www.ziyouz.com kutubxonasi
229
— Daftar tugamabdi, Komron. Muqovasida ham yozuvlar bor. Lekin daftar ko‘k
bo‘lgani uchun siyoh yaxshi ko‘rinmayapti, — dedi.
Ular chiroqni ko‘tarishdi, boshlarini daftar ustida bir-birlariga yaqinlashtirib, shu satr-
larni qiyinchilik bilan o‘qishdi.
“Kecha daftarimni abadiy yopgan edim. Nikoh kechasining sabohida nainki xotira
yozish, hatto eski yuzimni ko‘rish uchun oynaga qarashga, eski tovushimni eshitish
uchun unimni chiqarishga ham jur’at qila olmas edim. Faqat...
Shunday qilib, kecha men kelinchak bo‘ldim. Selga uchragan xazon kabi o‘zimni oqim-
ga taslim etdim. Kim nima desa qildim, hech narsani qaytarmadim. Shunchalikki, doktor
Izmirdan keltirgan uzun etakli oq ko‘ylakni kiydirishlariga, sochlarimning bir yog‘iga bir
tutam kumush ip ilashtirishlariga ham qarshilik qilmadim. Faqat oro berish uchun meni
katta tosh oynakka olib kelishganda, hech kimsaga sezdirmasdan ko‘zlarimni yumib ol-
dim. Bo‘lgani shu. Butun isyonim faqat shundangina iborat bo‘ldi.
Meni ko‘rgani bir qancha yotu begona keldi. Bular orasida ilgari men bilan ishlashgan
muallimalar ham bor edi. Aytgan so‘zlari qulog‘imga kirmas, hammasiga ham bir xilda
ayanch tabassum bilan javob qilishdan o‘zgasiga kuchim yetmas edi.
Bir kampir yuzimni ko‘rib:
— Choli tushmagurning xo‘pam tolei bor ekan-da. Turnaning naq ko‘zidan uribdi-ya!
— dedi.
Xayrullobey uyga kechki ovqat mahalida yetib keldi. Semiz gavdasini korset siqib tur-
gan smoking kiyib olgan edi. Qizil galstugi bir yoqqa juda g‘alati bo‘lib qiyshayib ketibdi.
Yuragim ezilib, xafa bo‘lib turganimga qaramay, kulib yuborishdan o‘zimni tutib qololma-
dim. Boyoqishni kulgi qilib qo‘yishga haqqim yo‘qligini o‘ylab, qizil galstugini chiqarib olib
o‘rniga boshqasini, yarashadiganini bog‘lab qo‘ydim.
Xayrullobey kulib turib:
— Barakallo, qizim, sen ajoyib uy bekasi bo‘lasan. Ko‘rdingmi, yosh qizga uylanish-
ning fazilatlarini? — dedi.
Mehmonlar tarqalishdi. Biz yemakxona derazasi yonida ro‘baro‘ o‘tirardik. Xayrullo-
bey:
— Kichkinam, nega kechikib qolganligimni bilasanmi? — deb so‘radi. — Munisaning
mozorini ziyorat qilib keldim. Qabriga bir dasta gul va sening kelinchaklik iplaringdan bir
siqim qo‘yib keldim. Boyaqish sening oldingda gapirishga tortinardi, lekin yolg‘iz qolgani-
mizda nuqul: “Opajonim kelinchak bo‘lib, sochlariga kumush ip taqqanda, men ham
taqmoqchiydim”, deyardi. Rahmatlining sariq sochlariga ipni o‘zim taqardim, afsuski
bo‘lmadi.
Doktor shu so‘zlarni aytib turganda, o‘zimni tutolmay yuzimni derazaga o‘girdim-u,
mana shu alamli kuz oqshomining ko‘zga ko‘rinmas tumani singari kipriklarimda qurib
qolayotgan yoshlar bilan to‘lib-to‘lib yig‘ladim.
Kechaning ilk soatlarini har kungiday pastda, ovqatxonada o‘tkazdik. Xayrullobey
ko‘zoynaklarini taqib olib, burchakda allaqanday kitob o‘qib o‘tirdi.
— Kelinoyim, yangi kuyovning kitob o‘qib o‘tirishi yarashmaydi, lekin meni aybga bu-
yurmaysan-da. Qo‘rqma, kechalar uzun, yosh kelinchakka ishq dostonlari o‘qishga ham
vaqt topiladi, — dedi.
Chekkalarini tikib o‘tirgan ro‘molim ustiga boshimni yana ham ko‘proq solintirdim. Eh,
bu qari doktor! Uni qanchalar sevardim, mana endi qanchalar nafratlanaman undan! De-
mak, alamdan, qayg‘u-g‘amdan behol bo‘lib boshimni yelkasiga qo‘ygan kezlarimda, u...
Demak, oq kipriklar ostida yashiringan bu gunohsiz moviy ko‘zlar menga xotin deb,
bo‘lajak qayliq, deb qarab kelgan ekan-da!..
Soat o‘n birga jom urguncha shu xil achchiq alamli o‘ylar bilan band bo‘ldim. Nihoyat,