13.3.2. To’rtlik shaklidagi she’rlar. Mavlono Lutfiy she`riyatida g’azal janri bilan bir qatorda ruboiy, qit`a, tuyuq, fardlar ham mavjud. Ularning hammasida ham ishq mavzusi yetakchi bo’lib, bu mavzuning turli qirralari badiiy tasvir vositalaridan lutfiyona foydalanish asosida yoritilgan. Natijada, nihoyatda ravon, o’ynoqi to’rtliklar maydonga kelgan. Jumladan,
Ruboiy: Gar sayr uchun ul mahi tobon chiqadur,
Qo’l solib, etak yig’ib, xiromon chiqadur.
Chun jilva qilib nogahon boqsa qiyo,
Har bir boqishiga yuz suchuk jon chiqadur
To’rtlik: Ko’nglum olding g’amzai fatton ila,
Eshigingda qul bo’lubmen jon ila.
Bizni, ey g’uncha og’izlik, to bakay,
Yig’latursen ul labi xandon ila.
Tuyuq: Ko’z yoshim tuproq ila gar qotila,
Kelmagaymen javridin haqqo tila.
G’amzasi o’lturdi-yu ul bexabar,
Men agar o’lsam ne g’am ul qotila.
Tuyuqda shaklan o’xshash, ammo ma`nosi boshqa bo’lgan "qotila" tajnis -omonimni hamda qofiyani maydonga keltirgan.
Biroq shu o’rinda ta’kidlash joizki, Lutfiyning to’rt misrali she’rlari (ruboiy, tuyuq, qit’a) mavjud nashrlarda noto’g’ri tasnif etilgan. Ruboiy va tuyuq janrlarining asosiy xususiyati vazn bo’lganligini e’tiborga olgan holda, Lutfiyning "Sensan sevarim" kitobiga kiritilgan to’rtlik shaklidagi 72 ta she`ri Boburning “Muxtasar” asarida berilgan tasnifga ko’ra quyidagi janrlarga bo’linishi lozim:
1. Ruboiylar 2 ta;
2. Uch tajnisli tuyuqlar 20 ta;
3. Ikki tajnisli tuyuqlar 8 ta;
4. Tajnissiz, uch qofiyali tuyuqlar 37 ta;
5. Tajnissiz, ikki qofiyali tuyuqlar 5 ta.27 Mavlono Lutfiyning go’zal she`riyati uning Movarounnahr va Xurosonda ham turkiygo’ylar ham forsiygo’ylar orasida malik ul-kalom tarzida shuhrat qozonishiga sabab bo’lgan edi. Mavlono Lutfiy Alisher Navoiy va Abdurahmon Jomiylarning cheksiz hurmatiga sazovor bo’lgan edi. Mavlono Lutfiy she`rlariga tatabbu` qilish, o’xshatma yozish, muxammaslar bog’lash an`anasi Alisher Navoiydan boshlanib, Sulton Husayn Boyqaro-Husayniy, ozarboyjon shoiri Muhammad Fuzuliy, o’zbek shoirlari Roqim, Amiriy, Ado, Tabibiy va boshqalar tomonidan davom ettirildi.
Shunday qilib, Mavlono Lutfiy o’zining uzoq umri davomida yaratgan ajoyib she`rlari bilan o’zbek adabiyoti, xususan, she`riyati xazinasini lutfiyona nodir durdonalar bilan boyitib, malik ul-kalom, turkiy nazmning sehrgari tarzida ardoqlandi.