Mavzuning o’rganilish darajasi O’zbek va rus adabiyotshunosligida Yu.Prokushev, A.Rasulov, B.Rahmonov, D.Quvvatova1 singari olimlarning tadqiqotlarida Sergey Yesenin she’riyatining o’ziga xos xususiyatlari, mavzu mundarijasi, o’zbek she’riyatiga ta’siri masalalari yoritilgan. Xususan, Yeseninshunos Yu.Prokushevning bu yo’nalishdagi ishlari katta salmoqqa ega. Uning shoir asarlari ikki tomligiga yozgan so’zboshi xarakteridagi yirik maqolasi bu borada ko’p material beradi. O’zbek adabiyotshunosligida Yesenin ijodini o’rganish bilan maxsus shug`ullangan olim Bahodir Rahmonovdir. Uning qator maqolalari, “Muqaddasdir shoir degan nom” nomli risolasi, “Vafo qismati” nomli monografiyasi mulohazalarimizni tasdiqlaydi. Ushbu mo’jaz tadqiqotimizda S.Yesenin ijodi bo’yicha bajarilgan tadqiqotlarga tayangan holda uning o’zbek she’riyatiga ijodiy ta’siri masalasini o’rganishga harakat qilamiz.