Xlorli ohak yoki oqartirgich ohak issiqqa chidamli, uzoq saqlanuvchi modda.
Agar quruq muhitda saqlansa, xlorning faolligi 8 yil ichida atigi 7-9 % kamayishi
mumkin.
Neytrallangan kalsiy gipoxlorid (NKG) - oq rangli, xlor hidli poroshok.
Tarkibida 50-70 % faol xlor saqlaydigan I, II, III navlari ishlab chiqiladi. Bu
modda ancha turg’un bo’lib, undagi xlor faolligini 8 yilgacha saqlaydi. Preparat
tindirilgan va tindirilmagan eritma holida yoki quruq holda odam yashamaydigan
xonalarni, hovli, hojatxonalarni dezinfeksiya qilish uchun ishlatiladi. Tindirilgan
eritma tindirilmagan eritmani 2 soat davomida tindirib tayyorlanadi.
Dixlorizatsiyanur kislotaning natriyli tuzi- suvda yaxshi eruvchan, xlor
hidli, oq kristall poroshok. Tarkibida 55— 60 % aktiv xlor saqlaydi. Saqlaganda
uzoq turadi. Tuzning suvdagi eritmasi o’z faolligini uch kechayu-kunduzgacha
saqlab, bakteriotsid, sporotsid va fungitsid ta’siriga ega. Preparat yuvuvchi,
dezinfeksiyalovchi vositalar tarkibida bo’lib, profilaktik va o’choqli dezinfeksiya
uchun qo’llaniladi.
Dixlorizatsiyanur kislotaning natriyli va kaliyli tuzining suvli eritmasi
hayvonlarga unchalik ta’sir qilmaydi. Ammo 0,2 % va undan ortiq faol modda
saqlaydigan eritmalari odam og’iz bo’shlig’ini hamda ko’zni achishtiradi. Shuning
uchun dezinfeksiya qilishdan ilgari xonalar odamlardan bo’shatiladi, ishlovdan
so’ng xonalar shamollatiladi.
Dixlorizatsiyanur kislotaning natriyli va kaliyli tuzlari, ularning yuvuvchi
vositalar bilan aralashmasi bakteriyalar yoki viruslar chaqirgan ichak va nafas yo’li
infeksiyalari o’choqlarida kiyim-kechak, idish-tovoq, o’yinchoqlar va boshqa
buyumlarni dezinfeksiya qilishda qo’llaniladi.
Sulfaxlorantin- dixlormetingidratin asosida sanoatda ishlab chiqiladi,
tarkibida 15 % faol xlor saqlaydi. Preparat uzoq saqlanib, xloraminga nisbatan 10
barobar faol bo’lib, bakteritsid, tuberkulitsid, virusotsid, fungitsid ta’sirlariga ega.
Uning 0,1 - 0,2 % eritmasi ichak va nafas yo’li infeksiyalari o’choqlarida
dezinfeksiya qilish uchun qo’llaniladi.
Xlorsin - tarkibida dixlorizotsianur kislotaning 20% kaliyli, 30 % natriyli tuzi
hamda sirti aktiv modda saqlaydi, xlor hidli oq poroshok (kukun). Tarkibida 11 -
15 % aktiv xlor saqlaydi, suvda yaxshi eriydi. Bakteriya va viruslar chaqirgan
infeksiyalarda profilaktik va o’choqli dezinfeksiya uchun mo’ljallangan.
Xlordezin - tarkibida dixlorizotsianur kislotaning tuzlari hamda sirti aktiv
modda saqlaydigan, suvda eruvchan, ozgina xlor hidli oq kukundir. Tarkibida 11-
15 % faol xlor bor. Eritmalari tiniq (rangsiz) bo’lib, ishlov berilgan predmetlarning
o’ziga va ularning ko’rinishiga ta’sir qilmaydi, o’ta bakteriotsidlik xossaga ega.