Jamiyatda oilaning roli shunchalik ahamiyatliki, u adolatli tarzda har qanday jamiyatning negizi sifatida ko`rib chiqiladi. Chunki oila ijtimoiy hayotning alohida sohasini o`zida mujassam etgan bo`lib, unda kelajakda jamiyatda yashashi va davlatning fuqarosiga aylanishi kerak bo`lgan shaxsning dunyoga kelishi, oyoqqa turishi va shakllanishi jarayonlari kechadi.
Jamiyatning ahvoli ham, o`z navbatida, inson oilada qanday tarbiya olganligiga, bu dargohda qanday ma`naviy e`tiqodni qalbiga singdira bilganligiga, shaxs oilada kamol topishi uchun zarur shart-sharoitlar qanchalik maqbul ekanligiga bog`liq bo`ladi.
Shu boisdan oilani muhofaza qilishga istalgan jamiyatda, har qanday davlatda alohida e`tibor beriladi.
Oila jamiyatning asosiy bo`g`inidir hamda jamiyat va davlat muhofazasida
bo`lish huquqiga ega.
O`zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 63-moddasi
Oilaviy munosabatlar sohasidagi konstitutsiyaviy prinsiplar jumlasiga quyidagilar kiradi:
Ota-onalarining kelib chiqishi va fuqarolik mavqeyidan qat`i nazar qonun oldida farzandlar huquqlarining tengligi;
Yetim bolalar va ota-ona vasiyligidan mahrum bo`lgan bolalar parvarishi, tarbiyalanishi va ta`lim olishining kafolatlanganligi;
Onalik va bolalik muhofazasi.
Oila davlat muhofazasida
Davlatimizda oila, onalik va bolalikning konstitusiyaviy muhofazasi inson huquqlari bo`yicha xalqaro hujjatlarga mos keladi.
Qonunlar bilan ona va bola manfaatlarining muhofazasi ta’minlanadi.
Konstitutsiyaga muvofiq davlat quyidagi majburiyatlarni o‘z zimmasiga oladi:
Oilani muhofaza qilish;
Yetim bolalar va ota-ona vasiyligidan mahrum bo‘lgan bolalar parvarishi, tarbiyalanishi va ta’lim olishini ta’minlashi;
Yetim bolalar va ota-ona vasiyligidan mahrum bo‘lgan bolalarga nisbatan xayriya faoliyatini rag‘batlantirish.
Ota-onalar o‘z farzandlarini voyaga yetgunlariga qadar boqish va tarbiyalashga majburdirlar.
O`zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 64-moddasi
Oila muhofazasi davlatda turli qonunlarni qabul qilish, shuningdek, jamoat jamg‘armalari va tashkilotlari tomonidan ma’naviy va moddiy qo‘llab-quvvatlash tariqasida amalga oshiriladi. Binobarin, mustaqillik yillarida respublikada “Bolalar jamg‘armasi”, “Mahalla”, “Ekosan”, milliy “Qizil Yarim Oy jamiyati” singari ko‘p bolali va kam ta’minlangan oilalarga, bolalarga, yolg‘iz qariyalarga va hokazolarga imkoni boricha berayotgan jamoat jamg‘armalari tashkil qilindi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoniga binoan mamlakatda “Sog‘lom avlod uchun” ordeni ta’sis etildi.
Onalik va bolalikni muhofaza qilishda, sog‘lom avlod kamol topishi uchun moddiy shart-sharoitlar va ma’naviy muhitni ta’minlashda alohida xizmat ko‘satgan shaxslar “Sog‘lom avlod uchun” ordeni bilan taqdirlanadilar.