1- § Fonetik yozuv. Mazkur yozuv qoidasiga ko‘ra so‘zlar va ularga qo‘shiladigan affikslar talaffuz me’yoriga mos ravishda yoziladi. Masalan: 1) ko‘ngil, o‘g‘il, shahar singari so‘zlarga egalik affikslari qo‘shib talaffuz qilinganda o‘zakdagi i va a fonemalari tushiriladi va shu tarzda yoziladi; 2) yosh, ong kabi so‘zlarga -a yoki -la so‘z yasovchi affikslari qo‘shilib talaffuz qilinganda, o‘zakdagi o unlisi a tarzda o‘zgaradi va shunday yoziladi; 3) ikki, yetti sonlariga - ov affiksi qo‘shilganda o‘zak oxiridagi i unlisi talaffuzda tushiriladi va shunday yoziladi; 4) so‘ra, bo‘ya, tanla kabi so‘zlarga - q, -v so‘z yasovchilarini qo‘shib talaffuz qilinganda a tovushi o unlisiga o‘zgaradi va shunday yoziladi; 5) o‘qiy olmoq, ishlay bermoq kabi so‘zlar talaffuzda ishlayvermoq, o‘qiyolmoq tarzda aytiladi va shunday yoziladi; 6) rus tilidan o‘zlashgan отпуск, пропуск, счёт, , щчётка kabi so‘zlar otpuska, propuska, cho‘t, cho‘tka tarzida talaffuz qilinadi va shunday yoziladi. Keltirilgan misollardan ko‘rinadiki, fonetik yozuv yozma nutqni og‘zaki talaffuzga yaqinlashtiradi va ular o‘rtasida umumiylikni vujudga keltiradi. Shu bois bu yozuv qoidasiga ko‘ra yoziladigan so‘zlarda u yoki bu fonetik o‘zgarishini kuzatish mumkin.