QUDUKDAGI ESHAK
Bir odamning eshagi quduqqa tushib ketdi. Jonivor soatlab quduqda ingradi. Egasi quduq boshida turib uzoq o’yladi va eshakni chiqarib olish chorasini izladi. U o’ylay-o’ylay, qari jonivorni bu yerdan chiqarishning hech iloji yo’q degan qarorga keldi: «Yagona chora - quduqni va ichidagi hayvonni tuproq bilai ko’mib tashlash!..». Qo’ni-qo’shnilarni yordamga chaqirdi. Hamma qo’liga belkurak olib, quduqdagi eshak ustiga tuproq tashlay boshladi. Boshiga qanday falokat kelishini bilgan hayvon dod-faryod ko’tardi. Bir qancha vaqt o’tmay, eshakning ovozi tindi. Odamlar qiziqib quduqqa qaradilar va hayratomuz voqeaga guvoh bo’ldilar. Har dafha tashlangan tuproq uyumi yig’ilib, mahlum bir qavatlarni hosil qilgan va eshak silkina-silkina quduq tepasiga kelib qolgandi. Natijada jonivor bir sakrab tashqariga chiqib oldi.Ba’zida hayot bizning ham ustimizga «tuproq» to’kadi. Ammo g’alabaning yagona chorasi - tushkunlikka tushmay, aql-farosatni ishga solib, chang-to’zonlardan xalos bo’lishdir. Pirovardida oydinlik sari qadam tashlanadi.
DURADGOR
Keksa duradgorning nafaqaga chiqish vaqti yetdi. Boshlig’iga bu haqda so’z ochib, oilasi yoniga qaytishini aytdi. Boshlig’i eng yaxshi ishchisidan ayrilishni istamasdi. Ammo unga bir yaxshilik qilishni o’ylab, oxirgi marta chiroyli uy qurib berishini iltimos qildi. Duradgor iltimosni qabul etdi va ishga kirishdi. Ammo ko’ngilsiz ishlayotganini payqash qiyin emasdi. Binobarin, sifatsiz ashyolardan foydalanib ishni qo’l uchida, yengil-elpi bitirdi. So’ng boshliq kelib uyni ko’zdan kechirdi va kalitni duradgorga uzatib:
- Bu uy seniki, mendan senga sovg’a, - dedi.
Bunday iltifotni kutmagan duradgor shoshib qoldi. Va uyalganidan yerga kirib ketay dedi.
TUYG’ULAR
Qadim zamonda tuyg’ular makon tutgan orol bor edi. Ular Baxt, Qayg’u, Bilim, Sevgi va boshqalar bo’lib, bir payt orol cho’kayotganligi haqida xabar keldi. Shu zahoti hammasi oroldan ketish payida qayiqlarni hozirlashdi. Bu orolda faqatgina Sevgi yolg’iz qolib, so’shti damlarini shu makonda o’tkazishni istadi. Ammo orol suvga g’arq bo’layotganini ko’rgach, yordam so’rashga majbur bo’ldi. Boylik ulkan kemasida o’tib ketayotganini ko’rib, Sevgi unga shunday dedi:
- Boylik, meni ham yoningga olasanmi?
- Yo’q, ololmayman. Kemamda juda ko’p oltin-kumushlar bor, senga joy yo’q.
Sevgi juda chiroyli yelkanlar ichida turgan Kibrdan yordam so’radi.
- Kibr, iltimos menga yordam ber!
- Senga yordam bera olmayman. Chunki jiqqa ho’lsan, yelkanimni rasvo qilasan.
Keyin shu yaqin atrofda Qayg’uni ko’rib, undan yordam so’radi:
- Qayg’u, sen bilan keta qolay.
- Uff, - dedi Qayg’u. - Yo’q, juda xafaman, yolg’iz qolishni xohlayman.
Baxt ham Sevgining yonidan o’tdi, ammo u shunaqangi xursand ediki, Sevgining ovozini ham eshitmadi. SHu payt Sevgi yoqimli bir ovozni eshitdi:.
- Kel Sevgi! Seni yonimga olaman!
Bu tuyg’u Sevgidan ancha ulugroq edi. Sevgi o’zini shu qadar omadli va baxtli his etdiki, uni kim yoniga chaqirganini bilolmadi. Quruqlikka borganlarida, Sevgiga yordam ko’rsatgan xaloskor yo’lida davom etdi. Uning oldida naqadar qarzdor ekanini bilgan Sevgi Bilimdan «Menga kim yordam berdi?» - deya so’radi.
- U Vaqt edi, - deb javob berdi Bilim.
- Vaqtmi? U nega menga yordam berdi? Bilim kulimsirab shunday dedi:
- Chunki faqatgina Vaqt Sevgining naqadar buyuk tuyg’u ekanini tushuna oladi.
Dostları ilə paylaş: |