«Yusuf va Zulayho» syujeti xalq orasida nihoyatda mashhurdir. Manbalarda Yusufni juda qadimiy ildizga ega ekanligi, u yahudiylarning qadimiy xudolaridan biri boʻlsa kerak degan qarashlar bayon etilgan. Sharqda «Yusuf va Zulayho» obrazlari bilan koʻplab afsona va rivoyatlar yaratilgan. Bu syujetning yana ham keng yoyilishida «Tavrot» va «Qur’oni karim»ning ham juda katta ta’siri boʻldi. Bu muqaddas diniy kitoblarda Yusuf bilan bogʻliq voqealar, suralar keltirilgan. Yozma adabiyotda «Yusuf va Zulayho» syujeti ancha ilgari davrlardan boshlab yoritila boshlandi. Abul Muayyad Balxiy, Baxtiyoriy degan shoirlarning bu syujet asosida asar yozgan degan ma’lumotlar mavjud. Lekin ularning asarlari bizgacha saqlanib qolmagan.
Firdavsiy ham «Yusuf va Zulayho» dostonini yaratadi. XI asrda Shahobiddin Am’aq Buxoriy ham «Yusuf va Zulayho» dostonini yozgan. Ammo u ham bizga noma’lum boʻlib qolmoqda. 1233 yilda Ali degan shoir turkiy, ya’ni oʻgʻuz tilida
«Qissai Yusuf» dostonini yozadi. Bu mavzuda turkiy tilda Shoyyod Hamza ham asar yozgan. 1310 yil Rabgʻuziy ham «Qisai Rabgʻuziy» asarida «Yusuf va Zulayho» syujetiga murojaat etadi.
1409 yilda Balxda Durbek «Yusuf va Zulayho» dostonini yozdi. Durbek nomi 1920 yillargacha ilmiy adabiyotda ma’lum emas edi. Uning «Yusuf va Zulayho» dostonining qoʻlyozmasi topilgach, shoir adabiyotshunoslar diqqatini jalb etadi. U haqda ilmiy ishlarda umumiy ma’lumotlar berildi. Asardan parchalar bosildi. Durbek 1930-40- yillardan boshlab darsliklardan ma’lum darajada oʻrin ola boshlaydi. Shoir ijodini oʻrganishda sharqshunos Bertels ancha ishlarni amalga oshirdi. Keyingi yillarda ilmiy jamoatchilik orasida «Yusuf va Zulayho»ning muallifi Durbek emas, Ulugʻbek, Homidiy Balxiy degan fikrlar maydonga kela boshladi. Yaqinda chop etilgan oʻrta maktab darsliklarida esa «Yusuf va Zulayho» dostoni muallifi noma’lum asarlar sifatida berildi. Koʻzga koʻringan adabiyotshunos olimlar Bertels, Hodi Zaripov, F.Shamsiev, Oybek, M.Shayxzoda, O.Sharofiddinov, V.Zohidov, I.Sulton, H.Yoqubov, F.Karimov, A.Qayumov, A.Hayitmetov, N.Mallaev, S.Haydarov va boshqalar «Yusuf va Zulayho»ning muallifi Durbek deb ta’kidlaydilar.
Durbekning hayoti va faoliyati haqidagi materiallar uning yagona dostoni «Yusuf va Zulayho» orqali yetib kelgan. Asar 1409 yil Balxda yozilgan. Uning ismi, ijtimoiy kelib chiqishi va boshqalar haqidagi ma’lumotlar yoʻq. Balx qamalining guvohi boʻlgan. Bu erdagi voqealarni kuzatgan. Bu erda koʻp kitob mutolaa qilganligini, forsiy tildagi «Yusuf va Zulayho» asarlarini oʻqiganligini va turkiy tilda asar yozish niyati tugʻilganini ta’kidlaydi. Dostonda XIV asr oxiri-XV asr boshlarida yuz bergan tarixiy hodisalar Yusuf va Zulayhoning romantik sarguzashtlari orqali tasvirlanadi. Asarda hayotiy, insoniy goʻzallik, dunyoviy va diniy ishq-muhabbatning tasviri, halollik va toʻgʻrilik kabi mavzular yoritiladi. Asardagi ijobiy qahramonlar oʻzining xarakteri, ruhiyati, oʻziga xos xususiyatlari bilan ajralib turadi.