Ravelning simfonik ijodi "Bolero". Simfonik orkestr ijrosi uchun yozilgan "Bolero" Ravelning eng mashhur asaridir. Uni kompozitor 1928 yilda taniqli balet raqqosasi Ida Rubinshteyn iltimosiga ko’ra balet sifatida yozgan. Ammo bugungi kunda "Balero" simfonik asar sifatida mashhur. Bu asar shuhratining asosiy sababi - yagona musiqiy mavzuning nihoyatda go’zalligi, ispan milliy musiqasi ruhida yozilganligi va orkestrning juda chiroyli va ifodali ijrosidadir. "Bolero" asaridagi simfonik rivojlanish uslubi tamoman yangicha. Bu bitta musiqiy mavzuga yozilgan o’n sakkizta variaciyalardir. Har bir variaciyada mavzu, uning ritmi va garmoniya o’zgarishsiz takrorlangan. Faqat mavzuni har gal orkestrdagi har xil cholg’u sozlari va cholg’u guruhlari ijro etadilar. Shuning uchun bunday variaciyalar - tembr variaciyalari deb ataladi. Birinchi variaciyadan to oxirgisigacha tovush balandligi asta-sekin ortib boradi va oxirgi variaciya katta kuch bilan yangraydi.
Asosiy musiqiy mavzuni Ravel ispan xalq raqsi ruhida yozgan. Bu juda go’zal, lirik xarakterdagi mayin kuy ikki bo’lakdan iborat. Asardagi o’zgarmas ritm doim kichik barabanlar ijrosida yangrab turadi. "Bolero" asarining yaratilishi o’sha davr uchun olamshumul voqea bo’ldi. Chunki xech bir kompozitor bunaqa o’ziga xos asar yozmagan edi. Undan keyin o’tgan davr ham "Bolero" XX-asr simfonik musiqasining eng ajoyib, o’ziga xos asarlaridan biri ekanligini tasdiqladi.
II.2 Fortepiano uchun sonatalarda variatsiyaning qo`llanilishi
Betxovennin fortepiano ijodi
Sonata №23 «Appassionata»
Betxovenning 23 raqam ostida yozilgan sonatasi butun jahon musiqa adabiyotining eng buyuk, durdona asarlaridan biri hisoblanadi. Buyuk frantsuz yozuvchisi Romen Rollan aytishicha bu sonata kompozitorning boshqa sonatalari orasida «Monblan kabi Alp tog’larining boshqa cho’qqilari uzra savlat to’kib turadi». Sonataga «Appassionata» deb Betxoven nom bermagan, lekin shuni aytish joizki bu nom musiqaning mohiyatini juda to’g’ri ifodalaydi. «Appassionata» so’zi «zavq-shavqqa to’la, ehtirosli» degan ma’noni bildiradi.
Bu asarda juda kuchli intilish, kurash, qalb qo’zg’oloni va ehtiroslarning junbushga kelishi tasvirlangan. Betxovendan bu sonataning mazmuni haqida so’raganlarida, u qisqa qilib «Shekspirning «Bo’ronini» o’qinglar» deb qo’yaqolgan ekan. Lekin kompozitor bu bilan «Shekspir asarini musiqada tasvirladim», - demoqchi emas edi. Betxovenning boshqa sonatalari musiqiy mavzularining go’zalligi borasida «Appassionata» bilan bellashishi mumkin. Lekin dinamikaning shiddati borasida ularning xech biri «Appassionata»ga etolmaydi.
Sonata fa minor tonalligida yozilgan va uch qismdan iborat. Qismlar musiqasi turli xarakterda bo’lsa ham sonataga yaxlitlik xususiyati xos. Birinchi qism sonata allegrosi shaklida yozilgan. Ekspoziciyadagi bosh mavzu fojiali xarakterda. Yordamchi mavzu yorqin, osoyishta xarakterda bo’lib bosh mavzudan farq qiladi. Shu ikki mavzuni rivojlantirish orqali kompozitor birinchi qismda ayovsiz kurash manzaralarini mahorat bilan tasvirlab bergan.
Sonataning ikkinchi qismi - Andante variatsialar shaklida yozilgan. Musiqa, osoyishta, lirik kayfiyatda. Bu qism ehtiroslarning junbushga kelishi va shiddatli kurashlar tasvirlangan birinchi va uchinchi qismlar o’rtasidagi yorqin epizoddir.