Ko’p yillik muzloq yerlar. Ko’p yillik muzloq yerlar o’ziga xos geografik hodisadir. Bu muzloqlar bir necha yildan tortib bir necha ming yillar davomida sovigan holatda saqlanib kelayotgan tog’ jinslaridir. Uning harorati doimo 0°S dan past. Ko’p yillik muzloqlar abadiy muzloqlar ham deyiladi. Ko’p yillik muzloq yerlar Yevrosiyoning shimoliy va shimoli-sharqiy qismlarida keng tarqalgan. Abadiy muzloqlar shimolda Severnaya Zemlya, Novaya Sibir orollari, Yamal va Taymir yarim orollaridan boshlanib, janubda Mongoliya hududigacha kirib boradi. Uning maydoni 12 mln. km2 atrofida bo’lib, materikning 25% dan ziyodroq qismini egallaydi. Muzloq yerlar Yevrosiyo hududida ikki xil shaklda - yaxlit va orol shaklida tarqalgan. Yaxlit muzloq yerlar faqat Sibirning shimoliy, shimoli-sharqiy qismlarini va Shimoliy Muz okeanining Osiyo qismidagi orollarni ishg’ol qilgan. Yaxlit muzloq yerlarning janubiy chegarasi Yamal va Gidan orollarining shimoliy qismidan, Dudinka orqali Vilyuy daryosining Lenaga quyilish joyining shimolidan o’tib, Sharqiy Sibirda Indigirka va Kolima daryolarining yuqori oqimidan o’tadi va Anadirdan janubda Tinch okean sohiliga chiqadi. Orollar markazida tarqalgan muzloq yerlar yaxlit yerlarga qaraganda kattaroq hududlarni, ya’ni Rossiya tekisligining tundra zonasini, G’arbiy Sibir pastekisligining shimoliy qismini, Sharqiy Sibir va Uzoq Sharqni egallagan. Muzloq yerlar Oltoy, O’rta Osiyo va Kavkaz tog’larida ham uchraydi.
Muzloq yerlarning qalinligi hamma joyda bir xil emas. Masalan, Kola yarim orolida muzloq qatlamning qalinligi 25 m, Pechora havzasida100-200 m Vilyuy tekisligi va Markaziy Yoqutistonda 1500 m gacha boradi. Bu yerdagi muzlab qolgan tog’ jinslarida muzlar ham uchraydi. Yozda haroratning ko’tarilishi natijasida muzloq qatlam yuzasi 100-150 sm gacha qalinlikda eriydi. Ko’p yillik muzloq yerlarda yer osti suvlari muzloq ostida, muzloq oralig’ida va muzloq ustida yer yuzasiga yaqin joylashgan. Natijada muzloq yerlar yer osti suvlarining harakatini qiyinlashtiradi, O’rta va Sharqiy Sibir daryolarining yer osti suvlaridan to’yinishini chegaralab qo’yadi. Bunday sharoitda yer osti suvlari ko’pincha yaxmalaklar, shishma do’nglar (gidrolakkolitlar) va rel’efning boshqa shakllarini hosil qiladi. Muzloq gruntning erishi va cho’kishi termokarst hodisalarining keng tarqalishiga imkon yaratadi.
Abadiy muzloqlarning hosil bo’lishi to’g’risida ikki xil fikr mavjud. Ayrim olimlar muzloqlarning hosil bo’lishini qishning qattiq sovuqligi, qorning kam yog’ishi va haroratning 0°S dan past bo’lishi sabab bo’lgan deb hisoblashadi. Boshqalari esa, muzloqlarning hosil bo’lishini qadimiy materik muzligi davri bilan bog’lashadi. Chunki, muzloq qatlamning qalinligi ko’p yillik muzloqlarning juda qadimgi ekanligidan dalolat beradi. Bunga misol sifatida muzloq qatlamlar orasidan qadimgi hayvonlardan bir turi bo’lgan mamontlarning qoldiqlarini topilganligidir.
Muzloq yerlar xo’jalik ishlarini amalga oshirishda ancha qiyinchiliklar tug’diradi. Turar joylar, yo’llar, inshootlar, sanoat va kommunikatsiya qurish ishlarini ancha qiyinlashtaradi.