www.ziyouz.com kutubxonasi
139
— Sizda naqadar chuqur musiqa iste’dodi, naqadar hassos bir qalb bor ekan, Farida
xonim! Bola qalbining shu qadar chuqur qayg‘uni qanday his eta olishiga ajablanaman.
Men o‘zimni parvosiz ko‘rsatishga tirishib:
— Bular gimn deb atalgan diniy qo‘shiqlardan biri. Ha, ko‘pincha shunaqa g‘amgin
bo‘ladi bular, afandim. G‘am menda emas, kuylarda, — dedim.
Yusuf afandi so‘zlarimga ishonmadi, boshini tebratib:
— O‘zimni san’at ustasi deb hisoblay olmayman, — dedi. — Lekin bir musiqa parchasi
chalinganda undagi fazilatlarning qaysi biri bastakorga, qaysi biri ijrochiga oid ekanligini
aniqlashda yanglishmayman. Ashulachilarning ovozlaridagi singari ijrochilarning bar-
moqlarida ham o‘ziga xos to‘lqinlar bo‘ladi, bu esa faqat hassos qalbdangina kelib
chiqadi. Shu gimn deb aytgan diniy ashulalaringizdan ba’zilarining notasini menga hadya
qilishingiz mumkinmi?
— Bular quloqqa o‘tirib qolgan narsalar, afandim, notalarni qaerdan bilay?
— Hechqisi yo‘q. Bir kun vaqti bilan organ yoniga o‘tirib chalib bersangiz, kaminangiz
ham ijozatingiz bilan daftarga yozib oladi. Bir vaqtlar vafot qilib ketgan bir qari popdan
kaminangiz ham bitta organ sotib olgan edi. Musiqa asboblariga menda juda katta qizi-
qish bor, afandim. Men uni o‘z xonamning burchagiga qo‘yganman... Shu narsalarni men
ham chalishni istardim.
Bir-birimiz bilan gaplashib zaldan chiqdik. Ajralish paytimizda Shayx Yusuf afandi
menga yozilib shunday dedi:
— Menda juda qattiq hasratga cho‘kkan paytlarimda yozilgan parchalar bor. Hali bu-
larni hech kimga chalib berganim yo‘q. Tushunishmaydi, ishonaman. Xudo nasib buyur-
sa, shularni sizga bir kun chalib beraman. Nima deysiz, kichik xonim?
Bu voqea Shayx Yusuf afandi bilan bo‘lgan inoqligimizni yana bir karra oshirdi. Va’da
qilgan parchalarni hali eshitganim yo‘q. Lekin juda chiroyli narsalar bo‘lishiga shubha qil-
mayman. Chunki bu xasta hassos kishi bir parcha taxtaga tegib ketsa ham, taxtadan
mung chiqadi, deb o‘ylayman. Bir necha kun aval bolalardan biri o‘zi sotib olmoqchi
bo‘lgan bir udni keltirib ko‘rsatdi. Shayx Yusuf afandi barmoqlarining uchini ud torlariga
tekkizganda menga shunday tuyuldiki, bu nozik barmoqlar udga emas, ko‘nglimning ich-
ichiga tekkanday bo‘ldi.
* * * B..., 5 may.
Kecha bir yomon ish qilib qo‘ydim. Ma’lum bo‘lib qoladi, deb yuragim titraydi. Qilgan
narsamning yomonligini bilaman, lekin nachora? Ko‘nglimning xohishi shunday bo‘ldi.
Muallimlar haftada bir marta kechqurun maktabda navbatchilik qiladilar. Kecha me-
ning navbatim edi. Kechqurun qizlar sinflarda dars tayyorlab o‘tirganlarida, biz Shahnoza
xonim ikkalamiz maktabni ko‘zdan kechira boshladik. Sinflardan biridagi lampa yaxshi
yonmayotganini ko‘rib ichkari kirdik. Muovina xonim nihoyatda epchil, bilarmon xotin.
Qo‘lidan har ish keladi. Kursiga chiqib lampani tuzata boshladi. Shu vaqt eshikdan qari
xodima kirib keldi. Qo‘lida maktub bor edi, u orqadagi partada o‘tirgan bir o‘quvchi qiz
yoniga keldi. Xodima xatni qizga endi uzatgan edi, muovina xonim turgan yeridan:
— To‘xtang, Oysha! U nima? — deb qichqirdi.
— Hech... Jamila xonimga berib qo‘yinglar, deb maktab qorovuliga shu xatni tashlab
ketishgan ekan.
— Menga ber uni. O‘quvchi qizlarga kelgan xatlarni avval men ko‘rishim kerak, deb
necha marta sizlarga ta’kidlaganman. Muncha aqlsiz xotinsan!
Shu dam kutilmagan hodisa ro‘y berdi. Jamila o‘rnidan sapchib turdi-da, xodimaning qo‘li-