O’lkalarda tabiiy sharoitning o’zgarishi qaysi omillar bilan belgilanadi?
O’lkalar tabiiy resurslaridan foydalanish darajasi va antropogen omillarning roli qanday?
SHIMOLIY YEVROPA
Tayanchso’zvaiboralar:arxipelag,fordlar,landshaftkomplekslari,transformasiya,yerustisuvlari,materikmuzliklari,hozirgizamonmuzliklari,dengiz transgressiyalari, sinkliza, antikliza, platforma qolqonlari, tundra, o’rmon,o’rmon-dasht,dasht,cho’lva chalacho’l. Fenoskandiya. O’lka Yevropaning eng shimolida joylashgan tabiiy geografik o’lka bo’lib, u Skandinaviya va Kola yarim orollaridan, Finlandiya va Kareliyadan tarkib topgan. Fenoskandiya o’lkasining katta qismini Yevropada eng yirik bo’lgan Skandinaviya yarim oroli tashkil etadi. O’lka hududi 71° va 55° sh.k. lar oralig’ida shimoli-sharqdan janubi-g’arbga tomon cho’zilgan, maydoni 1,5 mln km2, Fenoskandiya sohillarida orollar va arxipelaglar keng tarqalgan. Shulardan eng yiriklari janubi-sharqda Gotland, Eland va Bornxolm orollari hamda shimoli- g’arbdagi Vesterolen va Lofoten arxipelaglaridir. O’lkaning g’arbiy sohillarida ko’plab mayda orollar joylashgan bo’lib, shimoliy va shimoli-g’arbiy qirg’oqlari fordlar bilan kuchli parchalangan bo’lsa, shimoli-sharqiy qismidagi Kola yarim orolining qirg’oqlari esa aksincha kam parchalangan. O’lkaning qirg’oqlarini Atlantika okeanining Boltiq va Shimoliy dengizlari, Shimoliy Muz okeanining Norvegiya, Barens va Oq dengizlari o’rab turadi. Fenoskandiya o’lkasi hududi uchun tabiiy sharoitining qattiqligi, qadimgi kristall jinslarning keng tarqalganligi va ularning yer yuziga chiqib qolganligi, oxirgi materik muzligi izlarining yaxshi saqlanganligi, landshaft komplekslari tarkibida tayga o’rmon landshaftlarining va tog’ tundra landshaftlarining hukmronlik qilishi xarakterlidir. Skandinaviya tog’larining eng baland nuqtasi uning janubiy qismida joylashgan Yutinxeymen (Galxyopiggen, 2468 m) massivi bo’lib, butun Fenoskandiya o’lkasining eng baland nuqtasi hisoblanadi. Skandinaviya yarim orolining shimoliy chekka qismida tog’lar pasayib Finmarken (1000m) yassi tog’ligi bilan tugaydi. Yassi tog’likning o’rtacha balandligi 300-400 m ni tashkil etadi. Kola yarim orolida Xibin tog’i (1191 m), Lavozero tog’i (1120 m) joylashgan. Fenoskandiyaning g’arbiy qirg’oqlari kuchli parchalangan, uning asosiy sababi yangi tektonik harakatlar va materik muzliklarining ta’siridir. Daryolar ham o’z vodiylariga shu yoriqlarda asos solgan. Natijada Skandinaviya va Kola yarim orollari uchun xarakterli bo’lgan tor, uzun, tik yon bag’irli qo’ltiqlar - fordlar hosil bo’lgan. Eng yirik fordlar g’arbiy sohillarning janubiy qismida joylashgan Sochne-ford (220 km), Xardanger-ford (185 km), Tronxeyms-ford (180 km) va boshqalar. Fenoskandiya iqlim sharoitining xilma-xil bo’lishi uning shimoldan janubga, g’arbdan sharqqa tomon uzoq masofaga cho’zilganligiga, Skandinaviya tog’larini Atlantika okeanidan keladigan havo massalari harakatiga to’sqinlik qilishiga, Arktika havo massasining kirib kelishiga bog’liq. O’lkaning g’arbiy va janubiy qismlari bevosita g’arbdan keladigan havo massalari ta’sirida bo’ladi. Yanvarning o’rtacha harorati shimolda -4°S dan 00S gacha, janubida 0°S dan +2°S gacha bo’ladi. O’lkaning shimoliy qismida qish 6-7 oy davom etadi, havo sovuq, shimolda yanvarning o’rtacha harorati -14°-16°S, iyulning o’rtacha harorati +10°+12°S atrofida bo’lsa, janubi-sharqda +16°+17°S gacha ko’tariladi. Skandinaviya yarim orolining g’arbiy sohillarida 2000 mm yog’in yog’adi. Fenoskandiyaning rel’ef va iqlim sharoiti yer usti suvlarining keng tarqalishiga va sersuv bo’lishiga imkon yaratgan. Shuning uchun o’lka hududi daryolarga va ko’llarga juda boy, daryolari o’z suvini ko’llarga, dengizlarga hamda ko’rfazlarga quyiladi. Skandinaviyaning eng yirik daryosi bo’lgan Glomma (587 km), Finlyandiyadagi Kemiyoki daryosi (550 km) da yirik sharsharalari bor.
Fenoskandiya landshaftlarining xarakterli xususiyatlaridan biri, ko’llarning nihoyat darajada ko’pligidir. Finlyandiyada 60 mingga yaqin ko’l bo’lib, ko’llar ko’p bo’lganligi uchun ham uni “ko’llar o’lkasi” deb ataydi. Eng katta ko’llari Venern (5546 km2), Vettern (1900 km2), Sayma (1800 km2), Payyanne (1065 km2), Inari (1000 km2), Melaren, Yelmaren, Imandra, Pyaozero, Topozero, Vigozero, Segozerolar hisoblanadi. Skandinaviya tog’larida hozirgi zamon muzliklarining markazi joylashgan. Muzliklarning umumiy maydoni 5000 km2, ular Skandinaviya tog’larining g’arbiy polosasida, atmosfera yog’inlari ko’p yog’adigan massivlarda joylashgan bo’lib, uning maydoni 850 km2 ga yaqin. Qor chiziqlarining balandlik chegarasi janubda 1200 m ni, shimolda 400-500 m ni tashkil etadi. Vodiy muzliklari dengiz sathidan 100-200 m balandlikkacha tushib keladi.
Fenoskandiyaning o’simlik dunyosi xilma-xil. Ularning orasida igna bargli o’rmonlar hukmronlik qiladi. Igna barglilardan Yevropa yeli va oddiy qarag’ay ko’p tarqalgan. Tayga o’rmonlari uchun podzol, gleyli-podzol va botqoq tuproqlar xarakterli. Skandinaviya yarim orolining janubida igna bargli o’rmonlar aralash o’rmonlar bilan almashinadi. Aralash o’rmonlarda yel va qarag’aydan tashqari zarang, jo’ka, eman daraxtining bir necha turi o’sadi. O’rmonlar Fenoskandiya mamlakatlarining asosiy tabiiy boyligi hisoblanadi. Finlyandiyaning 75% maydoni, Shvesiyaning 50% maydoni, Kareliyaning katta qismi o’rmonlar bilan band.
Fenoskandiya hayvonot olamiga uncha boy emas. U yerda eng ko’p tarqalgan turlari o’rmonlarda yashaydigan hayvonlardir. Ularning ham juda katta qismi qirib tashlangan. Ayniqsa, yirtqich hayvonlar qo’ng’ir ayiqlar, bo’rilar va tulkilar butunlay yo’qolib ketish arafasida. O’rmonlarda olmaxon, asl zotli bug’u, kosulya, turli xil o’rmon qushlari - qarqurlar, chiplar, qurlar yashaydi.