www.ziyouz.com kutubxonasi
149
O‘zim-chi? Axir o‘zim ham qanotlari qayrilgan bir sho‘rlikman!
U yana oyoqlarimga osildi.
— Xonim qizim, bolam, sizning ham sevganingiz bordir, jahlingiz chiqmasin. Qasam
ich desangiz ichay, men bu yerga sizdan shikoyat qilgani kelganim yo‘q. Men, bir
qarashda ko‘ringanimdek, bag‘ritosh, dag‘al xotin emasman. Juda borsam Yusufning
opasiman. Yillar bo‘yi uning musiqasi ichida yashadim. Sizdangina emas, hatto o‘rtala-
ringizdagi tanishlikdan ham shikoyatim yo‘q. Yusuf yotib qolgandan keyin shamday kuy-
ib, erib borardi. Men uni ko‘rib, dunyodan shukronalik bilan ketyapti, deb o‘ylardim.
Darhaqiqt, na shikoyat qilar, na iztirob tortar va na achchiq so‘zlar aytardi. Ba’zan
hushidan ketar, shunday kezlarda qovoqlari pirpirar, qonsiz lablari yashirin bir tabassum
bilan sizning ismingizi shivirlar edi. Yusuf bu dardini shu mahalgacha menga aytmagan
edi, lekin kecha qo‘llarimni ushladi, barmoqlarimni birma-bir o‘pdi, keyin: “Uni yana bir
marta ko‘rsat menga, opa!” deb yosh bolalardek yalina boshladi. Yusuf uchun har qan-
day fidokorlikka rozi bo‘lsam ham, bu iltimosini bajarishimga ko‘zim yetmas edi. Yura-
gim sadpora bo‘ldi. “Tuzal, Yusuf, tezroq tuzuk bo‘l, aylanay. Bir kun albatta ko‘rasan!”
deb peshonasini, sochlarini siladim. Oh, Farida xonim, koshki edi uning menga hech ni-
ma demay xafa bo‘lganini, keyin teskari o‘girilib, ko‘zlarini qandayin umidsizlik bilan
yumib olganini ko‘rsangiz!.. Buni so‘z bilan anglatib bo‘lmaydi. Bugun kechga borib
ko‘zlarini butunlay yumib oldi. Endi ko‘zlarini hech mahal ochmasligini bilardim. Men bu
ko‘zlar uchun butun umrimni, baxtimni fido qilgan, undan hech bir narsamni ayamagan
edim. Zor-intizor bo‘lgan narsasini so‘nggi marta ko‘rmasdan ko‘zlarini yumganini
ko‘rish! Men bu alamni so‘z bilan tushuntirib berolmayman sizga. Farida xonim, buning
imkoni yo‘q! Bir savob ish qiling, aylanay! Bu jon chiqayotganda og‘ziga tomizilayotgan
suvday bo‘ladi.
U ortiq gapirolmay qoldi. Yuzimni etaklarim ichiga yashirib, bolalarcha chinqirib,
yig‘lab yubordim.
* * * Shu kecha voqealarini esimda bir tushday saqlab qolaman.
Jala ostida, oldimdagi xira chiroq orqasida bir qancha tor, qorong‘i ko‘chalardan o‘tib
bordim. Hech narsani sezmas, hech narsani o‘ylamas, selga uchragan yaproq singari ix-
tiyorsiz ilgarilardim.
Meni soya-ko‘lankalar bilan to‘liq bahavo, keng bir xonaga olib kirdilar. Devorlarda
tanburlar, udlar, g‘ijjaklar osilgan, tokchalarda har xil naylar tiqilib yotibdi. Bastakor ma-
na shu cholg‘u asboblari bilan to‘liq xonaning bir burchagida, keng temir karavotda jon
bermoqda edi.
Biz oyoq uchida yurib, sekin yaqinlashdik. Mum singari sap-sariq yuziga o‘lim sukuna-
ti cho‘kkan, yumuq ko‘zlarining chuquriga qorong‘ilik to‘lgan edi. Faqat lablarida, oppoq
tishlarini xiyol ko‘tarib turgan yarim yumuq lablarida hayot asari ko‘rinardi.
Boya shu qadar ezilib kuygan, parishon ko‘ringan boyoqish xotin mana endi o‘lim
to‘shagida yotgan baxti qoraning so‘nggi tilagini yeriga yetkazgandan keyin, o‘zini hay-
ron qoladigan darajada og‘ir, vazmin tutardi. Yo rabbiy, sevgi, mehru muhabbat deb
atalgan narsada qanchalar mo‘’jizalar bor-a! Maktabga boradigan o‘g‘lini uyg‘otayotgan
ona singari, qo‘lini ukasining boshiga qo‘yib:
— Yusuf, bolam, ko‘zingni och. Farida xonim sendan hol so‘rab keldi. Och ko‘zingni,
Yusuf, — dedi.
Betob hech narsa eshitmas, hech narsa sezmas edi. Xotin dahshatga tushdi. Nahotki
ukasi ko‘zini ochmay o‘lib ketaversa? Vahima uni sekin-sekin hayajonga solib, boyagi
ishonchini yo‘qotib bordi. Boyoqish yana bo‘g‘ilib, nafasi tiqilib, yig‘lay boshladi.