236. TFQning 184-bandiga muvofiq, stansiyaning texnikaviy vositalaridan foydalanish tartibi texnikaviy-boshqaruv akti bilan belgilanib, ushbu hujjat poezdlarning stansiyaga beto’siq qabul qilinishi, jo’natilishi va o’tishini, stansiya hududidagi manyovr ishlarining xavfsizligi hamda xavfsizlik texnikasiga rioya qilinishini aniqlaydi. (236-bandning 1-xatboshisi “O’zdavtemiryo’lnazorat” DI boshlig’ining 2003 yil
27 yanvardan 1/6-7-02-son ko’rsatmasiga muvofiq o’zgartirildi). Texnikaviy-boshqaruv aktida belgilangan tartibga, DATK barcha bo’linmalarining xodimlari rioya etishga majbur. Har bir poezdni qabul qilish va jo’natish marshruti oldindan tayyorlangan bo’lishi shart va kirish (chiqish) svetofori, qabul qilinayotgan (jo’natilayotgan) poezd mashinisti signalning ochiq holatini o’z vaqtida ilg’ab, stansiyaga kirishda poezdning belgilangan tezligini pasayib ketishiga yoki stansiyadan jo’nashda poezdni kechikishiga yo’l qo’ymasligini hisobga olib, ochilishi lozim.
Har bir poezdni qabul qilish va jo’natishdan oldin stansiya navbatchisi qabul qilish (jo’natish) yo’li va marshrutiga chiqish bilan bog’liq manyovrlarni, harakat tarkibini poezdni harakatlanish marshrutiga chiqib ketishini istisno qilib bo’lmaydigan yo’llarda strelkalarni muhofaza holatiga o’tkazish bilan manyovrlarni to’xtatishi shart.
Stansiya navbatchisi manyovrlar xaqiqatda to’xtatilganiga ishonch hosil qilmasdan turib poezdni jo’natishga signalni ochishi yoki boshqa usulda ruxsat berishi taqiqlanadi.
Manyovrlarni to’xtatish, stansiya navbatchisining farmoyishlar berish va ijro etilganiga ishonch hosil qilish tartibi stansiyaning texnikaviy-boshqaruv aktida belgilanadi.
Poezdlarni jo’natishda stansiyalarning saralash-jo’natish parklarida manyovrlarni amalga oshirish tartibi DATK tashishlarni boshqarish boshqarmasi boshlig’i tomonidan belgilanadi va stansiyaning texnikaviy-boshqaruv aktida ko’rsatiladi.
237. Strelka va signallarni markazlashtirish bilan jihozlangan stansiyalarda poezdlarni qabul qilish va jo’natish marshrutlarini tayyorlash bo’yicha barcha operatsiyalar shaxsan stansiya navbatchisi yoki uning ko’rsatmasiga binoan markazlashtirish posti operatori tomonidan bajariladi. Markazlashtirilgan strelkalar ijro postlaridan boshqarilganda poezdlarni qabul qilish yoki jo’natish marshrutlarini tayyorlash xususidagi barcha farmoyishlarni stansiya navbatchisi markazlashtirish ijro postlarining operatorlariga uzatadi va farmoyishni boshqaruv apparatidagi tegishli harakatlar bilan tasdiqlaydi. Berilgan farmoyishlarning to’g’ri bajarilganligi markaziy apparat boshqaruv asboblarining ko’rsatmalari bo’yicha nazorat qilinadi.
Strelka va signallarni markazlashtirish qurilmalaridan foydalanish, shuningdek, stansiya navbatchilari va markazlashtirish posti operatorlarining poezdlarni qabul qilish, jo’natish va o’tkazish marshrutlarini tayyorlashda amalga oshiradigan harakatlari SSB qurilmalaridan foydalanish tartibi xaqidagi Yo’riqnomada va stansiyaning texnikaviy-boshqaruv aktida belgilanadi. Markazlashtirilgan va shu bilan birga markazlashtirilmagan strelkalarga ega stansiyalarda xodimlarning harakat tartibi ham shu hujjatlarda belgilanadi.
238. Markazlashtirilmagan strelkali stansiyalarda poezdni qabul qilish yoki jo’natish marshrutini tayyorlash to’g’risidagi farmoyishni stansiya navbatchisi marshrutni tayyorlashda ishtirok etayotgan barcha strelkali postlarning katta navbatchilariga aniq va ravshan, so’zlashuvlarning belgilangan reglamentiga rioya qilgan holda bir paytning o’zida uzatishi lozim. Strelkali postlar katta navbatchilarining navbatchiligi tashkil etilmagan bo’lsa, marshrut tayyorlash to’g’risidagi farmoyishlar bevosita strelkali post navbatchilariga beriladi.
Poezdlarni qabul qilish va jo’natish marshrutlari tayyorlashda kirish (chiqish) bo’g’izida, qabul qilish yo’lining qarama-qarshi tomonida joylashgan strelkali postlar, shuningdek harakat tarkibi poezdni qabul qilish yoki jo’natish marshrutiga chiqib ketishi mumkin bo’lgan boshqa postlar ishtirok etishi lozim.
239. Strelkali postlarga yoki markazlashtirish ijro postlariga marshrutni tayyorlash xaqidagi farmoyishni stansiya navbatchisi tegishli signalni o’z vaqtida ochilishini ta'minlovchi barcha operatsiyalarni yakunlash vaqtini hisobga olib uzatishi kerak.
240. Marshrutni to’g’ri tayyorlanganligini stansiya navbatchisi boshqaruv apparatidagi asboblarning ko’rsatmalari bo’yicha tekshiradi.
Bunday asboblar bo’lmagan stansiyalarda stansiya navbatchisi marshrutning to’g’ri tayyorlanganligini strelkali postlar katta navbatchilarining xabarlari bo’yicha tekshirishi shart.
241. Stansiyadagi ayrim strelkalar strelkali postdan ancha uzoq masofada joylashgan bo’lib, odatda ularni normal holatidan chiqarishmasa (asosiy yo’llar orasidagi tushish yo’llari, asosiy va qabul qilish-jo’natish yo’llariga tutashmalar va h.z.) bunda ularning holatini va sozligini har bir poezdni qabul qilish va jo’natishdan oldin emas, faqatgina navbatchilikka kirishish vaqtida davriy ravishda tekshirish tartibi joriy etilishi mumkin. Bundan tashqari, ushbu strelkalarning holati va sozligi, ular marshrutni tayyorlashdan oldin manyovr harakatlari, ko’rik, ta'mir va hakazolar uchun o’tkazilgan bo’lsa, albatta tekshirilishi shart. Bunday strelkalar nazorat qulflari bilan jihozlangan bo’lishi, ularning kalitlari boshqaruv apparatida, kalitli bog’liqlik bo’lmaganda esa, stansiya navbatchisida saqlanishi shart.
Bunday tartibni qo’llash ruxsat etilgan stansiyalarning strelkalar nomerlari qayd etilgan ro’yxati DATK mintaqaviy temir yo’l uzeli boshlig’i tomonidan tasdiqlanadi.