilar”.
Hasan Basriy, Alloh undan rozi bo‘lsin, aytadi: “Kim senga gap yetkazsa, bilginki, sening gapingni boshqaga ham yetkazadi”.
Umar ibn Abdulazizdan rivoyat qilindi: “U kishining oldilariga bir kishi kirib, bir kishini zikr qildi, ya’ni u kishi haqida u-bu gaplarni gapirdi. Umar aytdi: “Agar xohlasang, ishingga qaraymiz. Agar yolg‘on bo‘lsa, sen mana bu oyat ahlidan bo‘lasan:
“Ey mo‘minlar! Agar sizlarga bir fosiq kimsa biror xabar keltirsa, sizlar (haqiqiy ahvolni) bilmagan holingizda biron qavmga musibat yetkazib qo‘yib, qilgan ishlaringizga afsus-nadomat chekib qolmasliklaringiz uchun (u fosiq kimsa olib kelgan xabarni) aniqlab, tekshirib ko‘ringlar” (Hujurot, 6).
Agar so‘zing to‘g‘ri bo‘lsa, bu oyat ahlidan bo‘lasan:
“Yana siz har bir tuban, qasamxo‘r, g‘iybatchiyu gap tashuvchi, yaxshilikni man qiluvchi, baxil-tajovuzkor, gunohga botgan, qo‘pol va bulardan tashqari, benasab haromi kimsaga itoat etmang!” (Qalam, 10–12.)
Agar xohlasang buni sendan kechiramiz. Haligi kishi: “Kechirishingizni xohlayman, ey amiral mo‘minin. Bundan keyin, bunday ishlarga hech ham qaytmayman!” dedi.
Abdulloh ibn Muborakdan rivoyat qilindi: “Zinodan bo‘lgan bola gapni yashirmaydi, qavmida yaxshi nasab egasi esa qo‘shniga ozor bermaydi”.
Odamlarning gaplarini yashirmaydigan kishi chaqimchilik qilib yuruvchidir. U valadizinodir. Agar u valadizino bo‘lmaganda edi, albatta gaplarni yashirardi. Bu ma’no Allohning so‘zidan chiqarilgan: “G‘iybatchi-yu gap tashuvchi, yaxshilikni man qiluvchi – baxil, tajovuzkor, gunohga botgan, qo‘pol va bulardan tashqari, benasib haromi kimsaga itoat qilmang!” (Qalam, 10-12.)
Valid ibn Mug‘iyra keksayib qolgan bo‘lishiga qaramay, chaqimchilik bilan yurardi. “Yaxshiliklarni man’ qiluvchi” ya’ni yaxshilikdan odamlarni qaytaruvchi, “tajovuzkor, gunohga botgan, gunohkor fojir, bulardan tashqari benasab”, ya’ni bularning hammasi kimda bo‘lsa, u valadizinodir. Ba’zi tafsirchilar shunday tafsir qilishgan.
Zikr qilindi: Hakimlardan birini do‘sti ziyorat qildi. Uning oldida ayrim birodarlari to‘g‘risida u-bu deb gapirib qo‘ydi. Hakim aytdi: “Ziyofatni bekor qilding. Bu bilan uchta jinoyat qilding, birinchi, birodarimni yomonlading; ikkinchi, bo‘sh qalbimni mashg‘ul etding; uchinchi, o‘zingni chaqimchiga chiqarding”.
Ka’b-ul Ahbordan, Alloh undan rozi bo‘lsin, rivoyat qilindi: “Bani Isroil qabilasiga qahatchilik keldi. Muso alayhissalom qabila ahli bilan uch marta suv so‘rab chiqdilar. Ularga suv berilmadi. Shundan so‘ng Muso alayhissalom: “Ey Rabbim, bandalaring suvsizlik va ochlikdan Senga uch marta zorlanib, iltijo qilib, najot berishing-ni so‘radilar. Sen ularning iltimoslarini, duolarini ijobat qilmading!” dedilar. Alloh taolo unga dedi: “Ey Muso! Men sening va sen bilan bo‘lgan qavmlaringning duolarini ijobat qilmayman. Chunki sizlarning orangizda chaqimchi bor. U chaqimchilikni uzluksiz davom ettirib kelyapti”. Muso alayhissalom so‘radilar: “Kim u? Bizlar uni oramizdan chiqaraylik”. Alloh: “Ey Muso! Sizlarni chaqimchilikdan qaytarib, o‘zim chaqimchilik qilayinmi?
Hammalaringiz tavba qilinglar!” dedi. Hammalari tavba qilishdi. Shundan so‘ng, Alloh ularga suv berdi”.
Zikr qilindi: Amiral mo‘minin Sulaymon ibn Abdulmalik Zuhriy bilan o‘tirgandi. Bir kishi keldi. Sulaymon unga: “Menga yetdiki, sen mening ustimdan chaqimchilik qilibsan? U-bu gaplarni aytibsan”, dedi. Haligi kishi: “Bunday qilmadim, siz to‘g‘ringizda hech narsa aytmadim”, dedi. Sulaymon: “Menga xabar keltirgan kishi sodiq (to‘g‘riso‘z)dir”, dedi. Shunda Zuhriy (Alloh undan rozi bo‘lsin): “Chaqimchi to‘g‘riso‘z bo‘lmaydi”, dedi. Sulaymon: “To‘g‘ri aytding, sen tinchgina ketaver”, dedi.
Hakimlarning birlari aytgan edi: “Kim sizga sizni falonchi so‘kdi”, deb xabar keltirsa, uning o‘zi so‘kuvchidir, sizni so‘kkan kishi emas”.
Vahb ibn Munabbah, Alloh undan rozi bo‘lsin, aytdi: “Kim seni senda yo‘q narsalar bilan maqtasa, senda yo‘q narsalar bilan yomonlamoqdan omon bo‘lmaysan”.
Faqih aytadi: “Sizning oldingizga bir kishi kelib, falonchi sizni bu unday, bu bunday, deb gapirdi”, deb ketib qolsa, sizga olti narsa vojib bo‘ladi.
Birinchi, uni to‘g‘ri deya topmang. Chunki chaqimchining shahodati ahli islom nazdida rad qilingan. Alloh taolo aytadi: “Ey mo‘minlar, agar sizlarga bir fosiq kimsa biron xabar keltirsa, sizlar (haqiqiy ahvolni) bilmagan holingizda biron qavmga musibat yetkazib qo‘yib, qilgan ishlaringizda afsus-nadomat chekib qolmasliklaringiz uchun (u fosiq kimsa olib kelgan xabarni) aniqlab-tekshirib ko‘ringlar”. Ya’ni agar fosiq sizlarga xabar keltirsa, bu ishga qaranglar, shoshilmanglar, qavmga johillik bilan musibat yetkazib qo‘ymanglar.
Ikkinchi, siz uni bu ishdan qaytaring, chunki yomon ishdan qaytarishlik vojibdir. Alloh taolo aytadi:
“(Ey ummati Muhammad) odamlar uchun chiqarilgan millatlarning eng yaxshisi bo‘ldingiz. Zero, siz yaxshi amallarga buyurasiz, yomon amallardan qaytarasiz” (Oli Imron, 110).
Uchinchi, Alloh yo‘lida uni yomon ko‘ring, chunki osiyni yomon ko‘rish vojibdir. Zero, Alloh taolo osiyni yomon ko‘radi.
To‘rtinchi, birodarlaringizga yomon gumonda bo‘lmang. Chunki musulmon kishiga yomon gumon qilishlik harom.
“Albatta ayrim gumonlar gunohdir!” (Hujurot, 12).
Beshinchi, birodar birodarga josuslik qilmaslik lozim. Chunki Alloh taolo josuslikdan qaytardi va o‘z kalomida “Josuslik qilmanglar” (Hujurot, 12), deb buyurdi.
Oltinchi, chaqimchilikka rozi bo‘lmang va chaqimchilik qilmang. Chaqimchi sizga nima olib kelgan bo‘lsa, boshqa kishiga xabar bermang.
XVIII bob. Chaqimchilik bobi hadislari
1. Huzayfa. “Payg‘ambar (s.a.v.): “Chaqimchilar jannatga kirmaydilar”, deganlarini eshitganman...” Muttafaqun alayhi*. Buxoriy (6056/10)
va Muslim (105).
2. Abu Hurayra. “Rasululloh shunday dedilar...” Muttafaqun alayhi*. Buxoriy (6057/10) va Muslim (2526/4).
3. Ibn Abbos. “Rasululloh (s.a.v.) kunlarning birida ikki, yangi qabrning oldidan...” Muttafaqun alayhi*. Buxoriy (216) va Muslim (292).
4. Hasan. “Rasululloh aytdilar: “Odamlarning yomoni ikki yuzlamachidir”. Muttafaqun alayhi*. Buxoriy (6058/10) va Muslim (2526/4).
5. Hadis. “Kim ikki yuzlamachi bo‘lsa...” Sahih*. Abu Dovud (4873) va Buxoriy “Al-adabul mufrad” va “As-sahihat” (892).
XIX BOB. HASAD HAQIDA
218. Faqih Abu Lays Samarqandiy, Alloh undan rozi bo‘lsin, Hasandan rivoyat qiladi: Payg‘ambar (s.a.v.) bunday degan ekanlar: «Dushmanlik va hasad yaxshiliklarni yong‘in o‘tinni yegandek yeydi».
219. Abdurahmon ibn Muoviya rivoyat qiladi: Payg‘ambar (s.a.v.) aytadilar: «Uch narsadan hech kim najot topmaydi: gumondan, hasaddan, fol ochishdan». So‘rashdiki:
«Yo Rasulalloh! Ularga nima najot beradi?» Rasululloh (s.a.v.) javob qildilar: «Agar hasad qilsang, dushmanlik qilmagin; gumon qilsang, haq deb bilmagin; yomon xayol kelsa, uni o‘tkazib yuborgin».
«Agar hasad qilsang, dushmanlik qilmagin», degan so‘zning ma’nosi: «Agar qalbingda hasad bo‘lsa, uni zohir qilmagin, u haqda yomonlik bilan zikr qilmagin». Chunki Alloh taolo qalbingda bo‘lgan narsa bilan jazolamaydi, modomiki o‘shani tiling bilan aytmasang yoki shunga amal qilmasang.
«Agar gumon qilsang, haq deb bilmagin», ya’ni bir musulmon haqida yomon gumonda bo‘lsang, uni ko‘zing bilan ko‘rmaguningcha haq deb topma.
«Yomon xayol kelsa, uni o‘tkazib yuborgin», degan so‘zining ma’nosi: bir joyga chiqishni xohlasangiz, shunda siz boyo‘g‘lining ovozini eshitsangiz yoki hakkaning ovozini eshitsangiz yoki a’zolaringizdan birortasida notinchlik bo‘lsa, o‘sha ishingizdan qaytarmangiz. Shu ishga boring, noumidlik qilmang.
220. Payg‘ambardan (s.a.v.) rivoyat qilinadiki, u zot yaxshi alomatni mahbub ko‘rardilar va yomon gumon qilishni yoqtirmas edilar.
Aytiladiki: «Yomon fol johiliyat ishlaridan edi». Alloh dedi:
«Ular dedilar: Bizlar (boshimizga tushgan ocharchilik-qahatchilik) sening va sen bilan birga bo‘lgan (mo‘minlarning) shumqadamligidan deb bildik» (Naml,
47).
Boshqa oyatda:
«Ular dedilar: Haqiqatan bizlar sizlar haqingizda badgumondamiz» (Yosin, 18).
Ibn Abbosdan, Alloh undan rozi bo‘lsin, rivoyat qilinadi: U kishi qushning ovozini eshitsang, ushbularni aytgin, derdi: «Ey Parvardigor! Biror qush yo‘qki, magar Sening qushingdir, yaxshilik yo‘qki, magar Sening yaxshiligingdir. Sendan boshqa iloh yo‘q! Boshqa kuchli, qudratli zot yo‘q. Magar Alloh ulug‘ va oliydir!» Shundan so‘ng, boravering, sizga Alloh izni bilan hech narsa zarar bera olmaydi!»
221. Abu Hurayra rivoyat qiladi, u kishidan Alloh undan rozi bo‘lsin: Payg‘ambar (s.a.v.) aytdilar: «(Bir-birlaringizni) yomon ko‘rmangizlar, bir-birlaringizga hasad qilmangizlar, savdoda narxni bir-birlaringizdan oshirmangizlar, Allohning birodar bandalari bo‘lingiz!»
Muoviya ibn Abu Sufyon, Alloh undan rozi bo‘lsin, o‘g‘liga aytar edi: «Ey o‘g‘ilginam, hasaddan saqlangin. Chunki u sening dushmangingga yetmasdan, sening o‘zingga bilinadi».
Faqih, Alloh undan rozi bo‘lsin, aytadi: Hasaddan zararliroq narsa yo‘q. Hasad hasad qiluvchi kishiga beshta azobni olib keladi. Bu beshta azob hasad qilingan kishiga yetmasdan, hasad qiluvchi kishiga yetadi.
1. G‘am uzilmaydi.
2. Musibat oladi, unga ajr kelmaydi.
3. Yomonlikni olib keladi. U bilan maqtanilmaydi.
4. Alloh taolo unga g‘azab qiladi.
5. Unga tavfiq eshiklari yopiladi.
222. Payg‘ambar (s.a.v.) aytadilar: «Ogoh bo‘linglar! Allohning ne’matiga dushmanlik qiluvchilar bor». So‘radilar: «Yo Rasulalloh! Allohning ne’matlarining dushmanlari kim?» Aytdilar: «Alloh o‘z fazlidan odamlarga bergan narsaga hasad qiluvchilardir».
223. Abu Hurayra, Alloh undan rozi bo‘lsin Payg‘ambardan (s.a.v.) rivoyat qildi: Payg‘ambar (s.a.v.) aytdilar: «Qiyomat kuni olti toifa kishi olti narsa bilan hisob qilinmasdan oldin do‘zaxga kiradi». So‘rashdi: «Yo Rasulalloh, ular kimlardir?» Aytdilar:
«Mendan keyingi amirlar, jabr-zulm tufayli; arablar, mutaassiblik tufayli; boshliqlar, kibr tufayli; savdogarlar, xiyonati tufayli; boylar, johillik tufayli; ahli ilmlar esa, hasad tufayli». Ya’ni, dunyoni talab qilib bir-birlariga hasad qiluvchi ulamolar.
Olim kishi oxiratni talab qilib ilmu ta’lim olishi lozimdir. Agar olim ilmni oxirati uchun talab qilsa, u hech kimga hasad qilmaydi. Unga ham hech kim hasad qilmaydi. Agar dunyo talabida ilm olsa, u hasad qiladi. Alloh taolo yahudiy olimlarga aytgandek, «Yoki odamlarga (ya’ni, Muhammad alayhissalomga) Alloh o‘z fazlu karamidan bergan narsaga (ya’ni, payg‘ambarlikka) hasad qilyaptilarmi?» (Niso, 54). Chunki yahudiylar Payg‘ambarga (s.a.v.) hasad qilishardi. Aytishardiki: «Agarchi u Allohning Payg‘ambari bo‘lsa, ko‘p xotinlar bilan shug‘ullanib qoladi-ku». Bunga Alloh taolo: «Yoki odamlarga Alloh o‘z fazlu karamidan bergan narsaga (ya’ni, payg‘ambarlikka) hasad qilyaptilarmi?» deb javob berdi. Ya’ni, payg‘ambarligiga va ko‘p xotin olganligiga hasad qilyaptilarmi?
Hakimlarning ba’zilari aytadilar: «Hasaddan saqlaninglar! Chunki hasad osmonda Alloh taologa osiy bo‘lishiga sabab bo‘lgan birinchi gunohdir va u yerda ham birinchi osiy bo‘lishiga sabab bo‘lgan gunohdir». Bu so‘zning ma’nosi: «Osmonda u bilan Alloh taologa osiy bo‘lishiga sabab bo‘lgan gunoh», ya’ni shayton Odamga sajda qilishdan
bosh tortdi. «Meni olovdan yaratgansan va uni esa loydan yaratding», dedi u (A’rof, 12). Shayton unga hasad bilan qaradi. Shu bilan Alloh uni la’natladi.
Ammo yerda osiy bo‘lishiga sabab bo‘lgan gunoh egasi – Odam o‘g‘li Qobildir. U ukasi
Hobilni hasad qilgan holatda o‘ldirdi. Bu Allohning kalomida:
«(Ey Muhammad) ularga Odamning ikki o‘g‘li haqidagi xabarni haqqi rost tilovat qiling. O‘shanda u ikkovi qurbonlik qilganlarida (qurbonliklari) birovlaridan qabul qilingan, ikkinchisidan qabul qilinmagan edi. Shunda u:
«qasamki, seni o‘ldirurman», deganida, birodari aytdi: «Alloh faqat
taqvodorlardangina (qurbonliklarini) qabul qilur» (Moida, 27).
Ahnaf ibn Qaysdan rivoyat qilinadi: «Hasad qiluvchilar uchun rohat yo‘qdir. Baxillarda vajo yo‘q, chidamsiz kishilarda do‘st yo‘qdir. Yolg‘onchilarda mardlik yo‘qdir. Xiyonatchida fikr yo‘q, yomon xulqli kishida boshliqlik yo‘q».
Hakimlardan biri aytdi: «Hasadchidek mazlumga o‘xshagan zolimni ko‘rmadim». Muhammad ibn Siyrin: «Dunyo narsasi uchun hech kimga hasad qilmadim. Agar jannat ahlidan bo‘lsa ham, qanday qilib jannatda yuruvchiga hasad qilay? Va do‘zax ahlidan bo‘lsa ham, qanday qilib do‘zaxda yurgan kishiga hasad qi-lay?» deydi.
Hasan Basriy aytadi: «Ey odam farzandi! Nima uchun birodaringizga hasad qilasiz. Agar uni hurmatlash uchun Alloh o‘z fazlidan bergan bo‘lsa, nima uchun Alloh hurmat qilgan kishiga hasad qilasiz? Endi bundan boshqa narsada bo‘lsa, uning borajak joyi do‘zax bo‘lganidan hasad qilmog‘ingiz ham yaxshi emasdir».
Faqih, Alloh undan rozi bo‘lsin aytadi: Uch kishining duolari qabul bo‘lmaydi:
1) haromni yeguvchi;
2) ko‘p g‘iybat qiluvchi;
3) qalbida musulmonlarga adovati va hasadi bo‘lgan kishi.
224. Solim otasidan rivoyat qiladi: Payg‘ambar (s.a.v.) aytdilar: «Hasadni ikki toifa kishiga qilsa bo‘ladi: bir kishiga Alloh taolo Qur’onni bergan bo‘lsa, u Qur’onni kecha-yu kunduz o‘qib turgan bo‘lsa va yana bir kishiga Alloh taolo dunyo bergan bo‘lsa, u dunyodan kecha-yu kunduz yashirin holda infoq qilib turgan bo‘lsa».
Faqih aytadi: «Qori qilgan ishni u ham kechasida qoyim qilishga harakat etmog‘i lozim. Bir kishiga Alloh tomonidan dunyo berilsa va u kishi o‘z dunyosidan sadaqa qilayotganini ikkinchi kishi ko‘rib, hasad qilsa, ya’ni hasad qiluvchi kishi ham sadaqa qilgan kishi kabi,
«Alloh menga ham shunday dunyo bersa-yu, men ham sadaqa qilsam yoki yaxshi yo‘llarga ishlatsam», desa qilgan hasadi maqtalgan. Ammo unga berilgan narsani ketkazishni iroda qilib hasad qilsa, u yomondir».
«Alloh biron ne’mat bilan biringizni biringizdan ortiq qilib qo‘ygan bo‘lsa, sizlar uni (hasad-adovat bilan) orzu qilmang!» (Niso, 32).
Shuningdek, musulmon birovga berilgan fazlni o‘zi uchun bo‘lishini xohlashi lozim bo‘lmaydi. Va lozim bo‘ladi Alloh shunga o‘xshash moldan so‘ramog‘i, har bir musulmon kishiga hasaddan o‘z nafsini qaytarmog‘i. Chunki hasad qiluvchi Allohning hukmiga qarshi turguvchidir. Va nasihat qilguvchi Alloh taoloning hukmiga rozi bo‘lguvchidir.
225. Payg‘ambar (s.a.v.): «Ogoh bo‘linglar! Albatta, din nasihatdir», dedilar. Musulmon jami musulmonlar uchun rozi nasihatgo‘y bo‘lmog‘i lozim bo‘ladi. Musulmon hasad qilguvchi bo‘lmaydi.
226. Abu Hurayra Payg‘ambardan (s.a.v.) musulmonning musulmonga haqqi nima ekanligini so‘radi. Payg‘ambar (s.a.v.): «Musulmonning musulmonga haqqi olti narsadir», dedilar. Yana so‘radi: «Yo Rasulalloh, ular nimalar?» Aytdilar: «Agar unga
uchrasang, salom bergin; agar seni chaqirsa, javob bergin; agar nasihat so‘rasa, nasihat
bergin; agar aksa urib, «Alhamdulillah» desa, unga javob bergin; agar kasal bo‘lsa, borib ko‘rgin; vafot etsa, janozasida qatnashgin».
227. Anas ibn Molik aytadi: «Men Payg‘ambar (s.a.v.) huzurlarida sakkiz yoshimdan xizmat qildim. Menga birinchi marta o‘rgatganlari bu so‘zlar edi: «Yo Anas, namozga tahoratni mukammal qilgin, seni farishtalar yaxshi ko‘radi va umring uzoq bo‘ladi. Ey Anas, janobatdan yuvinsang, uni oxiriga yetkazgin. Chunki har bir tukning tagida janobat (ifloslik) bordir». Anas aytdilar: «Yo Rasulalloh, qanday qilib uni oxiriga yetkazaman?» Aytdi: «Sochingni ildizini suv bilan qondirgin, yuzingni poklagin, hammomdan chiqsang, Alloh gunohingni kechiradi. Yo Anas, zuho namozini o‘tkazib yubormagin. Chunki bu namoz Allohga tavba bilan qaytguvchilarning namozidir. Kecha va kunduzda namozni ko‘paytirgin. Albatta, sen namozni ko‘paytirishda davom etsang, maloikalar senga salovot aytadilar. Ey Anas! Namoz uchun tursang, o‘zingni Allohga topshir. Vaqtiki ruku’ qilsang, kaftingni ikki tizzangga qo‘ygin, barmoqlaring orasini yoygin, yelkalaringni ko‘tarsang, tek turginki, hamma a’zolaring o‘z joyini topsin. Agar sajda qilsang yuzingni yerga qo‘ygin, qarg‘a cho‘qigandek urmagin, bilaklaringni cho‘zmagin, go‘yoki tulki cho‘zilib o‘tirgandek. Vaq-tiki sajdadan boshingni ko‘tarsang, it o‘tirgandek o‘tirmagin, ikki dumbangni ikki oyog‘ing orasiga qo‘ygin, yopishtirgin, oyog‘ingni sirtini yerga yopishtirgin. Albatta, Alloh taolo ruku’si, sajdasi mukammal bo‘lmagan namozga qaramaydi.
Agar qodir bo‘lsang, kechayu kunduz tahoratli yurgin. Agar senga o‘lim yetib qolsa, sen tahoratlik holatda bo‘lsang, sendan shahodat kalimasi ketib qolmaydi.
Ey Anas! Agar uyingga kirsang, salom bergin, oila a’zolaringga uyingning barakasi ko‘payadi. Agar ko‘chaga biror yumush bilan chiqsang, musulmonlardan qaysi biriga ko‘zing tushsa, salom bergin. Shunda imon toti qalbingga kiradi. Agar tashqariga chiqqaningda gunoh qilsang, gunohing kechirilgan holatda qaytgan bo‘lasan.
Ey Anas! Islom kishisidan birontasiga qalbingda dushmanlik bo‘la turib kunduz va kechani o‘tkazmagin. Albatta, bu mening sunnatim va kim mening sunnatimni ushlasa, meni yaxshi ko‘ribdi va kim meni yaxshi ko‘rsa, u men bilan jannatda birga bo‘ladi.
Yo Anas! Agar bu narsalarga amal qilib, tavsiyalarimni yodda tutsang, senga o‘limdan yaxshiroq narsa bo‘lmaydi. Albatta, unda rohatda bo‘lishing bordir».
Payg‘ambar (s.a.v.) xabar berishlaricha, aldovni qalblardan chiqarishlik sunnatlaridan ekan, yana vojibdir har bir musulmonga o‘z qalbidan adovat va hasadni chiqarmog‘i, chunki bularni chiqarish amallarning yaxshisidir.
228. Faqih aytadi: Xudo rahmat qilgur otamdan eshitdim: Anas ibn Molik, Alloh undan rozi bo‘lsin, aytdi: «Bir kuni biz Payg‘ambar (s.a.v.) huzurlarida edik. Shu payt:
«Sizlarning oldingizga hozir jannat kishisi chiqadi, u kishining soqollaridan tahorat suvlari oqib turadi va ikki etiklarini chap qo‘llari bilan ushlab olgan holatda bo‘ladi», dedilar. Shu payt xuddi shu sifat bilan sifatlangan kishi chiqdi. Salom berib, qavm bilan birga o‘tirdi. Ertasi kuni bo‘lgandan keyin yana shu gapni aytdilar: kishi yana shu ko‘rinishda chiqdi. Uchinchi kuni ham shunday bo‘ldi. Payg‘ambar (s.a.v.) turib ketganlaridan keyin haligi kishi bilan Abdulloh ibn Amr ibn Os ham chiqdi va: «Otam bilan mening oramda gap qochib qoldi. Uning oldiga uch kun kirmaslikka qasam ichdim.
Sen menga uyingdan uch kun joy bersang, qasamimni o‘tkazsam», dedi. Haligi kishi:
«Xo‘p», dedi. Abdulloh unikida bir kecha yotdi. Aytdiki: «O‘sha kecha haligi odam bir soat ham turib ibodat qilmadi. Faqat to‘shagiga yotayotganida Allohni zikr qilib, takbir aytdi. Hatto shu bilan bomdodda turdi. So‘ng tahoratini yaxshilab qilib, namozini o‘qidi. Ertalab ro‘za tutmadi. U kishini uch kun kuzatdim. Birinchi kun ko‘rganimda ziyoda ish qilmadi, bundan tashqari, undan yaxshi gaplarni eshitdim. Vaqtiki, uch kun o‘tdi, uning amalini haqir sanashimga yaqin qoldi. So‘ngra unga: «Mening otam bilan ikkalamiz o‘rtamizda biror gap o‘tmagandi. Menga g‘azab qilmagan va haydamagan ham edi. Lekin men Rasu-lullohdan uch marta majlisda: «Sizlarga ahli jannatdan bittasi chiqadi», deganlarini eshitdim. Keyin siz chiqdingiz va siz bilan birga bo‘lib, buni aniqlamoqni xohladim. Siz nima amal qilsangiz ko‘rdim. Sizga ergashdim. Ko‘p amal qilganingizni ko‘rmadim. Sizni Payg‘ambar (s.a.v.) aytgan narsaga erishtirgan narsa nima?» dedim. U aytdi: «Ko‘rganingdek, u hech narsa emas». Shundan so‘ng, men uning oldidan ketmoqchi bo‘lib burilayotgan paytim meni chaqirib; «Bundan boshqacharoq amal
qilmay-man, xuddi o‘zing ko‘rganingdek. Faqatgina men musulmon-larning birortasi uchun o‘zimda yomonlik topmayman. Alloh taolo yaxshilik qilib bergan narsalariga hasad qilmayman, dedi. Mana shu narsa Rasululloh (s.a.v.) aytgan maqomga yetkazdi.
Holbuki, men u narsaga qodir emas edim».
Hakimlarning ba’zisi aytadilar: «Hasad qiluvchi Rabbisiga besh jihati bilan ko‘rinadi: Birinchisi, boshqada zohir bo‘lgan ne’matlarni ko‘rganda g‘azabi keladi.
Ikkinchisi, unga bergan narsa (ne’matlar) uchun g‘azabi keladi, ya’ni Rabbisiga: «Nima uchun bunday taqsimlading?» deb.
Uchinchisi, Allohning fazlini man qiladi, ya’ni ne’matni Alloh taolo xohlagan kishisiga beradi. U Allohning bu fazliga baxillik qiladi.
To‘rtinchisi, Allohning do‘stini yordamchisiz qoldiradi. Chunki u uning yordamisiz qolishini xohlaydi va undan ne’matni ketkazishini xohlaydi.
Beshinchisi, dushmaniga yordam beradi. Ya’ni, la’nati iblisga»
Aytildi: «Hasad qiluvchi majlislarda yomonlangan, xorlangan holatda bo‘ladi. Maloikalar la’nat va g‘azab qiladi. Xilvatda qo‘rqinch va g‘amda bo‘ladi. Joni olinayotganda qattiqlik va qo‘rqitilgan holatda bo‘ladi. Mahshargohda sharmanda holatda bo‘ladi. Do‘zaxda issiq va yongan holatda bo‘ladi».
Alloh bilguvchiroqdir.
Dostları ilə paylaş: |