XV ASRDA HIROT ADABIY MUHITI (MAVLONO LUTFIY VA HUSAYNIY IJODI)
Lutfiyshunoslik tarixiga bir nazar, shoir shaxsiyatiga oid ma’lumotlar. O’zbek mumtoz adabiyoti tarixida “malik ul-kalom” faxriy unvoni bilan e`zozlangan shoir mavlono Lutfiydir. Mavlono Lutfiy hayoti va ijodini o’rganish tarixi XV asrdan Alisher Navoiydan boshlandi. Alisher Navoiy "Majolis un-nafois", "Nasoyim ul-muhabbat" tazkiralarida mavlono Lutfiy haqida birinchi va hozirgacha ishonchli ma`lumotlarni bayon etgan bo’lsa, "Holoti Pahlavon Muhammad", "Muhokamat ul-lug’atayn", "Badoe` ul-bidoya" devoniga yozilgan debochalarda mavlono Lutfiy, she`rlari turli munosabat bilan tilga olingan. Alisher Navoiyning "Mavlono Lutfiy… o’z zamonining malik ul-kalomi erdi. Forsiy va turkiyda naziri (o’xshashi, tengi) yo’q erdi, ammo turkiyda shuhrati ko’prak erdi",- deb yozganida mavlono Lutfiyning o’zbek adabiyotida tutgan buyuk martabasini shunday ixcham va go’zal tarzda bayon etganki, u hozirgacha eng yuksak ta`rif sifatida ma`lum va mashhurdir. Xondamirning "Makorim ul-axloq"ida ham Navoiyning "Orazing yopqoch ko’zumdin sochilur har lahza yosh" misrasi bilan boshlanadigan g’azali tarixi bilan bog’liq bir lavha keltirilganki, unda ham Mavlono Lutfiy shaxsiyatiga alohida e’tibor qaratiladi. XVI-XIX asrlarda Muhammad Haydar mirzoning “Tarixi Rashidiy”, Abdulloh Kobuliyning "Tazkirat ut-tavorix", Vola Dog’istoniyning "Riyoz ush-shuaro" kabi asarlarida ham mavlono Lutfiyga doir ma`lumotlar bor. XX asrda esa Charlz Riyo, E.Birnbaum, V.Bartold, A.Samoylovich kabi g’arb olimlari, turk adabiotshunoslari Zaki Validiy, Ismoyil Hikmat, Kamol Eraslan ham bu sohada maqola va risolalarni e`lon qildilar. O’zbek adabiyotshunosligida A.Fitrat, Hodi Zarif, E.Rustamov, S.Erkinov, E.Ahmadxo’jaev, B.Valixo’jayevlarning tadqiqotlari, shoir asarlarini nashr ettirganlari ma`lum. Lutfiyshunoslik ta`rixi ancha boy bo’lsa-da, ammo aniqlanishi lozim bo’lgan talay muammolar ham (tarjimai holi, merosiga doir) bor. Bu muammolarning ayrimlari 2010-yilda SamDUda “Mavlono Lutfiy va davr adabiy muhiti muammolari” mavzuida o’tkazilgan respublika ilmiy konferensiyasida ham tilga olindi.26