Malay arxipelagi. Malay arxipelagi Yer sharidagi eng yirik orollar landshaft o’lkasi bo’lib, Osiyoning janubi-sharqida joylashgan. Uning tarkibiga Katta Zond (Kalimantan, Sumatra, Yava, Sulavesi), Kichik Zond (Bali, Lombok, Sumbava, Sumba, Flores, Lomblen, Alor, Vetar, Timor), Malukka va Filippin orollar guruhi kiradi. Maydoni 2 mln km2 ga yaqin. Arxipelagning qirg’oq chiziqlari turli xil kesilgan. Ko’pchilik orollarning g’arbiy va janubi-g’arbiy tog’li qirg’oqlari kam kesilgan, sharqiy va shimoli-sharqiy pasttekislikli va botqoqli qirg’oqlari kuchli kesilgan.
Arxipelag rel’efida o’rtacha baland va past tog’lar ustunlik qiladi. Barcha tog’lar Al’p burmalanishi jarayonida vujudga kelgan antiklinal ko’tarilmalar tizimida joylashgan. Aksariyat tog’lar mezozoy va uchlamchi davr ohaktoshlari, qumtoshlari va mergellaridan tuzilgan bo’lib, ularni vulkanik jinslar yorib chiqqan. Vulkan konuslari burmalangan poydevorlar ustida orollar shaklida alohida-alohida ko’tarilib turadi. Kalimantan va Sulavesi orollaridagi tog’lar paleozoy jinslaridan tarkib topgan va burmali - palaxsali xarakterga ega. Sumatra, Yava va Kalimantan orollaridagi pastekisliklar sinklinal cho’kmalarda hosil bo’lgan.
Malay arxipelagida vulkanlar keng tarqalgan. Sumatra orolida 15 ta harakatdagi vulkanlar mavjud. Shulardan Kerinchi vulkani dengiz sathidan 3800 m, Marapi 2891 m va Pyoetsagu 2780 m baland. Yavadagi 136 ta vulkandan 30 tasi harakatda, eng yiriklari Semeru (3676 m), Salamet (3428 m), Gede (2958 m) vulkanlaridir. Filippin arxipelagidagi eng katta vulkanlar Mindano orolidagi Apo (2954 m) va Luson orolidagi Mayon (2416 m) lardir. Sumatra va Yavani bir-biridan ajratib turgan Zond bo’g’izida balandligi 800 m bo’lgan mashhur Krakatau vulkanik orol joylshgan. Krakatau vulkanining eng dahshatli otilishlari 1883 va 1973 yillarda sodir bo’lgan va juda katta talofotlar keltirgan. Malay arxipelagi orollari ichida eng kattasi Kalimantan oroli bo’lib, uning maydoni 734 ming km2. Orolning markaziy qismini janubi-g’arbdan shimoli-sharqqa tomon yirik palaxsali tog’lik massivi kesib o’tgan. Bu massiv Shvaner, Myuller, Apo-Duat va Kroker tizmalaridan tarkib topgan. Kalimantanning eng baland nuqtasi Kroker tog’idagi Kinabalu cho’qqisida 4101 m ga yetadi.
Malay arxipelagining o’rta qismi ekvatorial, shimoliy va janubiy qismlari subekvatorial iqlim mintaqalarida joylashgan. Ekvatorial mintaqadagi pastekisliklarda va tog’oldi zonalarida havo harorati yil davomida +25°+27°S ni tashkil etadi. Tog’larning 1500-2000 m balandliklarida eng sovuq oyning o’rtacha harorati +15°S ga, eng issiq oyniki +17°S ga teng. Xuddi shunday balandliklarda harorat -2°-3°S gacha pasayishi mumkin. Tekisliklarda o’rtacha yillik yog’in miqdori 1500-2000 mm ga teng. Hind va Tinch okeanlaridan esadigan mussonlarga ro’para bo’lgan tog’ yonbag’irlariga 4000-5000 mm dan 7000-8000 mm gacha yog’in yog’adi. Havo namligi o’rtacha 80%, ayrim joylarda 95% gacha yetadi. Subekvatorial mintaqalarda mussonlarning sirkulyasiyasida qishki qurg’oqchil va yozgi namlik davrlari aniq ifodalangan.
Malay arxipelagida daryo to’ri yaxshi rivojlangan. Daryolari sersuv, gidrologik rejimi kam o’zgaruvchan qisqa daryolardir. Ularning yuqori qismi tog’li, ostonali va tez oqar, tekislikka chiqqandan keyin vodiylar kengayadi, oqim tezligi sustlashadi.
Eng yirik daryolari Klimantan orolidagi Kapuas va Barito, Sumatradagi Jambi, Inderagiri va Musi, Lusondagi Kagayan, Mindanodagi Agusan daryolaridir. Botqoqlangan pastekisliklarda va daryo vodiylarida mayda ko’llar ko’p. Tekislik va tog’larda qizil tuproqlar va podzollashgan turli xil laterit tuproqlar keng tarqalgan. Atmosfera yog’inlari kam tushadigan botiqlarda qizg’ish-qo’ng’ir, jigar rang savanna tuproqlari hosil bo’lgan. Pastekisliklarning katta qismini o’tloqli, o’tloqli- botqoq tuproqlar egallagan. Tog’larda vulkanik tuproqlar ham keng tarqalgan.
Malay arxipelagi Yer sharida floraga eng boy hudud hisoblanadi. Bu yerda o’simliklarning 45000 dan ziyod turi mavjud. Arxipelagning 1300-1500 m balandlikkacha bo’lgan qismida doimiy yashil nam tropik o’rmonlar hukmronlik qiladi. Bu o’rmonlar qalin, baland bo’yli, ko’p yarusli, liana va epifitlarga juda boy. Tuproq yuzasini orxideyalar, moxlar va lishayniklar qoplab olgan. Lianalar orasida uzunligi 200-300 m ga yetadigan va tevarak-atrofdagi daraxtlarni o’rab olgan rotang palmasi alohida o’rin tutadi. O’simlik qoplamida palmadoshlar oilasiga mansub bo’lgan palmalarning bir qancha turlari, bambuklar, fikuslar, panduslar, daraxtsimon paporotniklar, yovvoyi bananlar ko’pchilikni tashkil etadi. 1300-1500 m dan yuqoridagi tog’ tropik o’rmonlarida doimiy yashil eman, rododendron, kashtan, zarang va igna bargli daraxtlar o’sadi. 3000-3500 m balandlikda past bo’yli tog’ o’rmonlari, undan yuqorida Al’p o’tloqlari tarqalgan. Kalimantanning yog’in kamroq tushadigan ichki hududlarida nam tropik o’rmonlar savannali o’rmonlar yoki savannalar bilan almashinadi. Savannalarda baland bo’yli boshoqli o’simliklar, yovvoyi shakarqamishlar o’sadi. Aholi punktlari atrofida banan, non daraxti, mango, palma, duryan plantasiyalari barpo etilgan.
Fauna tarkibida o’rmonlarga xos hayvon turlari ko’p uchraydi. Ayniqsa maymunlar oilasiga mansub bo’lgan orangutan, gibbon, baqaloq lori, pugalo, makakalar keng tarqalgan. Ahyon-ahyonda fillar, karkidonlar, cheprachli tapirlar, selebes babirussasi uchraydi. Endemik hayvonlardan makakalardan tashqari anoa buyvoli ham saqlanib qolgan. Malay arxipelagi tabiiy geografik hududlashtirish sxemasi bo’yicha uchta tabiiy geografik hududga bo’linadi: 1) Katta Zond orollari.
2) Kichik Zond va Malukka orollari, 3) Filippin arxipelagi.