HIKOYAT
Faqih otalaridan rivoyat qiladilar. Ahnaf ibn Qays aytadilar: “Umar ibn Xattobni (r.a.) qidirib Madinaga keldim. Bir halqada o‘tirgan paytimda Ka’bul Ahbor odamlarga: “Vaqtiki, Odamga (a.s.) o‘lim hozir bo‘lganida aytdi: “Ey Rabbi, meni o‘lik holda ko‘rganida, dushmanim meni so‘kadi, unga ma’lum vaqtgacha muhlat berilgandir”. U kishiga: “Ey Odam, albatta, sen jannatga qaytarilasan, mal’un esa, avvalgilaru oxirgilarning adadicha o‘lim alamini totish ligi uchun belgilangan muhlatgacha kechiktiriladi”, deyildi. So‘ng Odam (a.s.) o‘lim farishtasiga aytdilar: “Menga uning o‘limini sifatlab ber”. Sifatlab berganida, Odam: “Rabb, yetadi, yetadi”, dedilar. Insonlar qichqirishib: “Ey Abu Ishoq, Alloh rahm qilsin sizga qanday o‘lim totishligini bizga aytib bering”, deyishdi. U kishi gapirishdan bosh tortdilar. Odamlar undan talab qilishdi. U kishi: “Agar dunyo oxirlasa, so‘nggi nafas yaqinlashganda va odamlar bozorlarda bir-birlari bilan husumatlashib, birga tijorat qilib, gaplashib turganlarida, katta bir buzg‘unchi dovul ko‘tariladi, odamlarning yarmi karaxt bo‘lib, behush bo‘lib
qoladilar. Uch kun miqdoricha ushbu holatdan omonda bo‘lmaydilar. Insonlarning qolgan yarmisi esa, aqlidan ozadilar. Yirtqichni ko‘rganda, qo‘y qanday qo‘rqsa, ular xuddi shunday holatda dahshat ichida tik turib qoladilar. Shu paytda yer va osmon o‘rtasida kuchli chaqmoq tovushidek, qo‘rqinchli shovqin ko‘tariladi. Yer yuzida birorta ham tirik odam, jin, shayton, hayvon qolmaydi. Mana shu Alloh taolo Iblisga bergan ma’lum muhlatdir. So‘ng Alloh taolo o‘lim farishtasiga buyurib: “Men senga avvalgilaru oxirgilar adadicha yordamchilarni yaratdim. Va senga osmon va yer ahlining quvvatini ato etdim. Bugun senga g‘azab, qahr libosining hammasini kiydiraman. Mening qahru g‘azabim, la’natlaganim, toshbo‘ron qilganim - hammasini iblisga olib tush. Unga o‘limni totdir. Unga avvalgilaru oxirgi jin va ins adadicha ko‘paytirib, o‘limni yukla. Sen bilan birga yetmish ming zaboniya farishtalari birga bo‘lsin. Ular g‘azab va dag‘allik bilan limmo- limdirlar. Har bir zaboniya bilan birga jahannam zanjirlaridan bir zanjir bo‘lsin.
Jahannam maxluqlaridan yetmish mingtasi bilan birga iblisning xabis ruhini chiqarib ol. Va Molikka nido qilki, u jahannam eshiklarini ochsin”, deydi.
O‘lim farishtasi shunday bir suratda tushadiki, agar unga yetmish osmon va yetmish yer ahli qarasalar, xunukligidan hammalarining yuraklari yorilgan bo‘lur edi. Iblisga yetib borganida, bir qattiq siquvga oladi, u karaxt bo‘lib qoladi va bir qattiq tovush chiqaradi, agar uni mashriqu mag‘rib eshitganida, o‘zlarini yo‘qotib qo‘yishgan bo‘lardi. O‘lim farishtasi aytadi: “Ey xabis, to‘xta! Bugun senga o‘zing yo‘ldan adashtirganlar miqdoricha o‘limni tottiraman. Qancha-qancha umrlarning boshiga yetding. Qancha- qancha avlodlarni adashtirding. Bu Alloh taolo senga bergan ma’lum muhlatdir. Bas, qaerga qochasan?” Shunda shayton mashriqqa qochadi va o‘lim farishtasining ro‘parasidan chiqadi. Dengizga tushadi, o‘lim farishtasi uni u yerda ham tutib oladi. Shayton yer yuzida qochishga joy topolmay qoladi.
So‘ng dunyoning o‘rtasida, Odamning (a.s.) qabrlari yonida turadi va: “Sening sababingdan mal’un, razilga aylandim, koshki edi, sen yaratilmagan bo‘lsang”, deydi. Keyin o‘lim farishtasiga aytadi: “Qaysi azob bilan ruhimni olasan?” “Jahannam ahlining azobi bilan”, deydi o‘lim farishtasi. Iblis yana bir marta o‘zini tuproqqa otadi va qichqiradi. Mag‘ribu mashriq o‘rtasida u yoqdan bu yoqqa qochadi. Oxiri o‘sha birinchi marta la’natga uchragan mavze’ga kelganida, jahannam zaboniyalari, maxluqlari - hammasi unga tashlanadilar. Mana shu azobda Alloh xohlagan muddatgacha qoladi. Odam va Havvoga aytiladi: “Bugun sizlar dushmaningizga qarab, uning qanday o‘lim azobini tortayotganini ko‘ringlar”, Vaqtiki, ular iblisga qaraganlarida, uning qiynalishini ko‘rib: “Rabbimiz, bizga batahqiq ne’matingni mukammal qilding”, deydilar”, dedilar.
HIKOYAT
962. Faqih Abu Lays Samarqandiy rivoyat qiladilar. Payg‘ambarimiz (s.a.v.): “Agar rohib
Jurayj faqih bo‘lganida, onasining chaqirig‘i nafl ibodatidan afzal ekanini bilardi”, dedilar.
Faqih Jurayj qissasini shunday boshlaydilar: Bani isroillik Jurayj kulbasida ibodat qilardi. Bir kuni u namoz o‘qiyotganida, onasi uni chaqirdi. Lekin u javob bermadi. Shunda onasi: “Alloh seni buzuqlar balosiga solsin”, deb duoibad qildi.
O‘sha shaharda bir ayol yashardi. Ish bilan ko‘chaga chiqib, bir podachi bilan uchrashdi. So‘ng undan homilador bo‘ldi. Shahar ahli zinoni ulug‘ gunoh sanar edi. Ayol tuqqanidan keyin, podshoh uni chaqirib, bolani kimdan orttirganini so‘radi. Ayol: “Rohib Jurayj meni zo‘rladi”, dedi. Podshoh ayonlarini uning oldiga yubordi. Jurayj ibodatda edi, shuning
uchun ularning chaqirig‘iga javob bermadi. So‘ng ular Jarayjni olib kelishdi. Podshoh unga: “Sen o‘zingni xudojo‘y ko‘rsatib, odamlarning nomusini toptaysan, halol
bo‘lmagan ishni qilasan”, dedi. Obid: “Nima ish qilibman?” deb ajablandi. Podshoh: “Sen falon ayol bilan zino qilibsan-ku”, dedi. Jurayj qilmadim, desa ham, qasam ichsa ham, ishonishmadi.
So‘ng: “Meni onamning oldiga olib boringlar”, dedi. Uni onasining oldiga olib borishdi. “Ey ona, - dedi u, - sening Allohga qilgan duoing ijobat bo‘ldi. Endi yana Allohga duo qil, mendan bu musibatni ko‘tarsin”, Shunda onasi: “Allohim, agar Jurayjni mening duoim bilan jazolagan bo‘lsang, endi undan musibatni ko‘targin”, deb duo qildi. Jurayj podshoh huzuriga qaytib, ayol bilan bolasini so‘radi.
So‘ng ayol bilan bolasini keltirishdi. Ayol: “Men bilan zino qilgan shu kishi”, dedi. Shunda Jurayj bolaning boshiga qo‘lini qo‘yib: “Seni yaratgan Zot haqqi, otang kim ekanini ayt”, dedi. Allohning izni bilan bola tilga kirib: “Otam falon podachi”, dedi. Ayol buni eshitib, gunohini e’tirof etdi va: “Men yolg‘on aytdim. Falonchi podachi bilan zino qilgan edim”, dedi. Podshoh rohib Jurayjdan uzr so‘rab, buzilgan qulbasini tillodan qurib berishini
aytdi. Jurayj rad javobini berib, oldingi binosini qurib berishini so‘radi.
Ibrohim Muhojir ibn Mujohiddan rivoyat qilib aytdilar: “Hech bir yosh bola kichkinaligida gapirmadi, magar to‘rttasi – Iso Ibn Maryam (a.s.), Uxdudning sohiblari, rohib Jurayjning sohiblari va Yusufning (a.s.) sohiblari gapirdilar”. Bu haqda Alloh taoloning so‘zi bor:
“(Shu payt Zulayhoning) urug‘laridan biri guvohlik berib (dedi)”.
Allohning tavfiqi va karami ila kitob nihoyasiga yetdi.
Hikoyatlar bobi hadislari
959-hadis. Zaif.
960-hadis. Muttafaqun alayh.
961-hadis. Isnodi noma’lum.
962-hadis. Zaif. Abu Na’im “Hulya”da rivoyat qilgan.
963-hadis. Mavzu’. “Za’ifa”ga qarang.
G‘aflatdan uyg‘otgan asar
So‘ngso‘z o‘rnida
Bismillahir rohmanir rohiym
Osmonlaru Yerni yaratgan, maxluqotlari orasida insonni tanlab, uni aziz va mukarram etgan, huzuridagi ilmi ilohiyidan bandalariga xohlaganicha bildirgan, so‘ng kitobat ne’matini berib, u ilmlarni boqiy saqlash imkonini taqdim etgan rabbimiz Alloh taologa hamdu sanolar bo‘lsin. U zotning payg‘ambari, olamlarga rahmat qilib yuborgan elchisi Muhammadga, ashobi kiromlariga va ahli baytlariga salavot va salomlar yog‘ilsin.
Mana, aziz o‘quvchi, Parvardigorimizning xohish-irodasi ila “Tanbehul-g‘ofiliyn” asarining oxirgi qismi ham tarjima etilib, nashrdan chiqdi... va Siz bilan so‘ngso‘z ustida ozgina suhbat qurish imkoniyati tug‘ildi.
Avvalo, bu xayrli ishga bizni sababchi qilgan Alloh taologa shukrlar qilamiz, asarning nashrdan chiqib tarqalishida xizmatlari singan birodarlarimizga minnatdorlik bildiramiz, undan nafslariga manfaat olgan, ilmlarini ziyoda etgan barcha o‘quvchilarimizga Alloh taolodan ofiyat va dunyoyu oxirat yaxshiligini tilaymiz.
Biz musulmonlar ajdodlarimiz merosidan uzoq vaqt mahrum yashadik. Dinimizga qarshi qilich qayragan kunlarda xalqimizning qo‘lidagi barcha kitoblar tortib olindi, kutubxonalardan chiqarib tashlandi. Dunyoning hikmatini jamlagan asarlar, hatto tilga olinmaydigan darajada unutildi, unuttirildi...
Alhamdulillahki, bugun yana ulug‘ merosimizni tiklash, unga egalik qilish imkoniyatimiz bor. Shu imkoniyat orasida Qur’oni karim ma’nolarining tarjimalari amalga oshirildi, Imom Buxoriyning hadislar to‘plami ona tilimizga o‘girildi, mazhabimiz fiqhiga oid bir qancha asarlar tarjimasi qo‘limizda turibdi. Yana qancha katta-kichik ishlar amalga oshirilmoqda. Ushbu “Tanbehul-g‘ofiliyn” kitobining tarjima etilib, nashr qilinishi ham ma’naviy merosimizni xalqimizga qaytarish yo‘lidagi bir harakatdir. Ammo hali bajariladigan ishlar, tajima qilib, xalqimiz qo‘liga taqdim etilishi zarur bo‘lgan asarlar juda ko‘p. Ajdodlarimiz qoldirgan mashhur, lekin biz bilmagan, tanimagan durdonalar bor: masa lan, “Ihyou ulumiddin”ning hikmatlaridan hamon bebahramiz, ulug‘ ulamolarimiz tomonidan Qur’oni karimga bitilgan tafsirlarni, Imom Buxoriyning hadislariga yozilgan sharhlarni o‘qigimiz keladi, “Sahih Muslim”, uning sharhlari, Ibn Kasirning tafsiriyu tarixlari tarjiymonlarini kutib yotibdi. Termiziy, Abu Dovud, Nasoiy, Zamaxshariy, Kurtubiy, Ibn Muborak, Nadaviy kabi allomalarning asarlari ham Islom olamining qimmatli manbalari sanaladi. Ularni xalqqa yetkazadigan qo‘l kerak, himmat kerak. Alloh nasib etsa, bu durdona asarlar ham o‘zbek tilida milyonlab o‘quvchilarini topajak.
“Tanbehul g‘ofiliyn” asarining birinchi kitobi chiqqaniga ham uch yilcha vaqt o‘tdi. Shu davr mobaynida u xalqimiz tomonidan sevib, qo‘lma-qo‘l bo‘lib o‘qildi. Hikoyatlaridan, pand-nasihatlaridan ta’sirlanganlar ko‘p bo‘ldi. Asarning bunday muvaffaqiyati, tabiiyki, muallifning xizmatlari bilan baholanadi.
Faqih Abu Lays Samarqandiy hazratlari bu kitobni g‘ofillarga tanbeh berish uchun, ularni g‘aflat uyqusidan uyg‘otish, hayot, deb atalmish bu qisqagina muddatning orqa-oldi borligini eslatish, undan narida insonni nimalar kutayotganidan ogoh etish uchun yozganlari sarlavhaning o‘zidanoq ko‘rinib turibdi. Muallif o‘quvchini asta-sekinlik bilan, tadrijiy ravishda jiddiylik sari yetaklaydi. Dastlab ixlosni tushuntiradi, so‘ngra o‘limdan, qiyomatning inson boshiga tushajak hodisalaridan ogoh etadi, gunohlardan qaytishga – tavbaga chaqiradi, yolg‘on, g‘iybat, xamr ichish, chaqimchilik, kibr, hasad kabi illat- nuqsonlardan xoli bo‘lishga chorlaydi. Yomon xislatlar bayon etilganidan keyin ibodat haqida so‘z ketadi. Tahorat, namoz, ro‘za, zakot, hajning fazilatlari tushuntiriladi, sabr, taqvo, jasurlik, xayr-ehson kabi insonga ziynat xislatlar bayon etiladi. Xullas, muallif g‘aflatda yotgan dilni tergab-tergab, turtib-turtib, musulmonchilikka o‘rgatadi.
Oyat-hadis, hikmatli so‘zlar va pand-nasihatlarning mavzular bo‘yicha bob-bob qilib ajratilgani, asarni o‘qishli va ta’sirchan qilgan. Shuning uchun ham bu kitob arab davlatlarida xaligacha qayta-qayta nashr etilib kelinmoqda. Hatto, Misrda uni bir vaqtning o‘zida bir nechta nashriyot bir necha xil muqovalarda chop etganiga guvoh
bo‘ldik.
“Tanbehul g‘ofiliyn” tarjimasining birinchi kitobi bosmadan chiqqanidan keyinoq (biz uchga bo‘lib, nashr etgan bu asar aslida katta bir mujalladdan iboratdir), u haqda iliq- ijobiy fikrlar bildirila boshladi, shu bilan birga tanqidiy mulohazalar ham yo‘q emas edi. Va bu holning bo‘lishi tabiiy, albatta. Biz o‘quvchilarimizning har qanday fikrlarini hurmat qilgan holda ba’zi jihatlarga javob berish o‘tishni lozim ko‘rdik.
Tarjima va muharrirlik ishlaridagi kamchiliklarga bo‘lgan e’tirozlar kitobning keyingi qismlari nashrida ularni bartaraf etishimizga yordam berdi, buning uchun o‘quvchilarimizga faqat rahmat aytamiz.
Yana bir e’tiroz bevosita asarning o‘ziga tegishli bo‘lib, unda mavzu’ hadislarning berilishi haqida edi. Bu borada bahs-munozaraga kirishmoqchi emasmiz. Balki ba’zi fikrlarni bildirib o‘tmoqchimiz.
Alloma Hofiz ibn Kasirning “Ba’isul hadis” asari sharhida Ahmad Muhammad Shokir mavzu’ hadis haqida quyidagilarni yozadi: “To‘qilgan xabarlar mavzu’, deyiladi. Ularni yolg‘onchilar Rasulullohga (s.a.v.) nisbat berishgan. Rivoyatlarning eng yoomndir ular. Mavzu’ hadisning mavzu’ligini bilgan kishi uni Nabiyga (s.a.v.) mansub eta turib, rivoyat qilish halol emas, ammo mavzu’ ekanini bayon etgan holatdagina joizdir” (113-114- betlar). Yana aytiladi: “Rasulullohdan (s.a.v.), deb to‘qilgan hadisni rivoyat qilish haromdir, lekin uning holatini bayon etsa, zarari yo‘qdir” (114-bet).
Shu fikrlardan kelib chiqib, muallifning haqqiga hiyonat qilinmagan holda tarjimada mavzu’ hadislar ham berildi, faqat yuqorida aytilgan shart bilan. Barcha hadislar qatori botil va mavzu’ hadislarning ham izohi kitobning oxirida ko‘rsatib o‘tildi. Hadislarning darajasi, ularning qay biriga amal qilinadi, qaysisi tark etiladi, bu haqda ham har uchala kitobning so‘ngida qayta-qayta berildi. Qolversa, “Tanbehul g‘ofiliyn” asari hamon muhim pandnoma asarlardan sanaladi. Boshqa musulmon mamlakatlarida takror-takror nashr etilayotgani unga ehtiyoj borligiga dalolat qilib turibdi. Bizdagi ehtiyoj esa, boshqalardagidan-da qattaroq ekani hammamizga ma’lum. Chunki biz ayni mana shunday sodda uslubda yozilgan, ommaviy kitoblarni o‘qiydigan bosqichdamiz. Asta- sekin bu pog‘ona bosib o‘tiladi va jiddiy ilmiy-diniy asarlar ham tarjima etiladi, inshaalloh...
Muhtaram o‘quvchi, yaxshi-yomon xizmatimizga rozi bo‘ling, beayb Parvardigor, bandachilik ila yo‘l qo‘ygan xato va kamchiliklarimiz uchun Rabbimizga istig‘for aytamiz, Uning fazl- marhamatidan umid etamiz.
So‘zimiz oxirida asar muallifi Abu Lays Samarqandiy hazratlari hamda marhum padari buzrukvor va volidai muhtaramiz haqqilariga duoi xayr qilishlaringizni so‘rab qolamiz.
Barcha mo‘minlarning va bizning ham oxirgi duoyimiz: Olamlar rabbi Allohga hamdu sanolar bo‘lsin!
Tarjimon (Dilmurod Qo’shoqov)
MUALLIF XUSUSIDA SO‘Z Ism va nasablari
Yurtdoshimiz ulug‘ faqih, imom, mutasavvif olim, muhaddis, zohid Hazrati Abu Lays as-Samarqandiyning to‘liq ismlari Nasr ibn Muhammad ibn Ahmad ibn Ibrohimdir.
Al-Faqih, Imomul-huda, Shayxul Islom unvonlari bilan ham mashhurdirlar.
“Al-Faqih” unvonlarini fiqh, ya’ni Islom huquqshunosligi ilmida yuksak martabaga erishganlari uchun olganlar. Bu sohada o‘z zamonasida u kishiga teng keladigan olim yo‘q edi. Bu ismni o‘zlari ko‘p yaxshi ko‘rganlar. (“Faqih” unvonlariga “al” qo‘shimchasining qo‘shilishi u zotning fiqhda benazir ekanliklariga ishoradir. Ammo biz bundan keyin o‘zbek tili xususiyatlaridan kelib chiqib, “al-faqih”ni “faqih”, “as- Samarqandiy”ni “Samarqandiy”, deb oldik.)
Rivoyatlarda kelishicha, “Tanbehul-g‘ofiliyn” kitobini yozgan mahallarida bir kecha Hazrati Payg‘ambarimiz (sallallohu alayhi vasallam) u kishining tushlariga kirib, yozgan kitoblarini tutqazib: “Yo Faqih! Kitobingni olgin!” deydilar. Uyg‘onganlarida kitobda Payg‘ambarimiz muborak qo‘llarining izlarini ko‘radilar. Shundan keyin “Faqih”, degan nomni sevadilar va u tufayli ko‘p barakotlarga noil bo‘ladilar.
Ikkinchi unvonlari – “Imomul-huda” haq yo‘l imomi ma’nosidadir. Bu unvonda
Hazrati Imom Abu Mansur Motrudiy bilan barobardirlar.
“Abu Lays” u zotning ko‘nyalaridir. Bu so‘z “Laysning otasi”, deganidir. “Lays” lug‘atda she’r, arslon ma’nosini beradi. Ul zotning Lays degan farzandlari bo‘lganmi yoki “Abu Turob” singari majoziy laqabli, noma’lum. Harholda, kunya ekani aniq.
U zot Samarqand shayxul islomi bo‘lganlari uchun “Shayxul islom”, degan nom bilan ham chaqirilganlar. “Samarqandiy” nomini tug‘ilib o‘sgan vatanlariga nisbatan olganlar.
Abu Lays Samarqandiyning tavalludi va vafoti yillari borasida turlicha ma’lumotlar bor. Vafotlariga qiyosan, hijriy 301-310 yillarda tug‘ilganlar, deyiladi.
Vafotlari ham turlicha -- hijriy 375, 393, 396 yillar deb ko‘rsatilgan. 396 (milodiy
1003) yil haqiqatga yaqinroq.
Ustozlari
Olimlar payg‘ambarlarning vorislaridir. Olimning borligi olamni borligi, olimning o‘lgani olamning o‘lgani. Islom olami avvalu oxirda ilm bilan tirikdir. Ilm merosi ustoz-shogirdlik vositasida avloddan avlodga o‘tadi.
Aytmoqchi bo‘lganimiz, Abu Lays Samarqandiyning ustozlari ushbu zotlardir:
1. U kishiga avvalo otalari Muhammad ibn Ahmad ibn Ibrohim Tusiy ta’lim berdilar. Faqih o‘z kitoblarida: “Otamning aytishlaricha”, “Otam menga aytganlar”, deb ko‘p zikr qiladilar. Zero, otalari olim, faqih, muttaqiy bir zot edilar.
2. Abu Ja’far Hindavoniy Balxiy huzurida ham ilm va ta’lim olganlar.
3. Xalil ibn Ahmad qoziy Sijziy yetuk hanafiy olimlardan bo‘lib, o‘z davrida fiqh va hadis ilmida peshqadam bo‘lganlar. Hazrati Abu Lays Samarqandiy u kishidan shu ilmlarni o‘rganganlar.
4. Muhammad ibn Fazl Balxiy huzurida tafsir ilmini o‘rgandilar.
Ko‘rinib turibdiki, zamonning turli olimlaridan turli ilmlarni o‘rganganlar. Zero, e’tiqodning asosi ilmdir.
Shogirdlari
Alloh taolo O‘zi xohlagan bandalariga O‘zi xohlagan miqdorda ilm ato etadi. Ammo ilm olimga omonatdir, u olgan ilmini boshqalarga yetkazmog‘i shart. Bu xususda amin zotlardan bo‘lgan Hazrati Abu Lays Samarqandiy ikki yo‘l bilan ilmni yoydilar: ta’lim berib, shogirdlar yetishtirdilar; kitoblar yozib, ilmlarini olis avlodlariga meros qoldirdilar. Faqihning mashhur shogirdlari:
1. Luqmon ibn Hakim Farg‘oniy.
2. Na’im Xatib Abu Molik.
3. Muhammad ibn Abdurahmon Zubayriy.
4. Ahmad ibn Muhammad Abu Sahl.
5. Tohir ibn Muhammad ibn Ahmad ibn Nasr Abu Abdulloh Haddodiy va boshqalar. Hammalarini Alloh rahmat qilsin.
Asarlari
Abu Lays Samarqandiydan barakali ilmiy meros qoldi. Ilm-fan, adab borasida ko‘plab kitoblar tasnif etdilar. Fiqh, usuli din, tib va falsafa ilmlarida shuhrat va martaba qozondilar.
1. “Bahrul-ulum” (Ilm ummoni) Qur’oni karim tafsiri bo‘lib, “Tafsirul-Qur’on”, ham deyiladi.
2. “Xizonatul-fiqh” (Huquqshunoslik xazinasi) Islom fiqh ilmi sohasiga oid bo‘lib, bu boradagi ko‘plab asarlarning eng mashhuridir. Asar tadqiq etilib, jahon miqyosida nashr qilingan.
3. “Bo‘stonul-orifiyn” (Oriflar bo‘stoni) ma’rifat, ilohiyot, zuhd, taqvo va faqr bobida bo‘lib, shu sohadagi asarlarning mashhurlaridandir.
4. “Tanbehul-g‘ofiliyn” -- eng ta’sirchan, mo‘’tabar asarlaridan bo‘lib, oxirat saodatining yo‘li, taqvo darsligidir.
5. “Qirrotul-’uyun va mufrihu qalbul-mahzun” (Ko‘zlar quvonchi va mahzun qalb farahi).
6. “‘uyunul-masoil” (Masalalar bulog‘i). Hindistonda nashr etilgan.
7. “Muqoddimatu Abu Lays fis-solat”. Misradagi “Dorul-kutub” matbaasida saqlanadi.
8. “Fatovoi Abu Lays”. Fatvo kitoblaridan.
9. “An-navozilu fil-fatovo”. Fatvo kitoblaridan, Misrda “Dorul-kutub”da saqlanadi.
10. “Al-mabsut”.
11. “Sharhu jomi’us-sag‘iyr”.
12. “Umdatul aqoid”. Aqidaga doir kitoblardan.
13. “Usulud-din”. Din ilmi asarlaridan.
14. “Bayonu aqidatil usul”. Usuli din va e’tiqod kitobi.
15. “Asrorul-vahy”.
16. “Risolatu fil-mag‘firati val-iyman”.
17. “Risolatu fil-hukm”.
18. “Shir’atul-Islom”.
Yana boshqa kitoblari bo‘lib, ba’zilari ikki-uch xil nom bilan ataladi.
Faqihning “Tanbehul-g‘ofiliyn” kitobini tadqiq etib, Misrda nashr qildirgan allomaSaid Arabiy u zotning ismi, nasabi va kitob yozishdagi komil uslubini ta’riflab, bunday deydi: “Musannif har bobda so‘zni Qur’ondan bir necha oyatlar keltirib, mubhamlarini tushuntirish bilan boshlaydi. Keyin uni payg‘ambar hadislari va salaflarning so‘zlari bilan quvvatlaydi. Bularning hammasiga munosib ta’liqlar keltiradi”.
Turli davr insonlari hamisha dalil va hujjatga muhtoj bo‘ladi. Bu jihatdan faqihning uslubi eng mumtoz uslubdir.
Kitobning o‘ta ta’sirchanlik xususiyatini qayd etdik. Darhaqiqat, bu kitob g‘ofillarni, ya’ni e’tiborsizlarni, bexabarlarni, uyqudagilarni uyg‘otuvchi, oxirat manzaralaridan ogoh etuvchi, aqlga xitoblar qilguvchi mav’izalar kitobidir.
Hazrati Payg‘ambarimiz bir hadisi shariflarida: “Insonlar uyqudadirlar, o‘lganda uyg‘ongaylar”, desalar, yana bir hadisda: “O‘lmasdan oldin o‘ling!” deb buyurganlar. O‘lmasdan oldin o‘lmoq, o‘lmasdan oldin uyg‘onmoq deganidir! Ilohiy haqiqatlarni, oxirat hayotini o‘lmay turib bilmoq deganidir. Bu ish robitai mavt – o‘limni tafakkur qilish, qalbning uyg‘oqligi va tirikligi esa, zikr etish bilan bo‘lgaydir. Xullas, bu kitob tafakkurga da’vat va xitob kitobidir!
Toshkent Islom oliy ma’hadi talabasi sifatida Qohirada o‘qib yurgan kezlarimda asarga muhabbatim tushgan va buyuk vatandoshimizning buyuk asarini o‘zbek tiliga o‘girib, xalqimizni bahramand etish istagi tug‘ilgan edi. Bu ishni amalga oshirishda qo‘llab- quvvatlagan barcha ustoz va birodarlarga rahmatlar aytaman. Shuningdek, kitobning nashr etilishiga katta yordam ko‘rsatgan «Markaziy Osiyo xalqlari madaniyati» assambleyasi «Mutarjim» sho‘’ba korxonasiga minnatdorlik bildiraman.
Nashrning izoh va ta’liqlari tarjimada saqlanib, kitob oxiriga ilova etildi. Kitobning qolgan qismlarini nashrga tayyorlash ishlari davom etmoqda.
O‘qiganlarning qalblari nurlangay, o‘rganganlariga amal qilib, imonlarining nuri ziyoda bo‘lgay! Biz faqirlarni ham duoda yo‘qlagaylar!..
Dostları ilə paylaş: |