2.2. Real investitsiyalarni amalga oshirish xususiyatlari
Real investitsiyalar milliy iqtisodiyot uchun muhim ahamiyatga ega bo’lib, ular ichki jamg’armalar darajasidan ko’proq miqdorda kapital jamg’arish, to’lov balansini qo’llab-quvvatlash va import qilish imkoniyatini kengaytirish orqali iqtisodiy taraqqiyotga ijobiy ta’sir ko’rsatishi mumkin. To’g’ridan-to’g’ri investitsiyalar alohida korxonalarning faoliyati, ishlab chiqarish va kapital samaradorligini oshirish, yangi texnologiyalarni joriy etish va menejment tizimini takomillashtirishda muhim o’rin tutadi. Ushbu jarayonlar mahsulot va xizmatlar etkazib beruvchilar, buyurtmachilar, raqobatchilarga bilvosita ta’sir ko’rsatish orqali ichki bozorni rivojlantirish, ishchilarning malakasi va amaliy tajribasini oshirishda yordam beradi.
To’g’ridan-to’g’ri investitsiyalar tarkibiga:
ishlab chiqarish (asosiy va aylanma) fondlari, ularni kengaytirish, qayta qurish va qayta qurollantirishga qo’yiladigan iqtisodiy resurslar;
ishlab chiqarish va ijtimoiy infratuzilma xarajatlari (bino va inshootlar, uy-joylar);
pul qiymatiga ega bo’lgan nomoddiy aktivlar (qimmatli qog’ozlar, patentlar, texnik va texnologik yangiliklar, loyihalar va boshqa intellektual mulk ob’ektlari)ni kiradi.
Real investitsiyalar qo’yidagi elementlardan iborat:
asosiy fondlar (asosiy kapital)ga investitsiyalar;
yer uchastkalarini sotib olishga xarajatlar;
nomoddiy aktivlar (patentlar, litsenziyalar, ilmiy-tadqiqot va tajriba-konstruktorlik ishlanmalari)ga investitsiyalar;
moddiy aylanma mablag’lari zaxiralarini to’ldirish xarajatlari.
To’g’ridan-to’g’ri investitsiyalashda investorlarning bevosita o’zlari investitsiya qo’yilmalarini u yoki bu investitsiya ob’ektlariga kiritadilar. Bu faoliyatni investitsiyalanayotgan ob’ekt haqida chuqur ma’lumotga ega bo’lgan va investitsiyalash mexanizmlarini bilgan ixtisoslashgan investorlar amalga oshiradilar.
Milliy iqtisodiyotni rivojlantirishda xorijiy investitsiya-larning ahamiyati yuqorligi ularni keng ko’lamda jalb etishga, ayniqsa, to’g’ridan-to’g’ri xorijiy investitsiyalarga bo’lgan talabni oshiradi. To’g’ridan-to’g’ri xorijiy investitsiyalarni jalb qilishdan maqsad shartnoma ishtirokchilarini patentlar, savdo markazlariga ega bo’lishga, boshqarish tajribasini egallashga, sotish bozorlarini o’rganishga, tashkiliy bilimlarni egallash va boshqalarni o’zlashtirishga qaratiladi. Bunda eng muhimi jahon bozoriga o’z mahsulotlarini olib chiqish va ushbu bozor ishtirokchisi bo’lishdir.
Tadqiqotlar ko’rsatishicha, milliy iqtisodiyotning to’g’ridan-to’g’ri investitsiyalarni jalb qilish va ulardan samarali foydalanish holati ichki bozor hamda eksportning hajmi, tabiiy va mineral resurslar, malakali ishchi kuchi mavjudligi, bozor islohotlarini amalga oshirish sur’atlari, iqtisodiy barqarorlik omillari bilan bog’likdir.
To’g’ridan-to’g’ri xorijiy investitsiyalar xorij kapitalining uzoq muddatga joylashtirilishini, investor tashkil qilayotgan firma aktsiyalari yoki aktsiyadorlik kapitaliga to’la ega bo’lishi yoki kamida 10 foizi xo’jalik faoliyatining ta’sirchan nazorat qilinishini ta’minlashini anglatadi.
To’g’ridan-to’g’ri xorijiy investitsiyalar:
investorga investitsiya kiritilayotgan ob’ekt ustidan nazorat qilish huquqini beruvchi ishlab chiqarishga sarflangan uzoq muddatli xorijiy qo’yilmalarni;
pirovard maqsadi foyda ko’rinishida daromad olishga qaratilgan tadbirkorlik kapitalining ustuvor shaklini;
xususiy kapitalga asoslangan to’g’ridan-to’g’ri xorijiy investitsiyalarni;
xorijiy investorning investitsiya kiritilayotgan ob’ekt ustidan to’liq egalik qilishini;
xorijiy investor tomonidan investitsiya kiritilayotgan ob’ekt ustav kapitalining 10 %dan kam bo’lmagan qismi ustidan nazorat o’rnatishini;
xorijiy investorning investitsiya kiritayotgan ob’ektlarni boshqarishda samarali qatnashishini;
mustahkam iqtisodiy munosabatlarni o’rnatish hamda korxona ustidan nazorat xuquqini qo’lga kiritish maqsadida kapital va resurslarning transchegaraviy harakatini qamrab oladi va namoyon etadi.
To’g’ridan-to’g’ri xorijiy investitsiyalarning O’zbekistonga kirib kelishi qisqa vaqt ichida mulkchilikning turli shakllari tashkil topishiga ko’maklashdi, iqtisodiyotda tarkibiy qayta qurish, nufuzli tarmoqlarning barpo etilishini ta’minladi. Eng muhimi, iqtisodiyotning baynalmilallashuvini va xalqaro bozorga o’z mahsulotlarini olib chiqishini va u erda o’z o’rniga ega bo’lishini ta’minladi. Buning oqibatida eksport hajmi va salohiyati o’sishi va respublikamizning to’lov balansining tobora ijobiylashib borishiga erishildi.
To’g’ridan-to’g’ri xorijiy investitsiyalar oqimini kengaytirishga qulay sharoitlar yaratishda, birinchi navbatda, kapitalning mamlakatlararo ayirboshlanishidan, qo’shimcha aniq va noaniq risklarga duch kelish ehtimollaridan va kapital oqimining vaqtli qiymati kontseptsiyasidan kelib chiqqan holda ish yuritish kerak. O’zbekistonning bozor iqtisodiyotiga o’tish sharoitida jami qo’shimcha risklar orasida valyuta riski ajralib turadi. Hukumat kafolati bilan olinadigan kreditlar va qarzlar rolini hisobga olgan holda investitsiya muhitini va investitsiya faoliyatini davlat tomonidan tartibga solishni yanada takomillashtirish maqsadida keskin chora-tadbirlar ko’rilishi talab etiladi, unga mintaqalar iqtisodiyotining ustuvor sohalarida soliq imtiyozlaridan foydalanish bilan erishish mumkin. To’g’ridan-to’g’ri xorijiy investitsiyalarni yangi loyihalarga keng jalb etish bilan ekologik toza va ilg’or texnologiyalar, eng yangi texnika va uskuna-jihozlarni joriy qilish, mehnatni oqilona tashkil etish hisobiga qishloq xo’jaligi mahsulotlarini qayta ishlash sanoatini jadal rivojlantirishga erishish mumkin. To’g’ridan-to’g’ri xorijiy investitsiyalarni jalb etishni ularni jalb qilish va foydalanish bo’yicha tasdiqlangan uzoq muddatli hududiy, maqsadli dasturlarga muvofiq tashkil etish zarur. Bunday dasturlarda ustuvor sohalar, ilmtalab va kapitaltalab tarmoqlar belgilanib, ularda to’g’ridan-to’g’ri xorijiy investitsiyalarni o’zlashtirish ishtirokchilarining huquq va majburiyatlarini aniq belgilash bilan bog’liq tadbirlar nazarda tutilishi maqsadga muvofiq bo’ladi.
To’g’ridan-to’g’ri xorijiy investitsiyalarning kirib kelishi respublikamizda xususiylashtirish jarayonlarini tashkil etish bosqichlari bilan bog’liq bo’ldi. To’g’ridan-to’g’ri xorijiy investitsiyalarning oqimlari, eng avvalo, O’zbekiston iqtisodiyotida qo’shma korxonalarning barpo etilishiga asos soldi hamda xorijiy va qo’shma korxonalari barpo etilishiga zamin yaratdi.
To’g’ridan-to’g’ri xorijiy investitsiyalar kapital qabul qiluvchi mintaqa iqtisodiyotida bevosita tovar ishlab chiqarish va xizmat ko’rsatishga safarbar etiladi. Ushbu investitsiyalar mavjud bo’lgan korxona yoki boshqa xo’jalik yuritish sub’ektlarining aktsiyalari nazorat paketini xarid etish yoki o’z ishlab chiqarish quvvatlarini tashkil etish yo’llari bilan safarbar etiladi. O’zga iqtisodiyotga kirib kelish shaklidan qat’iy nazar, to’g’ridan-to’g’ri xorijiy investitsiyalar o’z egalariga investitsiya ob’ektlarini boshqarishda samarali ishtirok etish, o’z mamlakatlari tashqarisida bo’lgan va kapitallari safarbar etilgan korxona va firmalar ustidan nazorat o’rnatish kabi imkoniyatlarni yaratib beradi.
Kapital jalb qiluvchi mamlakatlarning ishlab chiqarish sohalariga to’g’ridan-to’g’ri xorijiy investitsiyalarning kiritilishi va uning o’sib borishi, bu davlatlarning iqtisodiy qoloqlikdan tezroq qutulishining asosiy shartlaridan biri hisoblanadi.
To’g’ridan-to’g’ri investitsiyalar investorning investitsiya jarayonida bevosita ishtirok etishini anglatib, bunda investor investitsiyalash ob’ektini, shuningdek, uni moliyalashtirishni tashkil etish va moliyalashtirish manbalarini bevosita o’zi aniqlaydi. Bilvosita investitsiyalash investitsiya yoki moliyaviy vositachilar orqali investitsiyalashdir (masalan, qimmatli qog’ozlar xarid qilish).
To’g’ridan-to’g’ri investitsiyalashda kapital faoliyat yuritayotgan korxonalarni texnik qayta qurollantirish, ta’mirlash va yangi korxonalarni barpo etishga yo’naltiriladi. Bu holatda korxona-investor mablag’ qo’yayotganda o’zining ishlab chiqarish kapitalini ko’paytiradi, ya’ni asosiy ishlab chiqarish fondlarini va uning amal qilishi uchun zarur bo’lgan aylanma mablag’larini oshirib boradi. Asosiy fondlar va aylanma mablag’larga investorlar tomonidan qo’yiladigan barcha turdagi boyliklar real investitsiya deb tushuniladi. To’g’ridan-to’g’ri investitsiyalar orqali ishlab chiqarish korxonalari quriladi, harakatdagi korxonalar texnik qayta qurollantiriladi va umuman, asosiy fondlar takror ishlab chiqariladi.
Mamlakatimizda asosiy kapitalga kiritilgan investitsiyalarni moliyalashtirish manbalari tarkibida bevosita, ya’ni to’g’ridan-to’g’ri xorijiy investitsiyalar miqdori yildan-yilga oshib borgan. Jumladan, 2007-2015 yillarda asosiy kapitalga yo’naltirilgan investitsiyalarning deyarli 18 %i markazlashtirilgan investitsiyalar hisobidan moliyalashtirishgan. Bu asosiy kapitalga kiritilgan investitsiyalarni moliyalashtirish manbalari tarkibida byudjet mablag’lari hajmi qisqarganligini hamda korxona, aholi mablag’lari va to’g’ridan-to’g’ri xorijiy investitsiyalar ulushi yuqoriligini bildiradi.
Mamnuniyat bilan qayd etish joizki, bunday ijobiy holat, eng avvalo, O’zbekiston Respublikasi Prezidenti I.A.Karimovning jahon iqtisodiy inqirozining mamlakat iqtisodiyotiga salbiy ta’sirini yumshatishga qaratilgan qator Farmon va Qarorlarining amaliyotga tatbiqi, shuningdek, mamlakatda investitsiya muhitini yaxshilashga davlat tomonidan katta e’tibor (jumladan, turli soliq va boj imtiyozlari, huquqiy kafolatlar, yaratilgan turli preferentsiyalar va boshq.) berilayotgani natijasidir.