Nazorat savollari: 1. Bolalarni operatsiyaga tayyorlashni asosiy qoidalarini ayting?
2. Chaqaloqlarni operatsiyaga tayyorlashni o’ziga xos hususiyatlari?
5. Xantal qo’yish texnikasi.
6. Isitkichni qo’llash texnikasi.
7. Kompress qo’llash texnikasi.
8. Isituvchi kompress qo’llash texnikasi.
4.13. Hayajonlanish, qo’rquv, siqilish, shok kabi bemorlarni psixologik holatlarida shifokorning tutgan o’rni Har bir kasallik inson psixologik holatini o’zgartirishi mumkin. Bunda kasallikka qarshi javob reaksiyasi kasallik xarakteriga va insonnning individual-psixologik holatiga ham bog’liq. Zamonaviy tibbiyotda psixosomatik holat shunday belgilanganki, har bir somatik (tanaga yetkazilgan) buzilishlar yoki surunkali kasalliklar fenomen yoki organizmni reaksiyasi (himoya, kompensator, patologik) hisoblanadi, ya’ni psixik va somatik holatni bir-biriga yaqin bog’liqligi bo’lgan bir butun sistema osti holatidir. Ushbu sistema osti holatlar va atrof-muhitni bir-biriga ta’siri natijasida ma’lum ko’p faktorli mexanizm ishga tushadi va qandaydir organizmda buzilishlarni keltirib chiqaradi. Bunda kasallikni kelib chiqishida negativ psixosotsial faktorlar ahamiyat kasb etib, ularni bartaraf etish yoki kamaytirish tez tuzalishga yordam beradi.
Kasallikni shaxsga patogen ta’siri shundaki, massiv va uzoq davom etuvchi og’riqli intoksikatsiya, modda almashinuvini buzilishi, holdan toyish va umumiy astenizatsiya psixik jarayonlarni buzilishiga, bemorni aktivligi va operatsion-texnik qobiliyatini pasayishiga olib keladi. Klinikada ko’proq somatogen va psixogen buzilishlari, gipertonik kasalligi, yurak ishemik kasalligi, oshqozon va 12 b. i. yara kasalligi bor bemorlar bilan ish olib borishga to’g’ri keladi.
Ko’proq tarqalgan nevrozsimon sindromlar quyidagilardir:
Vegetativ buzilish sindromi ko’p hollarda o’tib ketuvchi vegetativ krizlar – puls tezlashishi, yurak sohasida og’riq va nohush his, bosh og’rig’i, og’iz qurishi arterial qon bosimi oshishi, qo’l va oyoqlar uvishishi va sovuq qotishi, qaltirash holida namoyon bo’ladi. Shuningdek bemorlar yurak “to’xtab qolishi” va og’riq hissini, noto’g’ri urishini sezadilar, ko’krak qafasini kimdir bosib turganga o’xshaydi, bosh aylanadi, qo’rquv va bezovtalik bo’ladi. Ba’zan ushbu krizlar “vahima xuruji” deb baholanadi.
Astenik sindrom. Klinik jihatdan quyidagicha namoyon bo’ladi: ko’p charchash, mehnat faoliyatini susayishi, xotira va diqqatni pasayishi, yuqori qo’zg’aluvchanlik, ta’sirchanlik oshishi, emotsianal va kayfiyat o’zgaruvchanligi. Bu holatdagi bemorlarga shoshqaloqlik va kutishni yoqtirmaslik, tashqi sensor ta’sirlarga yuqori sezuvchanlik xos bo’ladi. Astenik sindromga uyquni buzilishi, uxlay olmaslik, tunda ko’p uyg’onib ketish xosdir.
Fobiya sindromi. Nevrotik fobiyalar qo’rquvni “shilqim” g’oya shaklida o’rnashib olishidir.
Ipoxondriya – o’z holatiga noadekvat yondoshuv bo’lib, sog’lig’i yomonlashishidan o’ta darajada qo’rqish, sog’liq to’g’risida gap ochilsa diqqat bilan tinglash, o’zida yo’q kasalliklarni ham bor deb gumon qilish holatidir. Asosan bu patologik holat hisoblanib, psixologik korreksiya va psixologik suhbatlarni talab etadi.
Har xil darajadagi depressiv buzilishlar ham katta ahamiyatga ega. Bunday holatda o’z joniga qasd qilish fikri paydo bo’ladi, attoki amalda qo’llashga harakat bo’ladi. Yurak dekompensatsiyalangan yetishmovchiligida, jigar sirrozi va uremiyada ham o’tkir psixik holatni buzilishlari ro’y berishi mumkin. Psixik holatni buzilishi tana haroratini ko’tarilishi bilan kechuvchi boshqa somatik kasalliklarda, yuqumli kasalliklarda (ko’proq gripp) kuzatilishi mumkin. Bemorlar atrof-muhitga oriyentatsiya qila olishmaydi, savollarga qiyinchilik bilan yoki kuttirib javob berishadi, ba’zan nutq va harakatni buzilishi (psixomotor qo’zg’alish yoki stupor) kuzatiladi.
Tibbiyot xodimi shuni bilish kerakki, qo’shimcha hayajonlanish va bezovtalik bor bo’lgan nevrotik va nevrozsimon simptomlarni kuchaytirish mumkin. Har doim davo jarayonida psixik va somatik holatni bir-biriga uzviy bog’liqligini unutmaslik lozim.
Bolalar orasida bo’lgan tibbiyot xodimlari har doim bemorlarning psixologik xususiyatlarini, his qilishlarini, hissiyotlarini inobatga olishlari lozim. Bolalarni holatini yaxshiroq tushunish uchun bolani shaxsiy psixologik holatini bilishdan tashqari oiladagi sharoitni, ota-onasini sotsial kelib chiqishini, mansabini ham bilish lozim. Bularni hammasi bemor bolani kasalxonada to’g’ri parvarishlash va davo natijasini yaxshilashga yordam beradi.
Bola bilan muloqot qilganda his qilish katta ahamiyatga ega, ya’ni bemorning qayg’usini tushunishga harakat qilish. Shoshmasdan bola bilan suhbatlashish qayg’udan ustun turuvchi shaxsiy xususiyatlarni aniqlashga olib keladi va to’g’ri tashxis qo’yishda yordam beradi. Nafaqat bolani shikoyatini majburlikdan eshitish kerak, balki eshitgan gaplariga yaxshi e’tibor berib yondashishi lozim. Tibbiyot xodimini iliq munosabatini ko’rib bemor tinchlanadi, shifokor esa bola to’g’risida qo’shimcha ma’lumotga ega bo’ladi. Agarda buni teskarisi bo’lsa, ya’ni yuqori va qattiq tonda muomala qilish, mensimay gaplashish bemor va tibbiyot xodimi o’rtasida iliq munosabatlar yuzaga kelishiga to’sqinlik qiladi.
Tibbiyot xodimi bolalarga ota-onasi yo’qligini bildirmay, ularni o’rnini bosishi lozim. Asosan 5 yoshgacha bo’lgan bolalar ota-onasi yonida yo’qligini qiyin qabul qiladi. SHunga qaramay ular yangi sharoitga tezda moslashadi va tinchlanadi. Bunday hollarda ota-onani tez-tez kasalxonaga kelishi bola psixikasini shikastlanishiga olib kelishi mumkin. Adaptatsiya davrida (3-5 kun) ota-onalarni tez-tez kelishiga yo’l qo’ymaslik kerak. Bu davrdan keyin ota-onalar va bemor yaqinlari bolani ko’rishga biror bir ish sababli kela olishmasa hamshira ularga xat yozishlarini, narsalar berib yuborishlarini maslahat berishi lozim.
Kasalxonada bolani uy sharoitiga o’hshash yaxshi psixologik sharoitni (o’yinlar o’ynash, televizor ko’rish va h.o) yaratishda tibbiyot xodimi katta rol o’ynaydi. Toza havoda sayr qilish bolalarni yaqinlashtiradi, hamshirani yaxshi muomalasi esa bolalarni yangi sharitga moslashishini osonlashtiradi.
Kasalxona kollektivi orasida yaxshi munosabat o’rnatish, ahil bo’lish, ishni yaxshi olib borish bolalarni parvarishlash va davolashda yuqori natijalarga olib keladi. Kollektivda har bir ishchi o’z vazifasiga ega bo’ladi. Post hamshirasi kun tartibiga qat’iy rioya qilishi, shifokor ko’rsatmalarini to’g’ri bajarish, kichik tibbiyot xodimi esa palatalarni tozazalash, bolalarni toza tutishi loxim. Hamshira bolalar orasida bo’lar va ularni kuzatar ekan, bolaning shaxsiy xususiyatlarini ko’rish, o’zaro muloqotlari xarakterini kuzatishi lozim. Bunday hamshira shifokorga yaxshi yordamchi bo’ladi, chunki u kasalxonada sog’lom muhitni paydo bo’lishida katta rol o’ynaydi.
Psixologik muammolarga operatsiyadan oldingi qo’rquv kiradi. Bemor operatsiyani o’zidan, u bilan bog’liq siqilishlardan, og’riq, operatsiya asoratlaridan qo’rqadi, operatsiyaning effektivligiga ishonch hosil qilmaydi. Hamshira bemorni kuzatishlari natijasidan shifokorni ogoh etishi, u bilan birga psixoterapevtik ta’sir qilish taktikasini ishlab chiqishi lozim. Operatsiya bo’lgan bemorlar bilan gaplashib endi operatsiya bo’ladigan bemorlarga operatsiya to’g’risida qo’rquvli gaplarni gapirishlarini oldini olish lozim. Operatsiyaga tayyorlash jarayonida bemor bilan yaxshi psixologik munosabat o’rnatish, u bilan suhbatda qo’rquv xarakterini va operatsiyadan nimaga qo’rqishini bilish lozim, bemorni tinchlantirish, keyingi davo muolajalariga munosabatini o’zgartirishga harakat qilish lozim. Ko’pchilik bemorlar narkozdan qo’rqishadi, umuman turmay qolaman, hushimni yo’qotaman, sirlarimni gapiraman va h.o. deb o’ylashadi.
Operatsiyadan keyin ham bir qancha muammolar yuzaga keladi. Operatsiyadan keyingi asoratlar yuzaga kelgan ba’zi bir bemorlarda har xil psixik buzilishlar kelib chiqishi mumkin. Xirurgik aralashuv va majburiy yotoq holati turli nevrotik va nevrozsimon buzilishlarni chaqirishi mumkin. Ba’zan operatsiyadan keyingi 2-3 kuni bemorlarda injiqlik, qo’zg’aluvchanlik paydo bo’ladi. Operatsiyadan keyingi asteniyada, ayniqsa asoratlar yuzaga kelganda o’tkir depressiv holatlar yuzaga kelishi mumkin. Qari, katta yoshli kishilarda operatsiyadan keyingi davrda o’tib ketuvchi galyutsinator va vahima holatlari rivojlanishi mumkin. Yomon sifatli o’sma bilan operatsiya bo’lgan bemorlar bilan muloqot qilish qiyin bo’ladi. Ular keyingi hayoti haqida qayg’urishadi, ko’p savollar berishadi. Ular bilan suhbatlashganda juda ehtiyot bo’lish lozim. Bemorlarni operatsiya yaxshi chiqqaniga, kelajakda ularga hech narsa xavf solmayotganini tushuntirish lozim. Ularni doimo mutaxassislar nazoratida bo’lishi, doimiy profilaktik davo olishlari kasallikni qaytalanishini oldini oladi. Bunaqa bemorlar bilan har kuni psixoterapevtik suhbatlar olib borish lozim.
Ota-onalar, asosan ona bolasi kasalini og’ir qabul qilishadi. Buni tushunsa bo’ladi, sababi: og’ir kasallangan bemor onasi ma’lum bir darajada psixik shikastlangan bo’ladi va uning reaksiyasi noadekvat bo’lishi mumkin, chunki “onalik instinkti” juda yaxshi rivojlangan bo’ladi. Shu sababli ham tibbiyot xodimlari tomonidan onalarga individual yondashish lozim. Ayniqsa kasalxonada og’ir bemorga qarab yotgan onalarga alohida e’tibor berish lozim. Ayolni nafaqat yaxshi so’z bilan tinchlantirish, balki uni dam olishi va ovqatlanishiga sharoit qilib berish, bolasi “yaxshi qo’llarda” ekanligiga va to’g’ri davo olayotganiga ishontirish lozim. Ona shifokor va hamshira tomonidan bajarilayotgan muolajalar kerakli va to’g’riligini tushunishi lozim. Kerak bo’lganda onani ba’zi bir muolajalarni qilishga o’rgatish mumkin, masalan ineksiya qilish, ingalyatsiya qilish va h.o.
Ko’pchilik ota-onalar tibbiyot xodimiga ishonch, yaxshi muomala bilan yondashishadi, ularning og’ir mehnatlariga rahmatlar aytishadi. Lekin ba’zan “og’ir f’elli” ota-onalar ham uchraydiki, o’zining qo’polligi, yomon hulqi bilan tibbiyot xodimlarini bolasiga alohida e’tibor berishlarini talab qilishadi. Bunday ota-oanalar bilan tibbiyot xodimi ichki va tashqi bosiqlik bilan javob qilishalri lozim va bu holat bolaning yomon tarbiyasiga yaxshi ta’sir qiladi.
Tibbiyot xodimlariini bolani ko’rish va narsa (ovqat) olib kelish vaqtida ota-ona va bemor yaqinlari bilan suhbati katta ahamiyatga ega. Ish ko’pligiga qaramay shifokor hamma savollarga shoshmasdan javob berishga vaqt topishi lozim. Ota-ona bolasini tashxisini bilishda, davo muolajalarini to’g’riligini aniqlashtirayotganda ba’zi bir qiyinchiliklar yuzaga kelishi mumkin. Bunday holatlarda hamshira bemor yaqinlari bilan suhbatda o’z kompetensiyasidan tashqariga chiqmasligi lozim. U kasallik simptomlari va kasallikning kutilayotgan natijalari to’g’risida gapirishga haqli emas. Hamshira kechirim so’rab ma’lumotlardan to’liq xabardor emasligi aytishi va bemor yaqinlarini davolovchi shifokorga yoki bo’lim mudiriga yuborishi lozim.
Ota-onalar so’ziga ko’pam quloq solmaslik lozim, ularning noto’g’ri talablarini bajarish kerak emas, masalan ineksiyani to’xtatish, rejim va dietani o’zgartirish va h.o. talablarni shifokor asossiz bajarmasligi lozim. Bunday holat faqat bemorga yomonlik olib keladi va tibbiyotning insoniylik prinsiplariga va professionallikka to’g’ri kelmaydi. Bolalar bo’limida tibbiyot xodimlari ota-onalar bilan muloqoti har doim emotsianal shaklda, uzviy aloqa holida va tez-tez bo’ladi. Tibbiyot xodimini bemor ota-onasi va yaqinlari bilan to’g’ri muloqoti tibbiyot xodimi – bemor bola – ota-ona orasidagi psixologik teng muvozanatlikni shakllantiradi.