N. Turniyozov A. Rahimov O‘zbek tili


-§.Tilning ijtimoiy tavsifi



Yüklə 0,84 Mb.
səhifə7/250
tarix04.01.2022
ölçüsü0,84 Mb.
#55018
1   2   3   4   5   6   7   8   9   10   ...   250
4-§.Tilning ijtimoiy tavsifi. Umumxalq tili, milliy til va adabiy til tushunchalari tilning ijtimoiy taraqqiyot jarayonini o‘zida aks ettiruvchi terminlar bo‘lib, ular o‘rtasida o‘zaro uzviy bog‘liqlik bo‘lishi bilan bir qatorda, farqli tomonlar ham mavjud. Xususan, umumxalq tili va milliy til, hozirgi davr nuqtai nazaridan qaralganda, bir xil (sinonim) tushunchalardir. Shu bois tilshunoslikda ularning biri o‘rnida ikkinchisini qo‘llash hollari ham ko‘p uchraydi. Biroq umumxalq tili til taraqqiyotining barcha bosqichini, ya’ni eng qadimdan hozirgacha bo‘lgan davrini o‘zida mujassamlashtiradi. Milliy til tushunchasi esa ana shu ko‘p asrlik tarixning millat shakllangandan keyingi davrinigina ifodalaydi. Demak, umumxalq tili tushunchasi til tarixining barcha bosqichlariga xos tushuncha bo‘lsa, milliy til tushunchasi muayyan millatning shakllangandan keyingi davrga xosligi bilan undan farqlanadi.

Umumxalq tili va milliy til doirasiga sheva va lahja (dialekt)lar, oddiy so‘zlashuv tili, xalq tili, sotsial jargonlar, argolar hamda adabiy til kiradi. Umumxalq va milliy tillarning muhim tarkibiy qismi bo‘lgan mazkur til shakllari ham o‘zaro farqlanadi. Xususan, adabiy til umumxalq tilining yoki milliy tilning oliy kommunikativ (aloqa) shakli bo‘lsa, sheva, lahja, oddiy so‘zlashuv va boshqa til ko‘rinishlari uning quyi shakli hisoblanadi. Ayni paytda ular adabiy tilning doimiy rivojini ta’minlovchi muhim ichki omil bo‘lib xizmat qiladi. Ammo sotsial jargonlar va argolar bundan mustasno bo‘lib, ular umumxalq tilining yoki milliy tilning inqirozga uchragan shakllaridir.



Adabiy til muayyan grammatik qonun va qoida me’yoriga kiritilgan til shaklidir. Adabiy tilning ikki xil ko‘rinishi, ya’ni og‘zaki va yozma shakli mavjud. Og‘zaki shakl yozma shaklga nisbatan qadimiyroq bo‘lib, u umumxalq tilining: 1) qayta ishlanish; 2) uslubiy tarmoqlanishi; 3) an’anaviy, ommaviy va odatiy qiyofa kasb etishi; 4) nutqiy va estetik ehtiyojlarga xizmat qilishi; 5) xalqchilligi; 6) nisbiy konservativligi; 7) ustdialektlilik kabi dastlabki me’yoriy asoslarga ega bo‘lishida muhim ahamiyat kasb etadi. Bunda qabila, urug‘ va ular ittifoqining hududiy chegaralangan shevalariga xos dialektal unsurlarning og‘zaki ijod janrlari (dostonlar, ertak, qo‘shiq, topishmoq, maqollar) vositasida qayta ishlanish muhim omil bo‘ladi. Natijada umumxalq tili doirasida mahalliy dialektlardan ustuvor bo‘lgan til shakli, ya’ni og‘zaki poetik ustdialekt vujudga keladi. U umumxalq tili tizimidagi dastlabki adabiy shakl sifatida yozuv joriy etilgunga qadar amalda bo‘lib, keyinchalik yozma tilning taraqqiyotiga asos sifatida xizmat qiladi. Yozuvning kashf etilishi va yozma tilning taraqqiyoti natijasida adabiy tilning amal qilish doirasi yana ham kengayadi, uning me’yoriy asosi qat’iy qoidalar vositasida takomillashib boradi. Og‘zaki va yozma til shakllari o‘rtasidagi tafovutlarning kamayishiga qulay imkoniyatlar tug‘iladi. Bu jarayonni hozirgi o‘zbek adabiy tili va boshqa milliy tillar misolida ko‘rish mumkin. Zamonaviy adabiy tilning tez sur’atlar bilan rivojlanib borishi natijasida umumxalq tilida mavjud bo‘lgan dialektal (lahjaviy) farqlar ham kamayib, dialektlarning amal qilish doirasi esa torayib boradi.


Yüklə 0,84 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   2   3   4   5   6   7   8   9   10   ...   250




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©muhaz.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin