Sadr – (arabcha – rais). Aruz vaznida baytdagi ruknlardan birining maxsus nomi. Birinchi misraning birinchi rukni.
Sandrush – munozara (DLT, “Qish va yoz” munozarasi),
San`at – (arabcha sun` (ﺼﻧﻊ) o`zagidan, yaratmoq degan ma`noni ifodalaydi). “Alisher Navoiy asarlari tilining izohli lug’ati”da hunar, kasb, ustalik, mohirlik ma`nolarida sharhlangan "San`at" so`zi Navoiy asarlarida, shuningdek, san`atgar, san`atgariy, san`atnamoy, san`atoyin, san`atsoz, san`atfosh kabi lug’aviy va grammatik shakllarda ham qo`llangan. "Farhangi zaboni tojiki" kitobida "san`at" so`zining quyidagi ma`nolari ham sharhlangan:
- takalluf dar suxan, suxanoroyi, hunarnamoyi dar nazmu nasr.
Mazmuni: so`zda lutf (go`zallik, nozik ma`no) yaratish, nasr va nazmda so`zni mahorat bilan qo`llash, hunar ko`rsatish.
"San`at" so`zi zamonaviy adabiyotshunoslik atamasi sifatida "...voqelikni obrazlar va yorqin manzaralar orqali badiiy ifodalashdan iborat" hodisani ifodalaydi.
Sari’ - Aruz tizimidagi bahrlardan birining nomi. Sari’ bahri Mustaf’ilun Mustaf’ilun Maf’uvlotu ruknlarining takrorlanishidan hosil bo’ladi. Bu bahrning Sari`i musaddasi matviyi makshuf (Mufta`ilun mufta`ilun fo`ilun) shakli dostonchilikda qo’llanadi. Nizomiyning "Maxzan ul-asror" dostoni tufayli bu bahr xamsanavislikdagi dastlabki doston vazni sifatida qat`iy maqomga ega bo'ldi. "Matla` ul-anvor" (Amir Xusrav), "Tuhfat ul-Ahror" (Jomiy) va "Hayrat ul-abror" (Navoiy) dostonlari ham shu vaznda. Turkiy adabiyotda yaratilgan mashhur dostonlardan Mavlono Haydar Xorazmiyning "Maxzan ul-asror" hamda Durbekning "Yusuf va Zulayho"si shu bahrda yaratilgan. Mazkur vazn falsafiy-didaktik mavzularni ifodalash uchun qulay deb hisoblanadi.
Segona ilm ("uchlik ilm") – Qadimda filologiyaga oid ilmlar uchligi. Bular "Ilmi aruz" (aruz vazni qonuniyatlari va shakllari haqidagi ilm), "ilmi qofiya" (qofiya va uning turlari, qofiya tarkibi haqidagi ilm) hamda "ilmi bade`" (she`riy san`atlar haqidagi ilm).
Soqiynoma – Sharq she’riyatidagi janrlardan biri. Soqiynoma ham tarje’band, tarkibband singari bir necha bandlardan tashkil topadi. Har bir band masnaviy kabi qofiyalanadi. Soqiynoma aksar soqiyga murojaat bilan boshlanuvchi falsafiy mazmundagi she’r.